07:30 / 09.05.2024
202

Anvar G‘ofurov: "Bunyodkor" U19 ga o‘tkazilishi, xorvatiyalik murabbiylarning ketishi va Zeytullayevning kelishi haqida

Anvar G‘ofurov: "Bunyodkor" U19 ga o‘tkazilishi, xorvatiyalik murabbiylarning ketishi va Zeytullayevning kelishi haqida
Yangi chempionat boshlanganiga endi uch och oy bo‘lyapti. Ammo shu vaqt ichida “Bunyodkor”da uchta murabbiy o‘zgardi.

Avvaliga xorvatiyalik murabbiylar shtabi, keyin Anvar G‘ofurovga vaqtincha bosh murabbiylik topshirildi. Mana, endi uning o‘rnida Ilyos Zeytullayev ishlayapti. G‘ofurovni esa “Bunyodkor” U19 jamoasiga o‘tkazishibdi. Sports.uz jurnalisti u bilan suhbatlashdi.

- Mavsum boshida “Bunyodkor”da xorvatiyalik murabbiylarga yordam berdingiz. Keyin vaqtinchalik bosh murabbiy vazifasida ham ishladingiz. Hozir “Bunyodkor” U19 jamoasini boshqaryapsiz. Sizga ham voqealar rivoji juda tez o‘zgarayotgandek tuyulmayaptimi?
- Nima deyishni ham bilmayman. Bu juda katta mavzu. Boshida aytib o‘tganingizdek to‘g‘ri, xorvatiyalik murabbiylarga yordam bergandim. Natijalar qoniqarli bo‘lmaganiga rahbariyat shunaqa qaror qabul qilishdi va menga vaqtinchalik bosh murabbiy vazifasini topshirishdi. Menga berilgan bunday imkoniyatdan minnatdorman. Buning uchun rahbarlarga katta rahmat. Bu men uchun yaxshigina tajriba bo‘ldi. Kelajakda albatta yordam beradi, deb o‘ylayman.

- “Bunyodkor” U19 ga o‘tishingiz qanday yuz berdi?
- “Bunyodkor” baribir o‘rtamiyona klub emas. Bu jamoa yuqori o‘rinlarda bo‘lishi kerak. Balki natijalar noqulay bo‘lgan bo‘lsa, rahbariyat qaror qabul qildi. Buni to‘g‘ri qabul qilish kerak. Yana qaytaraman: menga berilgan imkoniyat uchun rahbariyatga rahmat.

- Baribir “Bunyodkor”ning natijalari hali ham salbiy. Hamon g‘alabasiz seriyasi davom etyapti. Bosh murabbiylikka Ilyos Zeytullayevni olib kelishdi. Bu xususida fikringiz qanday?
- Men qanaqa fikr bildira olaman? Hech nima ayta olmayman. U ham hamma murabbiylarga o‘xshagan murabbiy. Unga ham imkoniyat berilyapti. O‘z ishini qilyapti, shunaqa deb o‘ylayman. Boshqa izoh yo‘q. Baribir barcha murabbiy natijalarga qarab qolgan. Asosiysi, natijalar orqali baho beriladi.

- Bubalodan keyin sizga vaqtincha bosh murabbiylik topshirilganida oxirigacha ishlashingizga ishonganmidingiz? Qisqa vaqt ichida yana bunday o‘zgarish bo‘lishini o‘ylamagan bo‘lsangiz kerak...
- Bu savol to‘g‘rimi-noto‘g‘rimi, bilmadim. Menga berilgan imkoniyatdan minnatdorman, bo‘ldi. “Bunyodkor” kuchli o‘yinlar ko‘rsatib, har yili O‘zbekiston bo‘yicha o‘ziga muxlislar orttirgan. O‘z nomi bor. Kamida kuchli uchlikda bo‘lishga va OCHLda ishtirok etishga arziydigan klub. Balki shuni amalga oshirish uchun yana murabbiylar shtabida o‘zgarish qilishdi. Hammasini vaqt ko‘rsatadi.

- Umuman olganda, “Bunyodkor”ga nima yetishmayapti? Klubni sira bunday ahvolda ko‘rmaganmiz va bu kabi muvaffaqiyatsiz startni ham kutmagandik...
- Bu holatda hech qanaqa izoh bera olmayman. Barcha izoh o‘zimda. Chetdan qaraganda qanaqa tuyulyapti, bilmadim. Lekin men bu vaziyatga izoh bera olmayman. Klubni ichidagi narsa tashqariga chiqib ketmasligi kerak. O‘ylaymanki, vaqti soati kelib barchasi o‘z ishiga tushib qoladi.

- Xorvatiyalik murabbiyni kelib-ketishiga munosabatingiz qanday bo‘ldi? Ularga yana imkoniyat berish kerakmidi yoki to‘g‘ri bo‘ldimi?
- Xohlaysizmi-xohlamaysizmi, har bir murabbiyni ishi natijaga bog‘liq. Uni yomon murabbiy deb aytmayman. O‘ziga yarasha yaxshi murabbiy. Balki bir nima o‘xshamagandir yoki qandaydir tushunmovchilik bo‘lgandir. Ilk turda “Qizilqum” bilan o‘ynadik. Ular yomon jamoa emas. “Andijon” ham yaxshi raqib. O‘z uyida va safarda mag‘lub bo‘lish o‘z ta’sirini ko‘rsatdi, deb o‘ylayman.

- “Bunyodkor” U19 dagi ishingiz qanday? Oldingi faoliyatingizdan qanday xulosa chiqardingiz?
- O‘zim uchun ma’lum vaqt dam oldim. Bu borada rahbariyat menga ruxsat berdi. Mana, endi U19 jamoasidaman. Yigitlar bilan tanishyapman. Kimlarnidir bilaman, kimlarnidir endi bilyapman. Hali butunlay kirishib ketdim, deb ayta olmayman. Kimni nimalarga qodirligini asta-sekin o‘rganib boryapmiz.

Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Anvar G‘ofurov: "Bunyodkor" U19 ga o‘tkazilishi, xorvatiyalik murabbiylarning ketishi va Zeytullayevning kelishi haqida