09:11 / 15.03.2024
390

Eldor Shomurodovning noyob xislati e’tirof etildi

Eldor Shomurodovning noyob xislati e’tirof etildi
Italiya A Seriyasining 28-turida “Kalyari”ning “Salernitana”ga qarshi o‘tkazgan uchrashuvi Eldor Shomurodov faoliyatida ijobiy o‘zgarish sifatida qayd etildi.

Sardiniya klubidan qo‘nim topganidan beri muxlisu mutaxassislar ishonchini to‘liq oqlay olmay kelayotgan legionerimiz muhim uchrashuvda o‘zining haqiqiy mahoratini namoyish qilishning uddasidan chiqdi.

Shomurodov yozda “Kalyari” safiga kelib qo‘shilganida optimal sport formasini ancha boy berib qo‘ygandi. 28 yoshli hujumchi o‘zini o‘nglab olgunicha asosiy tarkibdagi joyidan ham ayrilib qolgandi. Endi o‘yini qovushib, jamoaga foyda keltiradigan darajaga chiqqanida og‘ir jarohat olib, uch oyga safdan chiqdi.

Nihoyat, salomatligini tiklab olgan legionerimiz salernoliklarga qarshi bellashuvda maydondagi eng muhim figuraga aylana oldi.

Shomurodov 342 kunlik tanaffusdan so‘ng, uzoq davom etgan “quruq” seriyasiga barham berdi. Urganda ham bir juft to‘p kiritdi va jamoasining 4:2 hisobidagi g‘alabasini ta’minladi.

Italiya futbolini yoritayotgan manbalarning statistika bo‘yicha mutaxassislar “Kalyari” va “Salernitana” o‘rtasidagi uchrashuv tahlilini davom ettirmoqda.

Unga ko‘ra, Eldor Shomurodovning dubli “Kalyari”ni zahiradan tushgan o‘yinchilar kiritgan gollar soni bo‘yicha ikkinchi o‘ringa olib chiqdi. Sardiniyaliklarning zahiradan o‘yinga qo‘shilgan futbolchilari jami o‘nta to‘p kiritgan. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha faqatgina “Milan” Klaudio Raneri jamoasidan yuqori o‘rinda turibdi. Stefano Pioli shogirdlari zahiradan maydonga tushib, raqiblar darvozasini jami 13 marotaba ishg‘ol qilgan.

Statistika ekspertlari Eldor Shomurodovning yana bir noyob qobiliyatiga e’tibor qaratganini alohida ta’kidlash lozim.

Hamyurtimiz A Seriyaning 28-turida eng katta tezlik qayd etgan futbolchilaridan biri bo‘ldi. Shomurodov “Salernitana” bilan bo‘lgan uchrashuvda soatiga 34,68 kilometr tezlikda harakatlangan.

Bu ko‘rsatkich bo‘yicha hujumchimiz faqatgina “Lechche” vakili Pontus Almkvistdan ortda qoldi. Shvetsiyalik yarim himoyachi soatiga 35,46 kilometr tezlikda yugurgan.

Tezkor futbolchilar reytingida uchinchi o‘rin “Inter” hujumchisi Markus Tyuramga tegishli bo‘lib, fransiyalik forvard soatiga 34,58 kilometr tezlik qayd etgan.

Eldor Shomurodov muvaffaqiyatli o‘yini tufayli A Seriya tashkilotchilari tomonidan 28-turning eng yaxshi futbolchilaridan biri sifatida ramziy terma jamoaga kiritildi.

Eslatib o‘tamiz, “Kalyari” navbatdagi uchrashuvini 16 mart kuni safarda “Monsa” futbolchilariga qarshi o‘tkazadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodovning noyob xislati e’tirof etildi