07:10 / 10.04.2024
180

"Real" o‘z o‘yinini qildi, "Siti" esa raqib haroratiga moslashdi va o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi (O‘yin tahlili)

"Real" o‘z o‘yinini qildi, "Siti" esa raqib haroratiga moslashdi va o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi (O‘yin tahlili)
Yevropa Chempionlar ligasi chorak finaliga qur’a tashlangan paytda va biz yana "Siti" - "Real" qarama-qarshiligini ko‘rishimizni bilganimiz zahoti turli farazlar ila taxminlar yangragandi. Turfa fikrlar oqimi baribir bir jarayonga borib taqalardi. Biz super bellashuv guvohi bo‘lamiz.

Madriddagi bahsda shunday bo‘ldi ham. Hisob - 3:3. Bizda bu o‘yindan talay emotsiyalar va xulosalar qoldi. Hozir mana shu uchrashuv jarayonini yana bir bor eslaymiz. Shunchaki emas, balki, ko‘pchilik payqagan yoki payqamagan detallar bilan:

O‘yinga tanlangan taktikalar

"Manchester Siti" (4-2-3-1)


Gvardiola bu uchrashuvda xuddi o‘tgan mavsumdagi kabi qanotlarga Bernardu va Grilishni joylashtirdi. Garchi, Jek bu mavsumni u qadar yuqori darajada o‘tkaza olmayotgan bo‘lsa ham "Real"ga qarshi uning maydonga tushishini o‘zim ham taxmin qilgandim. Pepda boshqa variantlar bor edi, ammo Grilish bir raqibni aldab o‘tish, sifatli uzatmalar bera olish va markazdagi balansni ushlash orqali "Real"dek raqibga qarshi bellashuvda ancha foydali hisoblanadi. Bernardu esa "Real"ning haqiqiy "qotili" ekanligini bu uchrashuvda ham isbotladi. Faqat Fodenning hujumchi ortida harakat qilishi avvaliga u qadar ish bermadi. Shuningdek, "Siti" maydon markazidagi ustunlikni ham raqibga berib qo‘ydi. Dastlab, 4 ta himoyachi bilan o‘ynagan "shaharliklar"ning tayanch zonasiga Rodri va Kovachich javobgar bo‘ldi.

Menimcha, bu u qadar mukammal variant emasdi. De Bryuynening sog‘ligi bilan yuzaga kelgan muammo Pepni shu qarorga kelishiga sabab bo‘lgan. Shuningdek, "Siti"ning zarariga ishlagan yana bir qaror (majburiy qaror) - Akanjining o‘ng qanotda harakat qilgani. "Real" ilk gol urilganidan so‘ng va umuman butun bellashuv davomida aynan mana shu qanotdan hujumlar uyushtirdi va Uokerning yo‘qligidan maksimal samara chiqara oldi. Xolandni esa doimgidek yaxshi qo‘riqlashdi va u maydonda deyarli "ishsiz" qolib ketdi. Ortega esa taxminan javob bahsida o‘z o‘rnini ehtirom bilan Edersonga bo‘shatib beradi.

"Real Madrid" (4-2-3-1)

"Real" tanlagan tarkib u qadar ko‘p muhokama qilinmaydi. Mana shu eng optimali va foydalisi. Faqat biroz avval yakunlangan bahsda Anchelotti Rodrigoni chap qanotga qo‘yib, ko‘pchilikni hayron qoldirdi va bu ish berdi, desak ham bo‘ladi. Vinisius va Rodrigo tez-tez pozitsiya almashib harakat qilgani Akanjini va butun "Siti" himoyasini shoshirib qo‘ydi. Qolgan tanlovlar hamda umumiy yondashuv - oddiylikning yuksak namunasi va shu oddiylikdan maksimal samara chiqara olishdir. Taktik tanlovlar aslida vaziyatni u qadar ham namoyon etmaydi. Sababi, o‘yin davomida jarayonga moslashuv butunlay o‘zgacha bo‘ldi. Murabbiylar kimlarni tanlagani va joylashuvni tahlil qilib bo‘ldik. Endi hodisalar va temp oqibatida yuzaga kelgan favqulotda o‘zgarishlarga nazar solamiz.

Birinchi bo‘lim

Birinchi taymning ilk daqiqasidayoq Grilish raqibi Chuamenini ortda qoldirdi va jarima zarbasi ishladi. Bundan tashqari, bu fol sariq kartochkaga ham loyiq ko‘rildi va Orelen javob bahsini o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi. Mazkur jarima zarbasidan kutilmaganda zarba yo‘llagan Bernardu o‘yinda hisobni ochdi. Luninning qisman xatosi va Silvaning ayyorligi, desak ham bo‘ladi.

"Real" golga tezkor reaksiya bildirishi aniq edi. Ammo bu qanday va qay yo‘sinda bo‘lishi hamma uchun noma’lum. 12-daqiqa davom etib borayotgan bir paytda Kamavinga markazda solo yurish amalga oshirib, raqib darvozasiga biroz kuchsiz va o‘xshamagan zarba yo‘lladi. Shunday bo‘lsada, Diash bu zarba golga aylanishi uchun maksimal hissa qo‘shdi. Rikoshet tufayli to‘p Ortega darvozasidan joy oldi. Bu golda "qaymoqranglilar"ning biroz omadi keldi, desak adashmagan bo‘lamiz. "Qirollik klubi" hisobda oldinga chiqib olgan epizod esa - "Real"ning DNKsi. Vinisius himoyaga yaqin zonada to‘pni qabul qilib, bitta uzatma bilan Rodrigoni birga-bir vaziyatga chiqarib yubordi. Biroq braziliyalik forvard biroz sekinlashishi oqibatida Akanji va Diash unga deyarli yetib oldi. 3 kishi qurshovida va biroz murakkab vaziyatda qolgan Rodrigo baribir gol urishning uddasidan chiqdi. Ehtiyotkorlikni tanlagan "Siti" pand yedi va o‘z darvozasidan ikkinchi to‘pni olib chiqdi. Osonlik bilan, ohista urilgan gol "shaharliklar"ning bugungi mudofaasiga berilgan eng xolis baho bo‘ldi.

Birinchi bo‘limning qolgan daqiqalarini "Siti" ko‘proq to‘p nazorati bilan o‘tkazdi. "Real" esa onda-sonda qarshi hujumlarga o‘tib turdi. Katta kuch bilan oldinga tashlanmagan Gvardiola jamoasi uzatmalar oqimini xavfli hujum sari yo‘naltira olmadi. O‘yin uchun tanlangan uslub ish bermadi va "shaharliklar" o‘zlari uchun qoniqarsiz hisob bilan taymni yakunlashdi.

Ikkinchi bo‘lim

"Siti" o‘yinni qutqarishi, himoya va hujumga dinamika qo‘shishi uchun o‘zgarishlar qilishi mumkin edi. Zahira anchagina keng, ya’ni resurslar yetarli. Biroq Gvardiola futbolchilarni almashtirmasdan ham o‘yinni o‘zgartira oladigan premius-klass murabbiyligini yana bir bor isbotladi. Birinchi bo‘limda yo‘qolib qolgan Foden endi qanotga o‘tdi, Bernardu esa nisbatan markazlashdi. Bundan tashqari, jamoaning pozitsion hujumi paytida Stounz markazda va hattoki hujumga yaqinroq zonada paydo bo‘ldi. Bu nimani ta’minladi? Foden endi qanotdan ham reydlar amalga oshirishi mumkin edi. Bundan tashqari, "Real" "Siti"ning tuzatishlaridan so‘ng raqibdan to‘pni olib qo‘yib, markazdan osonlik bilan o‘tib keta olmadi va hujumlar ko‘p hollarda maydon markazining o‘zida "kesildi".

Ryudiger Xolandni yaxshi qo‘riqlagani va Madrid klubi mudofaasi o‘z jarima maydoni ichida ancha zich harakat qilgani mazkur bellashuvda "Siti"ning hujumdagi kreativi, shuningdek, tajovuzkorligini keskin pasaytirib yubordi. Biroq 66 va 71-daqiqalarda Pep va uning shogirdlari yechimni bizga namoyish etdi. Norvegiyalik hujumchi yaxshi qo‘riqlanayotgan, raqib mudofaasini yorib o‘tishi qiyin bo‘layotgan bir paytda olisdan zarba yo‘llash - eng to‘g‘ri variant edi. Dastlab, Foden, keyin esa Gvardiolning "pushkasi" "Siti"ni oldinga olib chiqdi. Gvardiola jamoasi darvozada Kurtua yo‘qligidan ham maksimal foyda chiqardi, desam adashmagan bo‘laman. Hisob 3:2 bo‘lib turgan joyida bu hali yakun emasdi. Chiroyli gollarga madridliklar xuddi shunday uslubda javob berdi. Vinisiusning zargarona va fizika qonunlarini chetlab o‘tuvchi uzatmasidan so‘ng Valverde to‘pni to‘xtatmay darvozaga joylab qo‘ydi.

Ikkinchi taymda kiritilgan har uchala gol chiroyli va futbolchilarning individual mahorati. Shunday bo‘lsada, urilgan ikki gol "Siti" o‘yinni xotirjam nazorat qila olgani, "Real"ni hadeb qarshi hujumlarga o‘tkazib yubormaganining mevasi bo‘ldi. Fedenning "pushkasi" esa bu "Real"ning reaksiyasi va yengilmas xarakteri timsoli. Bundan tashqari, Modrich va Diasning maydonga tushgani ham Madrid klubining o‘yiniga ijobiy ta’sirini o‘tkazdi. Aynan xorvatiyalik "qariya"ning say-harakatlari bilan hujum keskinlashdi. Qolgani janubiy amerikaliklarning ijod mahsuli.

"Siti"ni diskomfort qilishi mumkin bo‘lgan jihat bu - ko‘p hujum uyushtirib gol ura olmaslik va yakunda mag‘lub bo‘lish. Biroq biroz avval yakunlangan o‘yinda unday bo‘lmadi. Buni statistika va uchrashuv x'Gsi ham ko‘rsatib turibdi. Har ikki jamoa minimumdan maksimum foyda chiqardi.

Xulosa

Xuddi o‘tgan yili Madridda bo‘lgani kabi birinchi bo‘lim "Real"ning, ikkinchi bo‘lim esa "Siti"ning foydasiga hal bo‘ldi. Umumiy bahsdan ko‘proq foydani baribir manchesterliklar oldi. "Qaymoqranglilar" o‘z futbolini o‘ynadi, Gvardiola moslashdi. "Real"ning azartidan keyin mehmonlar o‘zini yo‘qotib qo‘ymay, gollar urishni va bellashuvni o‘z tizginidan chiqarib yubormaslikni ilojini qilishdi. Madriddan eson-omon, katta yo‘qotishsiz qaytgani Gvardiolaning topqirligi. Mazkur hisob javob bahsi oldidan Manchester klubiga biroz ustunlik beradi. "Etihad"da umuman boshqacha "Siti"ni ko‘rishimiz ham mumkin. Endi "Karlo ota" zimmasiga "shaharliklar"ning kuchli bosimiga dosh berish missiyasi qo‘yiladi. Sababi, ular Madriddan u qadar og‘ir bo‘lmagan yuk va o‘zlari uchun ancha ijobiy natija bilan qaytyapti.

KARIM Xudayqulov maqolasi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Real" o‘z o‘yinini qildi, "Siti" esa raqib haroratiga moslashdi va o‘zini yo‘qotib qo‘ymadi (O‘yin tahlili)