
“Navbahor” bilan xayrlashganidan keyin Oston O‘runov bir muddat jamoasiz yurdi. 23 yoshli futbolchi xorijdan jamoa qidirdi va oxir-oqibat Eronning “Persepolis” klubi bilan bir yarim yillik shartnoma imzoladi.
Bundan avval, O‘runov yana Rossiya Premer-ligasiga ko‘chib o‘tishi mumkinligi haqida xabarlar tarqatildi. Ma’lumki, iste’dodli yarim himoyachi 2020 yili Rossiya chempionatiga ko‘chib o‘tib, uch yil davomida “Ufa”, “Spartak” va “Ural” jamoalarida o‘ynagan edi.
Rossiya futbolini muntaxam yoritib kelayotgan “Match TV” jurnalistlari Oston O‘runovni Rossiyaga ko‘chib o‘tishida bosh bo‘lgan Shamil Gazizov bilan o‘zbek legioneri haqida suhbatlashdi.
Shamil Gazizov ayni paytda Mahachqalaning “Dinamo” jamoasi bosh direktori sifatida faoliyat yuritmoqda. Jurnalistlar Gazizovga Oston O‘runov “Persepolis”ga ko‘chib o‘tganini aytib, nega uni “Dinamo”ga chaqirmaganini so‘radi.
— Men O‘runov bilan hali xabarlashganim yo‘q, lekin uni albatta tabriklab qo‘yaman. Oston Osiyo kubogida O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida yaxshi o‘ynadi va xorij klublari unga e’tibor qaratishdi.
— Siz O‘runovni “Dinamo”ga chaqirdingizmi?
— Biz ayni paytda birinchi ligada qatnashyapmiz va boshqa klublar bilan bu borada raqobatlasha olmaymiz.
Oston O‘runov hatto O‘zbekistonda ham biz taklif qilishimiz mumkin bo‘lgan maoshdan ancha ko‘p olardi, - dedi Shamil Gazizov.
Oston O‘runov aslida “Paxtakor” tarbiyalanuvchisi hisoblanadi. Biroq “sherlar”ning asosiy tarkibiga kiritilmaganidan keyin “Navbahor”ga ko‘chib o‘tgan va aynan namanganliklar jamoasida professional futbolchi sifatida shakllandi.
Jismonan baquvvat va kuchli texnika egasi bo‘lib yetishgan O‘runov Toshkentning “Lokomotiv” jamoasida o‘ynaganidan keyin Rossiya Premer-ligasiga ko‘chib o‘tdi. Dastlab, “Ufa” safida hammasi juda yaxshi boshlagandi. Yarim mavsumda mahoratini namoyish eta olgan O‘runovni Rossiya Premer-ligasining deyarli barcha kuchli klublari o‘z safida ko‘rishni istagandi.
Biroq O‘runovni Rossiyaga olib ketgan Shamil Gazizov “Spartak” bosh direktori etib tayinlangani uchun o‘zbek futbolchisini ham Moskva jamoasiga olib ketdi.
Gazizov “Spartak”ning o‘sha paytdagi xo‘jayini Leonid Fedun bilan ziddiyatga borgani hamyurtimizning ham faoliyatiga salbiy ta’sir qildi. Keyinchalik ijara asosida “Ufa”da o‘ynagan Oston “Spartak” bilan shartnoma bekor qildi.
Premer-liga vakillaridan “Ural” legionerimizga imkon bergan edi. Ammo O‘runov bu jamoada ham uzoq o‘ynamadi. 2023 yilning boshida “Navbahor”ga qaytgan O‘runov bir mavsum davomida yana faoliyatini tiklab oldi va nihoyat legioner maqomida to‘p tepadigan bo‘ldi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar