19:30 / 26.01.2024
706

Abbosbek Fayzullayev darrov o‘zini ko‘rsatdi

Abbosbek Fayzullayev darrov o‘zini ko‘rsatdi

Moskvaning SSKA klubida tarbiya topgan iqtidorli futbolchilar Nikita Yermakov championat.com saytiga bergan intervyusi davomida “armiyachilar”ning Markaziy Osiyodan kelgan legionerlari Baxtiyor Zaynutdinov va Abbosbek Fayzullayevning o‘zaro munosabatlari haqida gapirdi.

– Baxtiyor Zaynutdinov Yevropani zabt etish uchun jamoani tark etdi. Uni jamoaning “yuragi” deyishardi. Baxtiyor bilan qanday xayrlashildi?

– Zaynutdinov bizga minnatdorlik so‘zlarini aytdi, xuddi xayrlashuv videosida bo‘lgani kabi. Butun jamoa bo‘lib unga faoliyatining yangi bosqichi muvaffaqiyatli bo‘lishini tiladik. Baxtiyor haqiqatan jamoaning “yuragi”ga aylanib qolgandi.

– Abbosbek Fayzullayev endigina SSKAga kelganida Baxtiyor uni o‘z qaramog‘iga olishini aytgandi. Shunday bo‘ldimi?

– Ha, lekin Baxtiyor tez orada ketib qoldi, ular birga juda kam bo‘lishdi. Lekin Zaynutdinov jamoadaligida Abbosga yordam bergandi. Ularning munosabati juda iliq edi.

–  Fayzullayev mavsumning birinchi qismida haqiqiy kashfiyot bo‘ldi...

– Abbosbek juda zo‘r futbolchi. Dastlabki mashg‘ulotlardayoq darrov texnikasi zo‘r ekanini namoyish qildi. Ko‘rib turganimizdek, SSKAda uning qirralari tez ochildi.

Ta’kidlash joizki, Baxtiyor Zaynutdinov qozog‘istonlik etnik o‘zbeklardan. “Taraz” jamoasi tarbiyalanuvchisi bo‘lgan iste’dodli fubolchi Qozog‘istonda “Astana” klubi sharafini ham himoya qilgan.

Zaynutdinov 2019 yilning  boshida Rossiya Premer-ligasi vakili “Rostov”ga ko‘chib o‘tdi. Bu jamoada Baxtiyor o‘zbekistonlik legioner Eldor Shomurodov bilan birga to‘p tepdi.

2020 yilgi yangi mavsum oldidan markaziy osiyolik har ikki futbolchi faoliyatida jiddiy o‘zgarish bo‘ldi. Zaynutdinov Rossiyaning kuchli jamoalaridan SSKA taklifini qabul qildi. Shomurodov esa, kuchli beshlik chempionatlaridan biri – A Seriyaga, Italiyaning eng qadimiy jamoasi “Jenoa”ga yo‘l oldi.

O‘tgan yili avgust oyida SSKA jamoasi “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi Abbosbek Fayzullayevni transfer qildi. O‘sha paytda 19 yosh bo‘lgan Abbosning yangi jamoa, katta shahar, boshqa muhitga moslashishida Baxtiyorning yordami katta bo‘ldi.

Bir necha kundan so‘ng, Zaynutdinov Turkiyaning “Beshiktosh” jamoasiga ko‘chib o‘tdi. Baxtiyor hozir Markaziy Osiyo vakillari orasida eng qimmatbaho futbolchi hisoblanadi. Transfermarkt portali 25 yoshli himoyachini 6 million yevroga baholagan.

Undan keyingi o‘rinlarni transfer summasi 14 milliondan 5 million yevroga tushib qolgan Eldor Shomurodov va narxi 4 million yevroga ko‘tarilgan Abbosbek Fayzullayev egallab turibdi.

Abbosbek Fayzullayev esa, qisqa fursatda SSKAning yangi yetakchisiga aylandi. Hujumkor futbolchisiz “armiyachilar” safida Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogi musobaqalarida jami 18 ta uchrashuvda qatnashib, ikkita gol va to‘qqizta assist muallifi bo‘ldi.

Ayni paytda Fayzullayev O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida Qatar mezbonlik qilayotgan Osiyo kubogida ishtirok etmoqda. 20 yoshli o‘yinchi ushbu musobaqada terma jamoamizning birinchi goliga mualliflik qildi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abbosbek Fayzullayev darrov o‘zini ko‘rsatdi