00:11 / 16.02.2024
200

Samvel Babayan: "Natija adolatli bo‘ldi. Raqib maydoniga shunchaki o‘yin o‘tkazish uchun bormaymiz"

Samvel Babayan: "Natija adolatli bo‘ldi. Raqib maydoniga shunchaki o‘yin o‘tkazish uchun bormaymiz"
OCHL 1/8 finalidan o‘rin olgan "Navbahor" — "Al Ittihod" uchrashuvidan keyin mezbonlar bosh murabbiyi Samvel Babayan matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O‘yin haqida...

- Bugun o‘z stadionimizda muhim o‘yin o‘tkazdik. Bundan tashqari, joriy mavsumdagi ochilish uchrashuvi edi. Muammolarimizni inobatga oladigan bo‘lsak, optimal formada emasligimiz aniq. Ba’zi futbolchilarimiz yetib kelganiga bir hafta bo‘ldi. O‘yinchilarning to‘p orqali aloqaga kirishishida sezilar-sezilmas muammolar mavjud edi. Shunga qaramay, yigitlar uyushqoq va zich o‘yin namoyish eta olishdi. Eng muhimi, to‘pga tashnalik edi. Biz maydonning har bir qismida kurashdik, buning uchun yigitlardan minnatdorman. Natijaga kelsak, tabiiyki, Osiyoning eng kuchli jamoalaridan biriga qarshi o‘ynadik. Ularga qarshi ochiq futbol namoyish etish qimmatga tushishi mumkin edi. O‘ylashimcha, natija adolatli bo‘ldi.

- Ibrohim Yo‘ldoshev jarohat olganidan so‘ng Yovan Jokichni markaziy himoyaga tushirdingiz. Yangi mavsumdan Jokichni yangi pozitsiyada ko‘rarmiz?

- Darhaqiqat, bu zaruriyat edi, chunki Yo‘ldoshev jarohat sababli ishtirok eta olmadi. Ammo tarkibni hisobga oladigan bo‘lsak, bizda top darajadagi futbolchilar soni cheklangan. Shuning uchun Jokichni boshqa nuqtaga qo‘ydik. Jokich bugun ishonchli o‘yin namoyish etdi. U eng ishonchli futbolchilardan biri, shuning uchun unga istalgan pozitsiyani bemalol ishonib topshirish mumkin.

- Jamoaga yangi taklif etilgan Farruh Sayfiyev va Odil Hamrobekov Osiyo kubogi sababli "Navbahor" yig‘inida ishtirok etmadi, lekin bugungi o‘yin ko‘rsatdiki, bu ikki futbolchi jamoaga juda tez moslashdi. Qolgan yangi futbolchilarda bu jarayon qanday kechmoqda, shuningdek, transfer oynasi yopilgunga qadar klubda yangilik bo‘lishi mumkinmi?

- Yuqoridagi futbolchilarga moslashish uchun ko‘p vaqt talab etilmasa kerak. Shunigdek, bugun Ruslan Jiyanovni ham e’tirof etishim joiz, u yaxshi o‘ynadi, ko‘p ishladi, raqib darvozasi yonida xavf tug‘dira oldi. Eng asosiysi, u mudofaalanishda uyushqoqlik bilan yordam berdi. Vaziyat shundayki, transfer oynasi ochiq, lekin endi keladiganlar Chempionlar ligasida ishtirok eta olmaydi. Bu haqda o‘ylab ko‘ramiz. Ammo bizning optimal budjet cheklangan. Shu bois, tanlovlarni cheklaganmiz. Menimcha, bugungi kunda yetarlicha futbolchilarga egamiz. Buni klub rahbariyati bilan muhokama qilamiz.

Bugun g‘alaba qozonishimiz mumkin edi. Uchrashuvning bu darajada keskin bo‘lishiga sabablar bor. Ehtimol, raqib darajasiga e’tibor berish lozimdir. Ular Osiyoning eng yaxshi jamoalaridan biri. Ikki futbolchisi Yevropa Chempionlar ligasi g‘olibiga aylangan. Shu bois, o‘yin biz uchun qiyin bo‘ldi, ayniqsa, dastlabki bahs bo‘lgani uchun. Biz hali optimal formada emasmiz. O‘yindan o‘yinga haqiqiy darajamizga chiqib boramiz. Shuni aniq aytishim mumkin, raqib maydoniga shunchaki ikkinchi jamoa bo‘lib o‘yin namoyish etish uchun bormaymiz. Buni "Navbahor" va o‘zbekistonlik muxlislarga isbotlaganmiz. Biz raqib maydoniga o‘z o‘yinimizni ko‘rsatish va kerakli natijaga erishish uchun boramiz. O‘ylaymanki, javob o‘yinini yuqori darajada o‘tkazamiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Samvel Babayan: "Natija adolatli bo‘ldi. Raqib maydoniga shunchaki o‘yin o‘tkazish uchun bormaymiz"