08:28 / 06.04.2024
200

Vadim Abramov: Samarqanddan kelgan muxlislardan uzr so‘raymiz

Vadim Abramov: Samarqanddan kelgan muxlislardan uzr so‘raymiz
Superliganing 5-turidan o‘rin olgan "Bunyodkor" – "Dinamo" uchrashuvidan so‘ng mehmonlar bosh murabbiyi Vadim Abramov matbuot anjumanida qatnashdi.

– O‘yin haqida
– O‘yinni hamma ko‘rdi. Qiziq uchrashuv bo‘ldi, gol urilmadi, ammo vaziyatlar bo‘ldi. Birinchi bo‘limda bizda gol urishga imkoniyatlar bo‘ldi, ikkinchi bo‘limda esa ustunliqni raqibga boy berdik. "Bunyodkor" ikkinchi bo‘limda o‘yinni boshqardi. Biz qarshi hujumda ularni tutishga harakat qildim, lekin buni iloji bo‘lmadi. "Bunyodkor"da ham, bizda ham vaziyat bo‘ldi. Oxirgi paslar yetishmadi. Gol urolmaganimizdan keyin, hisob o‘yinga mos bo‘ldi deya olamiz. Samarqanddan kelgan muxlislardan uzr so‘raymiz. Biz ularni xursand qila olmadik.

– "Dinamo" "Metallurg"ga qarshi o‘yinda birinchi bo‘limni sust o‘tkazgandi. Bugun ham shunday holat yuz berdi. Ayniqsa Narx va Kojoda agressivlik ko‘rinmadi. Ular o‘z darajasidan past o‘ynayotgani nima bilan bog‘liq?
– Ha, Narx bugun o‘z imkoniyatlaridan past o‘ynadi. Bundan o‘zimiz ham xayronmiz. Bu balki uning kichik jarohati bilan bog‘liqdir. U jangchi va kichik jarohat bilan o‘ynamoqda. Bugun bir necha marta yaxshiroq pas berishi mumkin edi, ammo buni uddalay olmadi.

– Anvar G‘ofurov o‘z vaqtida qo‘l ostingizda to‘p tepgan, birga ishlagansiz ham. Uning ishini qanday baholaysiz?
– "Bunyodkor"da juda yaxshi jamoa shakllangan. Ularning OKMK bilan o‘yinlarini ko‘rdim, mag‘lubiyatga loyiq emasdilar, bor penalti ham negadir berilmadi. Umuman olganda yaxshi jamoa, o‘yinni nazorat qilishga harakat qilishmoqda. Tarkibdagi futbolchilar ham yaxshi saviyada.

– Akbar Ismatullayev va "Dinamo" o‘rtasidagi mojaro ko‘pchilikni qiziqtirmoqda. U qishda klub bilan shartnoma imzoladi. Lekin yakuniy qaydnomaga kiritilmadi. Aslida nima bo‘lgan edi?
– Biz uni jamoaga olib kelmoqchi edik. Shaxsan o‘zim uni "Dinamo"ga taklif qildim. U o‘shanda faoliyatini tugatmoqchi edi. Men uni yana o‘ynashga ko‘ndirdim. Keyin biz yig‘inlarga borganimizda ko‘rdimki, u bizga yordam beradigan formada emas. Undan nima qilishni istayotganini so‘radim, u siz nima desangiz shu bo‘ladi, dedi. U paytda Ismatullayevga "Qo‘qon-1912", "Mash’al" klublaridan taklif bor edi. U menga Pro ligada o‘ynashni xohlamayotganini aytdi. Keyin "Qizilqum" varianti chiqdi. U bu variantni ham istamadi va faoliyatini yakunlashni istayotganini ma’lum qildi. Yarim yil qayerdadir o‘ynashni, formaga kirib olishni istasang, men senga yordam beraman dedim. U esa yo‘q, faoliyatimni yakunlashni istayman deb aytdi. Suhbat shunday bo‘lgandi.

O‘shanda Akbarga biz bilan bo‘lgan ikki oy uchun maosh to‘lashimizni aytdik. Bundan muammo yo‘q edi. Keyin esa futbolchilar uyushmasidan xabar keldi. Akbar Ismatullayev bizdan o‘sha ikki oy va yana keyingi ikki oylik maoshini to‘lab berishni talab qildi. Agar o‘ynashni istaganda, men unga imkoniyat berardim. Ismatullayev esa faoliyatini yakunlashini aytgandi. Bu menimcha noto‘g‘ri ish. Keyin esa siz aytgan tushunarsiz vaziyat yuzaga keldi. Men bo‘lgan holatni aytib berdim, uni qanday talqin qilish sizning ishingiz. O‘sha pulni to‘lash kerak bo‘lsa, to‘laymiz.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Vadim Abramov: Samarqanddan kelgan muxlislardan uzr so‘raymiz