21:05 / 27.03.2024
749

Eldor Shomurodovning jarohatiga oydinlik kiritildi, lekin...

Eldor Shomurodovning jarohatiga oydinlik kiritildi, lekin...
A Seriyada qolish uchun kurashayotgan “Kalyari”ni 1 aprel kuni muhim uchrashuv kutib turibdi. Klaudio Raneri shogirdlari bo‘lajak bahsda o‘zlari bilan bir xil – 26 ochko jamg‘argan “Verona”ni qabul qiladi.

To‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchi bilan bahs muhim ahamiyat kasb etadi. Eldor Shomurodov so‘nggi turlarda “Kalyari”ning eng faol o‘yinchilaridan biriga aylanib qolgan edi.

28 yoshli forvardimiz 2026 yili bo‘ladigan jahon chempionatining Osiyo mintaqasi saralash turnirida Gonkongga qarshi o‘tkazilgan ikkita uchrashuvda yuqori sport formasida ekanini namoyish qildi. Eldor har ikki o‘yinda raqib darvozasini ishg‘ol qilib, bir juft g‘alabaga katta hissa qo‘shdi.

Biroq Toshkentdagi bahsda Shomurodov oyog‘iga berilgan zarba oqibatida zahiraga olingani ko‘pchilikni xavotirga solib qo‘ydi. Chunki, raqib himoyachisining zarbasi Eldorning yaqinda operatsiya qilingan o‘ng oyoq panjasiga to‘g‘ri keldi.

Italiya nashrlari o‘z kanallari orqali o‘zbek legionerining jarohati qay ahvolda ekanini aniqlashga urinmoqda.

Nufuzli manbalardan biri Corriere dello Sport gazetasi 21-sahifasida “Kalyari” Shomurodov haqida bosh qotirmoqda” sarlavhali xabar e’lon qildi.

- O‘zbek futbolchisi terma jamoadagi o‘yinida o‘ng oyog‘idan zarba yedi. Klaudio Raneri bo‘lajak bahsda Shomurodovdan foydalanishga umid qilayotgandi. Dushanba kuni “Verona”ga qarshi bo‘ladigan bahs oldidan savollar ko‘payib ketdi.

Zito Luvumbo va Gaetano Klaudio Raneri tarkibidan joy olishga umidvor. “Verona” bilan bo‘ladigan bahsda Yerri Mina va Eldor Shomurodovning ham yordami kerak.

O‘zbek hujumchisi operatsiya qilingan oyog‘iga berilgan zarba tufayli Gonkongga qarshi o‘yinni yarim yo‘lda to‘xtatdi. Quvonarlisi shundaki, zarba futbolchining bir necha oy maydondan tashqarida qolishiga sababchi bo‘lgan, oyoqning operatsiya qilingan qismiga tegmagani, ma’lum bo‘ldi.

Eldor Sardiniyaga kelishi bilan “Kalyari” klubi tibbiyot xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkaziladi. Ular Shomurodovning ahvoliga oydinlik kiritib berishi talab etiladi. Ungacha natija xavotir bilan kutiladi.

Hozircha, Raneri Luvumbo va Gaetanoning safga qaytgani bilan kifoyalanib turadi. Mina masalasi ham yechimini kutmoqda. Bu futbolchisiz “Kalyari” himoyadagi mustahkamligidan mosuvo bo‘ladi. Kolumbiyalik himoyachi yordamida sardiniyaliklar “Empoli” maydonidagi g‘alabali o‘yinda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan edi
, - deb yozmoqda Corriere dello Sport gazetasi eksperti Juzeppe Amisani.

Eslatib o‘tamiz, Italiya A Seriyasida 29-turdan keyin sakkizta jamoa yuqori diviziondagi joyini saqlab qolish uchun kurashni davom ettirmoqda. 13-pog‘onada turgan “Lechche” bilan xavfli hududning eng yuqorisi – 18-qatorda joylashgan “Frozinone” jamoalari orasini 4 ochkolik farq ajratib turibdi xolos.

“Kalyari” va “Verona” uchrashuvi 1 aprel kuni Toshkent vaqti bilan 18:00 da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodovning jarohatiga oydinlik kiritildi, lekin...