11:30 / 28.01.2024
142

Ro‘ziqul Berdiyev: "Darajamizni yuqoriga olib chiqdik. Endi yanada yuqoriga qarab yurishni istaymiz"

Ro‘ziqul Berdiyev: "Darajamizni yuqoriga olib chiqdik. Endi yanada yuqoriga qarab yurishni istaymiz"
Osiyo Kubogidagi tanaffusdan foydalanib Superliga klublarining tayyorgarlik jarayonlari bilan qiziqdik. "Nasaf" va "Navbahor" jamoalari mavsumni barchadan ertaroq boshlaydi. 14 fevral kunida OCHLning pley-off bosqichi uchrashuvlari boshlanishidan xabaringiz bor.

Unga ko‘ra, "Nasaf" 14 fevral kuni Qarshida "Al Ayn"ni qabul qiladi. Mavsumning ilk rasmiy o‘yiniga vaqt tobora oz qolmoqda. "Ajdarlar"ning Antaliyadagi tayyorgarligi va tarkibdagi o‘zgarishlar haqida jamoa bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyevga yuzlandik.

- OCHL pley-off bosqichidan o‘rin olgan o‘yinga va umuman yangi mavsumga taraddud qanday ketyapti? Ko‘nglingiz to‘lyaptimi?
- Qaysi sanada o‘ynashimizga qarab tayyorgarlik rejasini tuzib chiqdik. Barchasi rejamiz asosida ketmoqda. O‘n oltinchi kun Antaliyadamiz. Mashg‘ulotlar, nazorat uchrashuvlari o‘tkazmoqdamiz. Hozirgacha 7ta o‘yin o‘tkazdik. Bu o‘yinlarda eng muhimi yigitlarning jismoniy holati va o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi. Ko‘proq o‘yin o‘tkazayotganimizni sababi ham shunda. Bugun ham birozdan so‘ng navbatdagi nazorat uchrashuvida maydonga tushamiz. Oxirgi uchrashuvimizni 30 yanvar kuni "Vorskla"ga qarshi o‘tkazamiz. Keyin futbolchilarga 4 kun hordiq chiqarish imkonini beramiz va Qarshida tayyorgarlikni davom ettiramiz. Oldimizda OCHL uchrashuvi bor. Shu bois imkon qadar yanada yaxshiroq hozirlik ko‘ramiz. Tarkibimiz to‘liq emas, terma jamoada o‘yinchilarimiz bor. Sharoitlar yaxshi, mashg‘ulotlar, o‘yinlarda o‘zgarish bo‘lgani yo‘q.

- Hozirgacha klub Islom Kenjaboyev, Viktor Da Silva, Zoran Marushich, Temur Chogadze, Igor Golban kabi futbolchilar bilan shartnoma imzoladi. Ularni tarkibga jalb qilishda ko‘proq qaysi omillar hisobga olindi?
- Seleksiya ishlariga kelsak, muammoli chiziqlarimizdan hujumni kuchaytirish uchun ularni jalb qildik. Yana bir jihatga e’tibor qildikki, har bir pozitsiya bo‘yicha futbolchilarning saviyasini inobatga oldik. O‘ylaymanki, bu yigitlarning jamoamizga foydasi tegadi va tez kirishib ketishadi. Bizning talablarimizni tezroq tushunib olishadi.

