A Seriya yakunlanishiga sakkizta tur qoldi. 30-tur yakunlariga ko‘ra, yuqori diviziondagi joyini saqlab qolish uchun kurashayotgan jamoalar soni hamon sakkiztani tashkil etadi.
13-pog‘onada borayotgan “Lechche” va xavfli zonaning eng yuqori qatori – 18-o‘rinda turgan “Empoli” o‘rtasidagi farq atigi to‘rt ochkoni tashkil qilmoqda. Eldor Shomurodov o‘ynayotgan “Kalyari” futbolchilari “Lechche”dan ikki ochko orqada va “Empoli”dan shunchaga oldinda bormoqda.
Biroq atigi 14 ochko bilan so‘nggi pog‘onaga tushib qolgan “Salernitana”dan tashqari qolgan yettita jamoa, xususan, “Lechche”, “Udineze”, “Verona”, “Kalyari”, “Frozinone”, “Empoli” va “Sassuolo”da A Seriyadagi joyini saqlab qolish imkoniyati bor. Lekin bu chempionatni xotirjam davom ettirish kafolatini bermaydi va vaziyat istalgan paytda o‘zgarib ketishi mumkin.
“Kalyari” uchrashuvlarini tahlil qilib borayotgan futbol eksperti Vittorio Sanna ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z sahifasi orqali chiqishida sardiniyaliklar bosh murabbiyi Klaudio Ranerini hujum chizig‘ida o‘zgarishlar qilishga chaqirdi.
Raneri keyingi paytda asosiy hujumchi sifatida ko‘pinchi perulik Janluka Lapaduladan foydalanmoqda. 33 yoshli forvard 17 ta o‘yinda ikkita gol urgan xolos.
Vittorio Sanna quyidagi taklifni ilgari surdi.
- Men Eldor Shomurodov asosiy markaziy hujumchi sifatida o‘ynay olishiga qat’iy ishonaman. Uni har doim ham hujumkor yarim himoyachi yoki ikkinchi hujumchi sifatida maydonga tushirish to‘g‘ri emas.
Eldorga markaziy hujumchi sifatida “Kalyari”da asosiy nomzod hisoblangan Janluka Lapadula bilan raqobatlashish imkoni berilmayapti. Bu noto‘g‘ri holat, deb o‘ylayman.
Har doim Lapadulani tanlash ham to‘g‘ri emasligi ko‘rinib turibdi: balki bu hujumchi keyingi bahslarda to‘p kiritar, lekin ayni paytda u ishonchli oqlay olmayapti.
Qolaversa, Lapadulaning hujum markazida bo‘lishi Zito Luvumboni bu hududdan uzoqda qolib ketishiga sabab bo‘lyapti. E’tiboringizni aynan mana shu sabab tufayli “Kalyari”ga kuni kecha “Verona” bilan bo‘lgan bahs kabi o‘yinlarda ham gollar yetishmayotganiga qaratmoqchiman. Bunday uchrashuvlarda “Kalyari” juda ko‘p hujum uyushtiryapti, lekin jarima maydonchasiga uzatilgan paslardan foydalanilmayapti.
Fikrimcha, “Kalyari” murabbiylar shtabi bu masalani yaxshilab o‘ylab ko‘rishi kerak, - dedi Vittorio Sanna.
Ta’kidlash joizki, Eldor Shomurodov jarohatidan tiklanib, maydonga qaytganidan keyin ancha faol o‘ynay boshladi. Legionerimiz gollari hisobini ochishga erishdi. Gol urmagan bahslarda ham yaxshi o‘ynayapti.
Xususan, “Verona”ga qarshi bahsda Klaudio Raneri eng faol o‘ynayotgan hujumchimizni birinchi bo‘limdan keyin zahiraga oldi. Italiyalik mutaxassis o‘zbek futbolchisi yaxshi o‘ynaganini quyidagicha e’tirof etdi:
- Men Shomurodovga achinaman. Birinchi bo‘limda eng yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan hujumchini tanaffusda zaxiraga olishimga to‘g‘ri keladi. Biz raqib himoyasini yorib o‘tishimiz kerak edi, lekin ular ikkinchi qavatda yaxshi o‘ynaydigan hujumchilarimizga qarshi kuchli himoyalanishdi. “Verona” juda ehtiyotkorona o‘ynadi va ular hujumchilarimizga o‘zini ko‘rsatish imkonini bermadi.
Viola hujum va yarim himoyani bog‘lashi uchun Shomurodovning o‘rniga uni maydonga tushirdim, - dedi Klaudio Raneri.
Bahsni tahlil qilib chiqqan Vittorio Sanna esa, “Kalyari” murabbiylar shtabi Eldor Shomurodovga markaziy hujumchi sifatida ko‘proq imkon berishi kerak, degan xulosa kelgan.
“Kalyari” futbolchilari A Seriyadagi navbatdagi uchrashuvini 7 aprel kuni o‘z maydonida “Atalanta” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Virus UFC ni dunyoga tanitdi
Rossiya Ukrainaning qator mintaqalariga raketalar bilan hujum qildi
Britaniyada 3 ta harbiy baza uzra UUA parvozi qayd etildi
"Paxtakor"ning o‘yini mutaxassis nigohida: "Menimcha, g‘alaba uchun emas, bir ochkoni saqlab qolish uchun o‘ynadi"
Shavkat Mirziyoyev: «Barcha ijro organlarini Yangi Toshkentga ko‘chiramiz»
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Asir: Ukraina askarlari otishni internetdagi videolar yordamida o‘rganishadi