19:29 / 03.06.2024
141

O‘zbekiston terma jamoasi posbonlari o‘z klublarida qanday harakat qilmoqda?

O‘zbekiston terma jamoasi posbonlari o‘z klublarida qanday harakat qilmoqda?
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes jahon chempionati 2-saralash bosqichi doirasidagi Turkmaniston va Eronga qarshi uchrashuvlarda qatnashadigan futbolchilarning nomini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qaydnoma 20 nafar futbolchi va 3 darvozabondan iborat.

Sports.uz portali futbolchilarimizning klubidagi faoliyati haqida ma’lumot beradi.

O‘tkir Yusupov

O‘tkir Yusupov 2019 yildan buyon Namanganning "Navbahor" jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. Katanes deyarli barcha uchrashuvlarda uning xizmatidan foydalanib kelyapti. 33 yoshli posbon joriy mavsumda "lochinlar" bilan chempionlik uchun kurashmoqda. Yusupov "Navbahor"ning Superligadagi barcha 9 ta o‘yinida qatnashib, 8 ta gol o‘tkazgan. "Lokomotiv", "Neftchi" va "Olimpik"ka qarshi bahslarda o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan.

Shu kunga qadar O‘tkir terma jamoamiz safida 29 ta bellashuvda ishtirok etgan. Uning "Transfermarkt" portalidagi narxi 700 ming yevroni tashkil qiladi.

Botirali Ergashev

Botirali Ergashev 2024 yilgi mavsumni Farg‘onaning "Neftchi" klubida boshladi. Chempionlik uchun kurashayotgan "yo‘lbarslar" safida Botirali unchalik ko‘p o‘yin amaliyotga ega bo‘lmayapti. 28 yoshli darvozabon joriy mavsumda Superligada 2 ta, O‘zbekiston Kubogida 2 ta o‘yin o‘tkazdi. Ushbu 4 uchrashuvda 2 gol o‘tkazgan Ergashev qolgan 2 bahsda "quruq" o‘yin o‘tkazgan. Botiralining "Transfermarkt"dagi narxi 250 ming yevroga baholanmoqda.

Abduvohid Ne’matov

Abduvohid Ne’matov 2024 yilgi mavsumni qolgan darvozabonlarga nisbatan ertaroq boshlagan edi. 23 yoshli posbon mavsumni "Al-Ayn"ga qarshi ikki uchrashuv bilan boshladi. Dastlabki uchrashuvda darvozasidan gol olib chiqmagan bo‘lsa, ikkinchi o‘yinda ikkita gol o‘tkazib yubordi. Abduvohid "Nasaf" bilan birgalikda Superliga chempionligi uchun kurash olib bormoqda.

Golkiper Superliganing barcha 8 ta bahslarida maydonga tushib, 8 marotaba gol o‘tkazib yuborgan. Ikki uchrashuvda esa darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan. Jizzaxlik darvozabon jamoasining Superkubokni qo‘lga kiritishiga ham juda katta hissa qo‘shdi. Penaltilar seriyasida 3 marotaba raqiblarning zarbasini qaytarishdan tashqari, jamoa uchun muhim bo‘lgan golni "panenka" uslubida darvozaga kiritdi.

Shuningdek, Abduvohid Olimpiya terma jamoasi bilan ham Osiyo Kubogida ishtirok etdi va Parij Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishga yordam berdi. Darvozabon finalgacha 4 uchrashuvda maydonga tushib, barchasida o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qolgan bo‘lsa, finalda 1 ta gol o‘tkazib yubordi. Musobaqaning "eng yaxshi darvozaboni" deb topilganini ham ta’kidlab o‘tishimiz joiz.

Ma’lumot uchun, Ne’matovning narxi 700 ming yevroga teng.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston terma jamoasi posbonlari o‘z klublarida qanday harakat qilmoqda?