14:08 / 14.03.2024
258

Ilk g‘alabasini kutayotganlar yoxud bugun Superligada 3-tur boshlanadi

Ilk g‘alabasini kutayotganlar yoxud bugun Superligada 3-tur boshlanadi
Bugun Superliganing 3-tur bahslariga start beriladi. 14-17 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan 7 ta juftlik haqida to‘xtalamiz. Bu turda kimdir ilk g‘alaba, ilk mag‘lubiyati yoki duranggini qayd etishi mumkin.

14 mart

“Lokomotiv” – “Paxtakor

Toshkent derbisi doirasida bu safar “Lokomotiv” va “Paxtakor” o‘zaro g‘oliblik uchun kurashishadi. Yaxshi o‘yin bo‘ladi. “Lokomotiv”ni boshqarayotgan Stoymirovich uchun jiddiy imtihon. “Paxtakor” ikkita uchrashuvda yoshargan tarkibi bilan yomon taassurot qoldirmadi. Baribir bo‘lajak bahsda Maksim Shatskix jamoasi favorit sifatida qaralmoqda. Ular buni amalda qanchalik isbotlay olishini natija orqali bilib olamiz.

15 mart

“Neftchi” – “Metallurg”

Chempionlik uchun da’vogar – “Neftchi” klubi safardagi ikkita g‘alabadan keyin endi o‘z maydonida mavsumning ochilish o‘yinida ishtirok etadi. Hozircha ikkala jamoa yutqazgani yo‘q. Lekin bekobodliklarda g‘alaba ham yo‘q. Ular daslabki ikkita turda durang natijani qayd etdilar. Vesko Steshevich jamoasi uchun Farg‘onada murakkab bahs kutyapti. Yuqori kayfiyatda bo‘lib turgan “Neftchi” o‘z uyida mavsumning ochilish bahsida albatta minglab muxlislari qarshisida g‘alaba bilan ularni quvontirish asosiy vazifasi. Tabiiyki, favorit mezbonlar va imkoniyat ham ularda yuqori. Agar “Metallurg” yana durang qayd etsa, buni ular uchun ijobiy natijaga tenglashtirsa bo‘ladi. Yutadigan bo‘lsa esa tur sensatsiyaga aylanadi.

“So‘g‘diyona” – “Olimpik”
Ushbu jamoalar hisobida ham hozircha g‘alaba mavjud emas. Jizzaxliklarda bitta durang bo‘lsa, “Olimpik”da ikkita mag‘lubiyat bor. Bu uchrashuvda ko‘p narsa ruhiy tayyorgarlikka ham bog‘liq. Agar “Olimpik” o‘yinidagi nuqsonli chiziqlarini to‘g‘rilay olmasa Jizzaxda ham ochko yo‘qotishi turgan gap. Ivan Boshkovich jamoasini "yaralangan sher"ga o‘xshatish mumkin. Ammo futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin.

16 mart

“Surxon” – “Andijon”

O‘tgan yili chempionat kashfiyotiga aylangan “Surxon” bu yilgi birinchilikni ikkita mag‘lubiyat bilan boshladi. “Andijon” esa ko‘tarinki kayfiyatda. Ilk turda Olmaliqda durang o‘ynadi va o‘tgan turda o‘z uyida “Bunyodkor”ni yirik hisobda mag‘lubiyatga uchratdi. O‘tgan yili “Surxon” bilan “Andijon” turnir jadvalidagi holatdan kelib chiqib, bir-biriga asosiy raqobatchilarga aylanishgandi. Bu safargi bahs ham juda qiziqarli o‘tishiga shubha yo‘q.

“Nasaf” – “Qizilqum”
Navoiyliklar chempionatni ketma-ket ikkita g‘alaba bilan boshlashganini balki ko‘pchilik kutmagan bo‘lsa ham kerak. “Qizilqum”ni Qarshida jiddiy imtihon kutmoqda. Superliganing asosiy favoritlaridan biri – “Nasaf” maydonida to‘p surish va ochko tortib olish hammaga ham nasib qilavermaydi. Tabiiyki, Ro‘ziqul Berdiyev jamoasi mezbon sifatida favorit va imkoniyati ko‘proq. “Qizilqum” g‘alabadan keyin hozir yaxshi kayfiyatda. Bu narsa ularga ruhiy tomondan yordam berishi mumkin. Qolganini o‘yin davomida ko‘rib olamiz.

17 mart

“Bunyodkor” – “Navbahor”

Chempionatni muvaffaqiyatsiz boshlagan “Bunyodkor”ni oldinda yana bir jiddiy uchrashuv kutyapti. Yangilangan murabbiylar shtabi bilan “Qaldirg‘ochlar” ikkita uchrashuvda o‘z darvozasidan 8 ta to‘p o‘tkazib yubordi. Natija esa nolga teng! Chempionlik maqsadi qo‘yilgan “Navbahor” “Bunyodkor”ning hozirgi holatidan foydalanib qolishi ham mumkin. Lekin bir tomondan qaraganda, “Bundyokor”ning yangi murabbiyi uchun bu balki oxirgi imkoniyat bo‘lishi ham hech gap emas. Ikkita o‘yindan keyin bosh murabbiy Ivan Bubaloga e’tirozlar kuchaydi. Ko‘ramiz, u bundan qanday xulosalar chiqargan ekan?!

OKMK – “Dinamo”
Mirjalol Qosimov va Vadim Abramov to‘qnashuvi. OKMK chempionatni ikkita durang, “Dinamo” esa ikkita mag‘lubiyat bilan boshladi. Bu esa o‘yin shiddatini yanada oshirishi turgan gap. Hujumkorlikni yoqtiradigan Vadim Karlenovich OKMKga ham shunday o‘yinni taklif qilsa ajablanmaymiz. U yutqazishdan qo‘rqmaydi. OKMKga esa har qanday holatda ham natija muhim. Bu uchrashuvni o‘tkazib yubormaslikni tavsiya qilamiz.

Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ilk g‘alabasini kutayotganlar yoxud bugun Superligada 3-tur boshlanadi