22:24 / 23.04.2024
405

Abbosbek Fayzullayev birdaniga uchta sovringa da’vogar

Abbosbek Fayzullayev birdaniga uchta sovringa da’vogar
Rossiya Premer-ligasi 2023-2014 yilgi mavsum va pozitsiyalar bo‘yicha “Winline Rossiya Premer-ligasi qahramonlari” sovrini uchun da’vogarlik qiladigan yuz nafar futbolchidan iborat ro‘yxatni e’lon qildi.

G‘oliblar sovrin beruvchi tashkilot rasmiy saytida ovoz berish orqali aniqlanadi. G‘oliblarni aniqlash jarayoni uch bosqichda aniqlanadi.

1. Jurnalist va blogerlar ovoz beradigan sana: 22–30 aprel
2. Muxlislar ovoz beradigan sana: 2–13 may
3. Ekspertlar ovoz beradigan sana: 15–24 may

G‘olib 100 nafar da’vogar ro‘yxatiga kiritilgan 10 ta darvozabon, 30 ta himoyachi, 30 ta yarim himoyachi va 30 ta hujumchi orasidan tanlanadi. Pozitsiyalar bo‘yicha nominatsiyalar g‘oliblari ham ushbu umumiy ro‘yxatga kiritilganlar orasidan tanlanadi. Faqatgina pozitsiyalar bo‘yicha da’vogarlar ro‘yxatiga yana uch nafar darvozabon kiritiladi.

SSKAda yorqin o‘yin ko‘rsatayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Abbosbek Fayzullayev “Winline Rossiya Premer-ligasi qahramonlari” umumiy tanlovi va “Mavsumning eng yaxshi hujumchisi” nominatsiyasi bo‘yicha ikkita sovringa da’vogarlik qilmoqda.

Bundan tashqari, 20 yoshli hujumkor futbolchimiz yana bir yo‘nalish bo‘yicha ham nomzodlar qatoriga kiritilgan.

“Winline Rossiya Premer-ligasi qahramonlari” tanlovi tashkilotchilari “Mavsum kashfiyoti”, deb nomlangan yangi nominatsiyani kiritdi. Rossiya Premer-ligasi matbuot xizmati ushbu yangi sovringa 20 nafar futbolchidan iborat da’vogarlar ro‘yxatini e’lon qildi.

Abbosbek Fayzullayev ham “Mavsum kashfiyoti” nominatsiya bo‘yicha g‘oliblikka asosiy da’vogarlardan hisoblanadi. Bu tanlovda jurnalist va blogerlar 20 nafar o‘yinchidan eng kuchli beshtasini tanlab oladi. Undan keyin muxlislar 2 maydan boshlanadigan ochiq ovoz berish yo‘li bilan uch nafar asosiy nomzodni tanlaydi. G‘olib aynan mana shu uch nafar futbolchidan biri bo‘ladi.

Ta’kidlash joizki, Abbosbek Fayzullayev uchta yo‘nalish bo‘yicha g‘oliblik uchun kurash olib borish imkoniga ega.

20 yoshli hujumkor futbolchimiz o‘tgan yilning avgust oyida “Paxtakor”dan SSKAga ko‘chib o‘tganidan keyin debyut mavsumidayoq muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozondi. Rossiya Premer-ligasi ekspertlari mavsumning birinchi yarmida Fayzullayevni chempionatning asosiy kashfiyoti sifatida e’tirof etdi.

Abbosbek SSKAga ko‘chib o‘tganidan beri Premer-liga va kubok musobaqalarida jami 26 marotaba maydonga tushib, 4 ta gol va 11 ta assist muallifi bo‘ldi.

“Winline Rossiya Premer-ligasi qahramonlari” tanlovi doirasidagi g‘olib va sovrindorlar 26 may kuni e’lon qilinadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abbosbek Fayzullayev birdaniga uchta sovringa da’vogar