19:49 / 15.03.2024
397

Fayzullayev SSKAda asosiy tarkibdagi joyidan ayrildimi?

Fayzullayev SSKAda asosiy tarkibdagi joyidan ayrildimi?
Abbosbek Fayzullayev o‘tgan yili avgust oyida “Paxtakor”dan SSKAga ko‘chib o‘tganidan keyin favqulodda muvaffaqiyatli o‘ynay boshladi.

Iste’dodli yosh hujumkor futbolchi qisqa fursatda “armiyachilar”ning asosiy figurasiga aylandi. Mavsumning birinchi yarmida Premer-liga va mamlakat kubogida jami 18 ta uchrashuvda maydonga tushib, ikkita gol va to‘qqizta assist qayd etgandi.

20 yoshli legionerimiz mavsumning birinchi qismida eng asosiy kashfiyot sifatida e’tirof etildi.

Mart oyi boshida Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogi o‘yinlari qishki tanaffusdan so‘ng yana qayta tiklandi. Bahorning ilk o‘yinida “Orenburg” jamoasiga qarshi ilk daqiqadan maydonga tushib, 73-daqiqa to‘p tepgan Abbosbek Fayzullayev keyingi bahslarda zaxira o‘rindig‘idan joy oldi.

Chempionat doirasida “Krilya Sovetov”ga qarshi bahsda 77-daqiqada maydonga tushib, o‘yin yakunlanishiga besh daqiqa qolganida jarima maydonchasi ichida qoidani buzdi va penaltiga sababchi bo‘ldi. Yaxshiki, Igor Akinfeyev raqib zarbasini bartaraf etdi va hisob SSKA foydasiga hal bo‘ldi – 2:0.

Fayzullayev Rossiya kubogi doirasida “Rostov” bilan bo‘lgan bellashuvda o‘yinga ancha kech – 87-daqiqada qo‘shildi.

Bu holat ko‘pchilikni qiziqtirib qo‘ydi. Rossiya futbolini yoritib kelayotgan manbalardan biri – sport24.ru sayti vakillari Fayzullayevdan nega bosh murabbiy uni boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirmayotganini so‘radi.

— Vladimir Fedotov seni nega boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirmayotganini tushuntirib berdimi?
— Yo‘q.

— Balki bu Osiyo kubogidagi ishtiroking bilan bog‘liqdir?
— Buni bilmayman, bu savol murabbiyga.

— Jismoniy tomondan o‘ynashga tayyorligingni his qilyapsanmi?
— Ha.

Ta’kidlash lozimki, jurnalistlar avvalroq SSKA bosh murabbiyi Vladimir Fedotovdan nega Abbosbek Fayzullayevni zaxirada qoldirayotganini so‘ragan edi. Bu savolga javob bergan taniqli mutaxassis o‘zbek futbolchisi Osiyo kubogidan keyin jamoaga qo‘shilgani, unga biroz dam berilgani va birinchi navbatda, emotsional hissiyotlarini tartibga solib olishi kerakligi, hammasi joyida ekani va Abbos istalgan vaqtda maydonga chiqishga tayyorligini ta’kidlagan.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes 20 yoshli futbolchini mart oyida bo‘ladigan yig‘in va o‘yinlarga taklif etganini eslatib o‘tish joiz.

Bu yig‘in doirasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon chempionati saralash musobaqasi doirasida Gonkong bilan kuch sinashadi. O‘yin 21 mart kuni bo‘lib o‘tadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fayzullayev SSKAda asosiy tarkibdagi joyidan ayrildimi?