date
views 352

Abbosbek Fayzullayev jurnalistlarga bergan intervyusida nimalar dedi?

Abbosbek Fayzullayev jurnalistlarga bergan intervyusida nimalar dedi?
Rossiya Premer-ligasida mavsum kashfiyoti sifatida e’tirof etilgan Abbosbek Fayzullayevning faoliyatida o‘sish kuzatilmoqda. 20 yoshli futbolchimiz qisqa fursatda SSKA va O‘zbekiston milliy terma jamoasining asosiy o‘yinchilaridan biriga aylandi.

Bundan tashqari, Abbosbek Fayzullayev O‘zbekiston olimpiya terma jamoasida ham asosiy figuralardan hisoblanadi va Fransiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qiladigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishi kutilmoqda.

Shu bilan birga kelasi mavsumda Fayzullayev SSKA tarkibida ham jiddiy maqsadlar sari kurashishga bel bog‘lagan. Legionerimiz jurnalistlar bilan suhbatda ana shular haqida gapirdi.

— Chililik Viktor Davila bilan o‘zaro do‘stligingiz qanday paydo bo‘ldi? Mashg‘ulotlardan tashqari ham birga vaqt o‘tkazishlaring mumkinmi?
— SSKA jamoasida dastlabki yilimiz bo‘lgani uchun bir birimiz bilan yaxshi chiqishib ketdik. Men ispan tilini o‘rganishni istayman, u esa ingliz tilini. Shuning uchun bir birimizga yordam beryapmiz.

— Nima deb o‘ylaysan, Chempionlar ligasining favoriti qaysi jamoa?
— Men “Borussiya” sovrin yutishini istayman, lekin “Real” g‘alaba qozonadigandek. Shunchaki yangi jamoa g‘olib bo‘lishini xohlayapman.

— Yevropa chempionatlarida kuchingni sinab ko‘rish niyating bormi?
— Albatta, Yevropaning top-klublarida o‘ynash orzusi bor, faqat vaqti kelganda. Hozir SSKA bilan shartnomam bor. Men kelishuv va klubni hurmat qilaman.

— Senga qaysi yevropa chempionati ma’qulroq?
— Ispaniyaniki, chunki texnikaga asoslangan.

— SSKAdan La Liga klubiga o‘tishni maqsad qilib qo‘yganmisan?
— Maqsadlarim katta. Albatta, vaqti kelganda top-klubga o‘tishni istayman.

— Yozda Olimpiya o‘yinlariga borishing kerak. Bosh murabbiy bilan bu borada suhbatlashdingmi, yana jamoadan ketasanmi?
— Hali gaplashmadik.

— SSKA muxlislariga aniqlik kiritib bersang, nega klubga foydang tegib turganida futbolchi sifatida boshqa joylarga ketishingga to‘g‘ri kelyapti?
— Olimpiada sportchilar uchun juda katta musobaqa va u hayotingizda bir martagina bo‘lishi mumkin. Biz tarixda ilk bor ushbu musobaqaga yo‘llanma olganimizdan baxtiyorman.

Men o‘tgan gal jamoadan ketganimda, federatsiya va klub o‘rtasida muloqot va kelishuv bo‘lgan. Agar bahorda klub meni yoshlar o‘rtasidagi Osiyo kubogiga qo‘yib yubormaganida, xotirjam shu yerda o‘ynab, jamoaga yordam bergan bo‘lardim. Men shunchaki ketib qoladiganlardan emasman.

— SSKAning asosiy raqibi “Zenit”mi yoki “Spartak”?
— O‘tgan yillardagi vaziyatlar hisobiga “Spartak”, deb o‘ylayman. SSKA va “Spartak” uchrashuvlari har doim superderbi hisoblanadi.

— “Zenit” yoki “Spartak”ga gol urishni tanla?
— Ikkalasiga ham gol uraman (kuladi).

— Moskvada senga nimalar yoqadi? Vaqtingni qanday o‘tkazasan?
Moskva harorat issiq bo‘lganda yoqadi. Parklarda sayr qilishni xush ko‘raman. Bu yerda yaxshi parklar bor. Ob-havo yaxshi bo‘lganida sayr qilaman, aks holda uyda o‘tiraman.

— Moskvaning uchta yaxshi jihatini sana...
— Go‘zallik, mehmondo‘stlik va stadionimiz.

Abbosbek Fayzullayev yakunlangan mavsumda Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogida jami 32 ta uchrashuvda maydonga tushib, raqiblar darvozasiga beshta gol kiritdi va jamoadoshlariga 14 marotaba golli pas uzatdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abbosbek Fayzullayev jurnalistlarga bergan intervyusida nimalar dedi?