08:24 / 16.03.2024
218

Bu endi oldingi "Qizilqum" emas yoxud Qarshida oddiy o‘yin bo‘lmaydi

Bu endi oldingi "Qizilqum" emas yoxud Qarshida oddiy o‘yin bo‘lmaydi
Superligamizning 3-tur uchrashuvlari davom ettirilmoqda. 16 mart oqshomida yana ikkita o‘yin o‘tkaziladi. Ulardan biri Qarshida “Nasaf” hamda “Qizilqum” o‘rtasida kechadi. Mazkur bellashuvga qiziqish ancha baland. “Nasaf” ham, “Qizilqum” ham dastlabki ikkita o‘yinda yutqazishgani yo‘q. Ayniqsa, navoiyliklar ikkala bellashuvda ham g‘alaba qozonishgani e’tiborga molik. Jamshid Saidov jamoasining namoyish etayotgani xususida ko‘plab ijobiy fikrlar eshitilmoqda. Oldinda turgan o‘yin esa “Qizilqum” uchun jiddiy imtihon vazifasini o‘taydi.

Chempionatimizda hozircha o‘z darvozasidan gol o‘tkazmagan yagona klub “Nasaf” bo‘lib turibdi. Lekin urgan gollari oz. Ikkita turda bittadan gol urdi. Bu borada “Qizilqum”ning kiritgan gollari ancha salmoqli. 2 ta turda raqiblar darvozasiga 5 ta gol urdi va 2 ta to‘p olib chiqdi. Saidov jamoasi bu yil raqiblariga hujumkor o‘yin taklif qilayotganini ortda qolgan ikkita uchrashuvda ko‘rdik. “Nasaf”ga qarshi qanday taktikani qo‘llashi qiziq. Lekin kuchli raqibga hujumkor o‘yinni taklif qilishi dargumon bo‘lishi ham mumkin. Chunki “Nasaf” maydonida bunday taktikani qo‘llash tavakkal degani. “Qizilqum” mehmonda avvalo himoya qo‘rg‘onini mustahkam qilish, mezbonlarning hujumlariga dosh bergan holda qarshi hujumda omadini izlashga urinib ko‘radi. Harqalay bu bizning taxminimiz. Agar Jamshid Saidov biror-bir syurpriz bilan bizni hayron qoldirmasa o‘yin ssenariysi biz ta’kidlab o‘tgan reja asosida davom etishi mumkin.

“Nasaf” – “Qizilqum” o‘zaro o‘yinlar statistikasida bungacha chempionatimiz tarixida 50 marotaba bellashishdi. Katta ustunlik qarshiliklar tarafida. Boisi, “Nasaf” “Qizilqum”ni 30 bor mag‘lubiyatga uchratdi. “Qizilqum” esa faqat 7 martagina raqibini yenggan va yana 13 ta uchrashuvda durang qayd etilgan. To‘plar nisbati 94\49 tabiiyki “Nasaf” foydasiga.

O‘tgan yilgi chempionatda har ikkala davrada bu jamoalar durangga rozi bo‘lishdi. Navoiyda 1:1, Qarshida 0:0 hisoblari kuzatilgan. “Qizilqum” oxirgi marta “Nasaf” ustidan 2018 yili g‘alaba qozongan. O‘shanda navoiyliklar o‘z uyida 2:0 hisobida raqibini mag‘lubiyatga uchratgan. Qolaversa, “Qizilqum” “Nasaf” maydonida faqat bir marta – 2008 yili 0:1 hisobida g‘olib chiqqan.

Umuman, “Qizilqum” jamoasini “Nasaf”ga qarshi murakkab o‘yin kutyapti. Lekin Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari ham bo‘lajak uchrashuvga jiddiy tayyorlanayotganiga shubha yo‘q. O‘tgan turda Toshkentda “Paxtakor” bilan durang o‘ynagan qarshiliklar chempionlik vazifasi yo‘lida kurashayotgan ekan yo‘qotiladigan har bir ochko yakunda qimmatga tushadi va buni “Nasaf” juda yaxshi his qilib turibdi. Albatta, statistika o‘z yo‘liga. Hammasi maydonda 90 daqiqa ichida ma’lum bo‘ladi. “Nasaf” – “Qizilqum” to‘qnashuvi bu safar boshqacha bo‘ladigandek...

Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bu endi oldingi "Qizilqum" emas yoxud Qarshida oddiy o‘yin bo‘lmaydi