
O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes jahon chempionati 2-saralash bosqichi doirasidagi Turkmaniston va Eronga qarshi uchrashuvlarda qatnashadigan futbolchilarning nomini e’lon qildi. Unga ko‘ra, qaydnoma 20 nafar futbolchi va 3 darvozabondan iborat. Hozirda chaqirilgan 23 futbolchining 13 nafari legioner bo‘lsa, 10 tasi mahalliy klublarimizda o‘ynaydi.
Rustam Ashurmatov
Ashurmatov hozirda Qozonning "Rubin" jamoasida harakat qilmoqda. 27 yoshli vakilimizni rus jamoasida asosiy tarkib futbolchisi deya olmaymiz. O‘zbekistonlik himoyachi joriy mavsum "qizil-yashillar" safida barcha musobaqalarda 19 o‘yinda maydonga tushib, 2 golni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi.
Rustam maydonda umumiy 1160 daqiqa harakat qilgan. Terma jamoamiz asosiy futbolchilardan biri 15 uchrashuvni zaxiradan kuzatgan bo‘lsa, 3 uchrashuvni diskvalifikatsiya tufayli o‘tkazib yuborgan. Hamyurtimiz Rossiya ichki chempionatining 25-tur doirasidagi "Lokomotiv"ga qarshi bahsda qizil kartochka olib maydonni tark etgan edi.
Ma’lumot uchun, "Transfermarkt" portali legionerimizning transfer qiymatini 700 ming yevroga baholagan.
Husniddin Aliqulov
2023-24 yilgi mavsumni legioner sifatida boshlagan Husniddin Aliqulov "Rizespor"ning asosiy tarkib futbolchisiga aylana oldi. 2024 yilning dastlabki 2 oyini jarohat bilan o‘tkazganini inobatga olmasak, 25 yoshli himoyachimiz uchun ajoyib mavsum o‘tdi. Hamyurtimiz Turkiya Superligasida 21 o‘yinda maydonga tushdi va jamoasining chempionatda 9-o‘rinni egallashiga yordam berdi. "Transfermarkt" portaliga ko‘ra, Aliqulovning narxi 1.20 million yevroni tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Aliqulov 2024 yilning avvalida olgan jarohati sabab Osiyo Kubogi-2024 musobaqasida qatnasha olmadi.
Abduqodir Husanov
Joriy mavsumdan top-5 chempionatimizda o‘ynaydigan futbolchilarimiz soni bittaga ko‘paydi. Abduqodir Husanov "Energetik BGU" jamoasidan Fransiyaning "Lans" klubi safiga ko‘chib o‘tdi. Husanov lansliklar safida asosiy tarkibi futbolchisi bo‘lmasa-da, yetarlicha o‘yin amaliyotiga ega bo‘ldi.
Iqtidorli himoyachimiz barcha musobaqalarda 15 o‘yin o‘tkazdi, maydonda umumiy 959 daqiqa harakatlandi. Shuningdek, vakilimiz klublar o‘rtasidagi eng nufuzli musobaqalarda ham ishtirok etganini ta’kidlashimiz joiz. Bundan tashqari Abduqodir Olimpiya terma jamoamiz bilan Parij-2024 yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Husanovni "Lans" bu musobaqaga kelishi ham osonlikcha bo‘lmagan edi, UFA himoyachimiz uchun Fransiya klubi bilan muzokara olib bordi va faqatgina hal qiluvchi o‘yinlar uchun ruxsat oldi.
Himoyachimizning transfer qiymati masum davomida 400 ming yevrodan 2.5 millionga ko‘tarildi.
Abdulla Abdullayev
OKMKdagi ishonchli o‘yinlaridan so‘ng Abdulla Abdullayev 2023/24 yilgi mavsumdan BAA Pro Ligasining "Xor-Fakkan" jamoasi ko‘chib o‘tdi. 26 yoshli futbolchimiz qisqa muddat ichida sharjaliklarning asosiy tarkib futbolchisiga aylana oldi. Abdullayev terma jamoada markaziy himoyachi sifatida harakat qilsa-da, BAA klubida turli xil pozitsiyalarda harakat qilmoqda. Abdullayev 8 uchrashuvni tayanch yarim himoyachi, 8 bahsda markaziy yarim himoyachi, 5 o‘yinda markaziy himoyachi va 2 to‘qnashuvda hujumkor yarim himoyachi sifatida o‘ynagan. Umumiy 21 uchrashuvda maydonga tushgan universal futbolchimiz o‘z hisobiga 2 assistni yozdirib qo‘ygan.
