23:46 / 04.02.2024
287

Ekspert: Fayzullayev Yevropa klublarini qiziqtirib qo‘ydi

Ekspert: Fayzullayev Yevropa klublarini qiziqtirib qo‘ydi
Rossiya futbol jamoatchiligi O‘zbekiston milliy terma jamoasining Qatarda o‘tkazilgan Osiyo kubogidagi ishtirokidan keyin musobaqada o‘zini ko‘rsata olgan Abbosbek Fayzullayevning Yevropa klublariga o‘tish imkoniyatini muhokama qilmoqda.

Ma’lumki, milliy terma jamoalar ishtirokidagi qit’a va jahon chempionatlari futbolchilar uchun ko‘rik vazifasini o‘taydi.

Bu musobaqalarda turli klublar skautlari va seleksioner murabbiylar o‘zlariga mos o‘yinchilarni qidirish uchun uchrashuvlarni sinchkovlik bilan kuzatib boradi.

Qatar maydonlarida Abbosbek Fayzullayev jami beshta uchrashuvda maydonga tushdi va raqiblar darvozasini ikki marotaba ishg‘ol qilib, jamoadoshlariga bitta golli pas uzatdi.

Rossiyalik taniqli murabbiy Aleksandr Tarxanov SSKA legionerining qit’a chempionatidagi o‘yinlariga quyidagicha baho berdi.

- Albatta, Abbosbek Fayzullayev Osiyo kubogidagi o‘yinlari bilan Yevropa klublarini qiziqtirib qo‘ygan, qolaversa, vaziyat uning agentlari nazoratida.

Agar O‘zbekiston milliy terma jamoasi yarim final yoki finalga chiqqanida unga e’tibor yanada kuchliroq bo‘lardi.

Men Fayzullayevning Yevropaga ketishiga hali erta, deb hisoblamayman. Abbos SSKAga o‘tgan yoz keldi va darrov o‘zini ko‘rsata boshladi.

Ta’kidlash joizki, yaxshi futbolchi uchun yangi chempionatga moslashish shart emas, u kelib, darrov o‘ynab keta olishi kerak
, - dedi Aleksandr Tarxanov.

Qatardagi Osiyo kubogi davomida bir necha futbolchilarimiz turli klublar e’tiboriga tushdi va ular orasida yangi jamoalar bilan shartnoma imzolaganlari ham bor.

Osiyo kubogida futbolchilarimizga sardorlik qilgan Jaloliddin Masharipov Qatarga Gretsiyaning “Panserraikos” jamoasi vakili sifatida kelgan edi. Qatardan turib, Eronning “Istiqlol” jamoasi bilan shartnoma tuzdi va bundan keyin ushbu jamoa sharafini himoya qiladigan bo‘ldi.

Terma jamoamizning yana bir a’zosi – Umarbek Eshmurodov musobaqa davomida Malayziyaning “Selangor” klubi bilan hamkorlik o‘rnatdi.

“Rubin”dan chaqirtirilgan Rustambek Ashurmatovni Ozarbayjonning eng mashhur klubi “Neftchi” o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilmoqda.

Bundan tashqari, erkin agent maqomida yurgan Oston O‘runov hamda Otabek Shukurov kabi terma jamoamizning yetakchi o‘yinchilari ham bir necha klublar bilan muzokara olib borayotgani haqida ma’lumotlar bor.

O‘zbekiston terma jamoasining eng yorqin futbolchilaridan hisoblangan Abbosbek Fayzullayev ham anchadan beri xorij klublari kuzatuvida ekani sir emas.

Rossiya Premer-ligasiga ko‘chib o‘tganidan keyin Abbosbek Fayzullayevning transfer summasi bir necha baravar oshib, hozir 4 million yevroni tashkil qilmoqda. Ekspertlarning ta’kidlashicha, Osiyo kubogidagi muvaffaqiyatli o‘yini yangi reytingga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va hujumkor futbolchining transfer summasi yana ko‘tarilishi kutilyapti.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ekspert: Fayzullayev Yevropa klublarini qiziqtirib qo‘ydi