11:05 / 29.01.2024
498

Paulu Bentu: "Osiyo kubogida buncha xato kechirilmaydi. Tojikistonga omad tilayman"

Paulu Bentu: "Osiyo kubogida buncha xato kechirilmaydi. Tojikistonga omad tilayman"
Osiyo kubogi nimchorak final bosqichidan o‘rin olgan Tojikiston va Birlashgan Arab Amirliklari o‘rtasidagi o‘yindan so‘ng BAA bosh murabbiyi Paulu Bentu matbuot anjumanida qatnashdi.

- Janob murabbiy, o‘yin haqidagi fikringiz qanday?
- Juda qiyin o‘yin bo‘ldi. Tartibli jamoaga qarshi harakat qildik. Tojikiston hujumda juda tezkor o‘yinchilarga ega terma hisoblanadi. Bunday jamoaga qarshi qiyin bo‘lishi aniq edi. Birinchi bo‘limda o‘yinni yaxshi nazorat qilgandik. Ikkinchi bo‘limda birinchi taym kabi harakat qila olmadik. Dastlabki 45 daqiqalikdagi hisob adolatli bo‘ldi, deya olmayman. Penaltilar seriyasida Tojikistonga omad kulib boqdi. Ularni tabriklayman. O‘yinchilarimga harakat qilganlari uchun minnatdorchilik bildiraman. JCH saralash o‘yinlarida yaxshiroq harakat qilamiz. Ko‘p jihatlar bo‘yicha o‘z o‘yinimizni rivojlantirishimiz kerak.

- Bunday mag‘lubiyatdan keyin siz va BAA futboli rahbariyati o‘rtasidagi munosabat qanday bo‘ladi? Terma jamoadagi kelajagingizni nazarda tutyapmiz...
- Mag‘lubiyatdan so‘ng shunday savollar berilishi tayin. Men o‘z ishimni chin dildan bajaryapman. Jahon chempionati saralash o‘yinlariga bor kuchimizni beramiz. Aynan hozir bu savolga javob bera olmayman.

- Ikkinchi bo‘limda aynan nima yuz berganini ayta olasizmi?
- Ikkinchi bo‘limda effektiv o‘ynay olmadik. Bu taymda raqib o‘zi istagan ishni amalga oshira oldi. Himoyachilarimiz juda ko‘p yugurishlariga to‘g‘ri keldi. Birinchi bo‘limda yaxshiroq hujum qilgandik. Ikkinchi taymda esa hujum qila olmadik. Farq shunda.

- BAA terma jamoasi turnirni erta tark etishiga nima sabab bo‘ldi?
- G‘alaba va omadsizlik yonma-yon yuradi. Yaqin o‘tmish bilan solishtirsak, ba’zi jihatlar bo‘yicha yaxshiroqmiz. Hozir o‘z o‘yinimizni analiz qilishimiz kerak. Osiyo kubogida yomon natija qayd etdik, bunisi aniq. Juda ko‘p xatolar qildik. Osiyo kubogi kabi turnirda buncha xato kechirilmaydi. Bugun ham shunday bo‘ldi, guruh bosqichida ham.

- Jamoani qurishda davom etasizmi? Kelajakdagi rejalar qanday?
- Men iloji bor bo‘lgan eng yaxshi jamoani qurmoqchiman. Biroq, juda ko‘p qiyinchilikka duch kelmoqdamiz. Bu musobaqada yomon harakat qildik. JCH saralash o‘yinlarida bizda yaxshi imkoniyat bor. Yana 6 ochko to‘plasak, keyingi bosqichni kafolatlaymiz. Osiyo kubogidan so‘ng, asosiy maqsadimiz Jahon chempionati saralashi bo‘ladi.

- Tojikiston kabi terma jamoalar katta o‘sishga erishganini ko‘rib turibmiz. Shaxsiy fikringizcha, bunga sabab nima?
- Tojikiston bu yo‘lda qanday ishlayotganini bilmayman, ammo o‘sishga erishishgani aniq. O‘tgan matbuot anjumanida Tojikistonga qarshi o‘yin juda qiyin bo‘lishini tahmin qilgandim. Shunday ham bo‘ldi. O‘yinning ba’zi nuqtalarida Tojikiston bizdan kuchliroq edi. Ular o‘zlariga kerakli narsaga ega chiqishdi. Musobaqa davomida Tojikiston termasiga omad tilaymiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Paulu Bentu: "Osiyo kubogida buncha xato kechirilmaydi. Tojikistonga omad tilayman"