Terma jamoamiz vakilining "Transfermarkt"ga ko‘ra narxi 800 ming yevro hisoblanadi.
Farrux Sayfiyev
O‘tgan mavsum "sherlar" bilan birga O‘zbekiston chempioniga aylangan Farrux Sayfiyev 2024 yilgi mavsumni "Navbahor"da boshladi. Sayfiyev o‘z oldiga chempionlikni maqsad qilgan namanganliklarning o‘n bittaligiga kiruvchi futbolchi hisoblanadi. 33 yoshli hozirga qadar vodiyliklar safida Superliganing barcha - 9 bellashuvida to‘liq 90 daqiqadan harakat qilgan va o‘z nomiga ikki assistni yozdirib qo‘ygan. Bundan tashqari kubokda yana ikki bahsda ham o‘ynagan.
Sayfiyevning ayni paytdagi narxi 450 ming yevroni tashkil qiladi.
Sherzod Nasrullayev
Qarshining "Nasaf" klubi himoyachisi Sherzod Nasrullayev Osiyo kubogi guruh bosqichi doirasidagi Hindistonga qarshi o‘yinda oyog‘ida og‘riq sezgani uchun ikkinchi bo‘lim boshida zaxiraga olingan edi. Shundan so‘ng Nasrullayev jarohat sabab termamizning boshqa o‘yinlarida qatnashmadi.
25 yoshli himoyachi jarohati sabab Superliganing dastlabki ikki uchrashuvlari - "Olimpik" va "Paxtakor"ga qarshi qaydnomaga kiritilmadi. Biroq Sherzod 3-turdagi "Qizilqum"ga qarshi zaxiradan maydonga tushdi va mavsumdagi ilk o‘yinini o‘tkazdi. Shundan so‘ng u Superliga doirasidagi "Andijon", OKMK, "Bunyodkor", "Surxon", Dinamo" va "Lokomotiv"ga qarshi uchrashuvlarda to‘liq 90 daqiqa o‘tkazdi va ikki assistni o‘z nomiga yozdirib qo‘ydi.
Ma’lumot uchun, Nasrullayevning "Transfermarkt" portalidagi narxi 900 ming yevro.
Muhammadqodir Hamraliyev
Toshkentning "Paxtakor" jamoasi himoyachisi Muhammadqodir Hamraliyev ham mavsumning dastlabki uch turini jarohat sabab o‘tkazib yubordi. "Sherlar"ning himoyasida mavsum boshida Abdumajidov va Asqarov harakat qildi. Hamraliyev 4-turda "So‘g‘diyona"ga qarshi uchrashuvda qaytdi. Shundan so‘ng barcha uchrashuvlarda to‘liq 90 daqiqa o‘ynamoqda. 22 yoshli markaziy himoyachi yaqinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Superkubogi finalida penaltidan foydalana olmadi.
Hamraliyev terma jamoada 2 ta uchrashuvda qatnashgan bo‘lib, uning narxi 550 ming yevroni tashkil qiladi.
Umarbek Eshmurodov
"Nasaf" va terma jamoadagi ishonchli o‘yinlaridan so‘ng Umarbek Eshmurodov Malayziyaning "Selengor" klubiga 2024 yil avvalida ko‘chib o‘tdi. 31 yoshli himoyachi "qizil devlar"ning eng qimmat futbolchisiga aylandi. Janubiy-sharqiy Osiyo chempionati 10 may kunidan boshlandi va 3 tur ortda qoldi. "Selengor" jamoasining 1-turdagi uchrashuvi qoldirildi, qolgan ikkala bahsda esa Umar to‘liq harakatlandi jamoasining "quruq" o‘yin o‘tkazishiga yordam berdi. Eshmurodov OKMKda o‘ynab ketgan Elvin Fortes bilan jamoadosh hisoblanadi.
Uning hozirgi narxi 700 ming yevro. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar