12:51 / 23.04.2024
1 136

Ashurmatovning haydalishi muhokamalarga sabab bo‘lmoqda

Ashurmatovning haydalishi muhokamalarga sabab bo‘lmoqda
Rossiya Premer-ligasining 25-turida “Rubin” futbolchilari o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida Moskvaning “Lokomotiv” jamoasi bilan 1:1 hisobida durang o‘ynadi.

Uchrashuvning kulminatsion nuqtasi 76-daqiqaga to‘g‘ri keldi. Qozonliklar sharafini himoya qilayotgan o‘zbekistonlik himoyachi Rustam Ashurmatovga bosh hakam Yevgeniy Kukulyak to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka ko‘rsatdi.

Bu jazo shubhali ko‘ringani va legionerimizning yo‘qligi o‘yinga ta’sir ko‘rsatgani sababli vaziyat muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.

Sports.uz portal o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga futbol ekspertlarining ushbu vaziyat yuzasidan bildirgan fikr-mulohazalarini havola etadi.

Sergey Lapochkin, FIFA sobiq hakami:
- Bu vaziyat bo‘yicha savollar juda ko‘p. Birinchisi – bu folmi yoki yo‘q? Qoidani kim buzdi – Aleksey Gritsayenkomi yoki Rustam Ashurmatov? Agar bu fol bo‘lsa, qizilga loyiqmidi yoki yo‘q, balki Gritsayenkoga ikkinchi sariq kartochkadir? O‘ta qiyin holat.

Shaxsan men Ashurmatovning oyog‘i “Lokomotiv” futbolchisining tizzasiga tekkanini ko‘rdim. Tabiiyki, bu fol. Shuning uchun himoyachi tomonidan qoida buzildi, deb qaradim.

Shaxsiy fikrim shuki, bosh hakam ushbu o‘ta murakkab vaziyatda raqibni yaqqol gol urish imkoniyatidan ayirgan himoyachini maydondan chetlatib va jarima zarbasi belgilab mutlaqo to‘g‘ri qaror qabul qilgan.

Lekin vaziyat juda qiyin va tortishuvlarga sabab bo‘lyapti. Bu fol sariq kartochkaga tortardi xolos, deganlarni ham tushunib turibman.

Bosh hakamda qaror qabul qilish uchun bir lahza bor xolos. O‘z referilarimizga ishonaylik. Ha, ba’zan ular xato qiladi. Kelinglar, bu galgi epizodda hakamlar brigadasi haq edi, deb qabul qilaylik
.

Dmitriy Sennikov, “Lokomotiv” sobiq futbolchisi, ikki karra Rossiya chempioni:
- Mening nazarimda, bosh hakam bu holatda Rustam Ashurmatovga qizil emas, balki Aleksey Gritsayenkoga ikkinchi sariq kartochkani ko‘rsatishi kerak edi. Gritsayenko fol ishlatdi, u raqibni Ashurmatovga itarib yubordi. Bu so‘nggi umid foli ekani tushunarli. Baribir qizil kartochka bu xato qaror!

Vaziyat murakkab ekan, bosh hakamni VARga chaqir! Referi videotakrorni ko‘rib, Gritsayenkoni maydondan chetlatsin!

Biz Timur Suleymanov Rustam Ashurmatovga borib urilganini ko‘rdik. Folning boshlanishi Gratsiyenkodan boshlandi-ku. Hakamlar bu vaziyatni tahlil qilib chiqadi hali
.

Rustam Ashurmatov 2023 yilning boshidan beri Qozonning “Rubin” jamoasi sharafini himoya qilmoqda. Legionerimiz jamoaning birinchi ligadan yuqori divizionga ko‘tarilishiga hissa qo‘shgan.

Joriy mavsum “Rubin” Premer-ligada yaxshi ishtirok etmoqda. Rustam Ashurmatov esa, asosiy tarkib o‘yinchisiga aylanib oldi. 27 yoshli legionerimiz hozirgacha Premer-ligada 14 ta uchrashuvda qatnashib, himoyadagi vazifalarini uddalashdan tashqari, bitta gol ham urgan. Rossiya kubogida beshta o‘yinda o‘z hisobiga bitta to‘p yozdirib qo‘ydi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ashurmatovning haydalishi muhokamalarga sabab bo‘lmoqda