- Odatda har yili "Nasaf"da tarkib bilan bog‘liq muammolar, deylik tajriba yetishmasligi, zahiraning kamligi pand beradi. Bu yil esa tarkibni kuchaytira olyapti. Oldinda butun boshli mavsum turganini hisobga olganda bu muammo o‘z yechimini topdimi?
- Tarkibimizda raqobatni kuchaytirishimiz kerak. Xoh u tajribali, xoh u yosh futbolchi bo‘lsin, har bir pozitsiyada raqobatni kuchaytirishga harakat qilamiz. Sog‘lom raqobat muhiti bo‘lishi zarur. Mavsum davomida ko‘p musobaqalarda qatnashamiz. Buning uchun 2ta tarkib shakllantirishimiz kerak bo‘ladi. Qayerdadir yosh futbolchilarga e’tibor qaratamiz. Ular ham tajribasini oshirib borishi lozim. Hujum chizig‘i haqida o‘ylayapmiz. Himoyani ham unutib qo‘yganimiz yo‘q, chunki o‘tgan mavsum yakunlangach 2 nafar markaziy himoyachimiz bilan xayrlashdik. Bu chiziqni ham o‘ylayapmiz.

- Viktor da Silva jamoaga tez kirishib ketgan ko‘rinadi...
- Silvaning mahoratiga va bizning o‘yinimizga mos kelishiga ishondik. Harakatlari yomon emas. Kreativ, vaziyatlar yaratadi, o‘zi ham gol uradi. Lekin unga jismoniy tayyorgarligi va o‘yinimizga ko‘nikishini aytmoqdamiz. "Nasaf" har doim jamoaviy o‘yini bilan ajralib turgan. Bu narsa joriy mavsumda ham bo‘ladi.

- Ayni paytda yig‘inda qatnashayotgan Sharof Muhitdinov "Nasaf"da qoladimi?
- Sharof masalasida shuni aytishim mumkinki, "Nasaf"da o‘ynash ishtiyoqi borligini ma’lum qildi va biz buni mamnuniyat bilan qabul qildik. Sharof talablarimizni yaxshi biladi. Universal futbolchi, deya olaman. Bir nechta pozitsiyada o‘ynay oladi. Bunday tipdagi futbolchilar bizga ham zarur. O‘ylaymanki, mavsum davomida Sharof biz bilan birga bo‘ladi.

- "Nasaf" yana bir sobiq futbolchisi Bobir Abdixoliqovni ortga qaytarishi mumkinligi haqida xabar chiqdi. Uni ham jamoada ko‘ramizmi?
- Rejamizda. Aniq bo‘lgach batafsil ma’lumot beramiz. Darajamizni yuqoriga olib chiqdik. Endi yanada yuqoriga qarab yurishni istaymiz.

- 4 fevral kuni Superliganing joriy mavsumiga qur’a tashlanadi. Ilk turdan qanday raqibni kutyapsiz?
- Kim bilan o‘ynashimiz katta ahamiyatga ega emas. Mavsum davomida barcha jamoalarga qarshi o‘ynaymiz.

- Olib borilayotgan harakatlardan "Nasaf"da bu yil chempionlik uchun imkoniyat har yilgidan ham ko‘proqdek...
- O‘zimiz qatnashadigan barcha turnirlarda oliy maqsadni oldimizga qo‘yamiz. Buning uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.

- Tajribali mutaxassis sifatida O‘zbekiston terma jamoasining guruhdagi o‘yinlari qanday xulosalarni berdi?
- Osiyo Kubogini kuzatib boryapmiz. O‘zbekiston terma jamoasi birinchi vazifani bajardi. Boshqa jamoalardan darajamiz yuqori ekanligi ko‘rinib turibdi. O‘ylaymanki, nimchorak finaldan ham oson o‘tamiz.

- Yakunda hech kim kutmagan jamoa kubokni qo‘lga kiritsa, u qaysi terma jamoa bo‘ladi?
- Osiyo Kubogini kutilmagan jamoa qo‘lga kiritishiga ishonmayman. Yetakchilar o‘z o‘rnida qoladi. O‘zbekiston terma jamoasi ham Osiyo Kubogi bilan ortga qaytishini juda istardik. Umuman olganda terma jamoamizga omad tilab qolaman.

Muallif: Iskandarov Abdulaziz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ro‘ziqul Berdiyev: "Darajamizni yuqoriga olib chiqdik. Endi yanada yuqoriga qarab yurishni istaymiz"