09:23 / 01.04.2024
561

Abbosbek Fayzullayev Kvinsi Promesning o‘rnini egallashi mumkin

Abbosbek Fayzullayev Kvinsi Promesning o‘rnini egallashi mumkin
O‘zbekistonlik futbol ishqibozlari Rossiya Premer-ligasi o‘yinlarini ham katta ishtiyoq bilan kuzatib bormoqda.

Bu chempionatda o‘zbek futboli tarbiyalanuvchilaridan uch nafari to‘p tepyapti. Abbosbek Fayzullayev SSKA sharafini himoya qilayotgan bo‘lsa, Umarali Rahmonaliyev va Rustam Ashurmatov “Rubin” jamoasi o‘yinchilari hisoblanadi.

Abbosbek Fayzullayev joriy mavsumda Rossiya Premer-ligasining eng yaxshi assistenti nomiga sazovor bo‘lishi mumkin. Statistika mutaxassislari chempionatda eng ko‘p golli pas uzatayotgan o‘yinchilar ro‘yxatini tuzib chiqdi.

Aslida bu nominatsiyada “Spartak”ning niderlandiyalik legioneri Kvinsi Promes yetakchilik qilayotgan edi. Birinchi davrada oltita golli pas oshirgan o‘yinchi Birlashgan Arab Amirliklarida hibsga olingan va Moskvaga qachon qaytishi katta so‘roq ostida turibdi.

Uning peshqadamlik mavqeini egallashga tayyor turganlar talaygina. Ular orasida Abbosbek Fayzullayev ham bor. Demak, Premer-liganing eng zo‘r assistenti bo‘lishga da’vogarlar bilan tanishamiz.

6 ta golli pas:

Konstantin Tyukavin – “Dinamo” futbolchisi SSKAga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvda ikkita golli pas amalga oshirgan. Bundan tashqari, jamoadoshlari Konstantinning uzatmasidan keyin “Lokomotiv”, “Axmat”, “Rostov” va “Fakel” darvozalarini ishg‘ol qilgan.

5 tadan golli pas:

Maksim Glushenkov – “Lokomotiv” hujumkor futbolchisi “Fakel” bilan o‘yinda ikkita, “Zenit”, “Krilya Sovetov” va “Ural” bilan bahsda bittadan assist qayd etdi.

Klaudino – legioner futbolchi “Zenit”dagi jamoadoshlariga “Ural”, “Spartak”, “Axmat” va “Baltika” darvozalarini ishg‘ol qilishga yordamlashib yuborgan.

Vendel – braziliyalik futbolchi “Zenit”ning hujumkor o‘yinchilari safiga kirmasa ham, “Rubin”, “Baltika”, “Sochi” va “Ural” bilan bo‘lgan o‘yinlarda assist qayd etdi.

Sergey Pinyayev – “Lokomotiv”ning yosh yarim himoyachisi “Baltika”, “Rubin”, “Krilya Sovetov” va “Ural” bilan o‘yinlarda assist muallifi bo‘ldi.

4 tadan golli pas:

Abbosbek Fayzullayev – Rossiya Premer-ligasining birinchi qismida asosiy kashfiyot sifatida e’tirof etilgan o‘zbekistonlik futbolchi assistentlar raqobatida g‘oliblikka jiddiy da’vogar hisoblanadi. Qishki tanaffusgacha to‘rtta golli pas muallifi bo‘lgan Fayzullayev endi SSKAning boshlang‘ich tarkibiga qaytishga harakat qilishi kerak. Uning paslari “Krilya Sovetov”, “Krasnodar”, “Nijniy Novgorod” va “Dinamo” darvozasi ishg‘ol qilinishiga sabab bo‘lgan.

Aleksandr Sobolev – “Spartak” futbolchisi “Rubin” va “Baltika” bilan o‘yinlarda ikkitadan golli pas uzatdi.

Nikita Saltikov – “Krilya Sovetov” vingeri mavsumning birinchi yarmida porladi va kelasi mavsumni “Lokomotiv” safida boshlaydigan bo‘ldi. Nikita “temiryo‘lchilar” bilan o‘yinda ham jamoadoshini golli pozitsiyaga olib chiqdi. Shuningdek, uning paslaridan keyin “Baltika”, “Spartak” va “Ural” darvozasi ishg‘ol qilindi.

Ivan Oblyakov – Abbosbek Fayzullayevning jamoadoshi ham “Spartak”, “Sochi”, “Fakel” bilan o‘yinlarda o‘zini ko‘rsatdi.

Bundan tashqari, “Krilya Sovetov”dan Roman Yejov, “Dinamo”dan Diyego Laksalt, “Sochi”dan Martin Kramarich ham o‘z jamoadoshlariga to‘rttadan golli pas uzatgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abbosbek Fayzullayev Kvinsi Promesning o‘rnini egallashi mumkin