
2026 yilgi Jahon chempionati saralashidan o‘rin olgan Turkmanistonga qarshi o‘yin oldidan terma jamoamiz futbolchisi Abbosbek Fayzullayev kichik intervyu berdi.
– Abbosbek, Turkmanistonga qarshi o‘yin haqida nima deya olasiz?
– Turkmanistonga qarshi o‘yin qiziqarli bo‘ladi deb o‘ylayman. Vazifani uddalab bo‘lganimizga qaramay, muxlislarimiz yonida o‘ynaymiz. Ularga yoqadigan o‘yin ko‘rsatishga harakat qilamiz. Uch ochkoni qo‘lga kiritmoqchimiz.
– SSKAda may oyi o‘yinchisi bo‘ldingiz. Umuman Rossiyada siz haqingizda juda ko‘p ijobiy fikrlar mavjud. Kelajagingiz haqida nima deya olasiz?
– Kelajagim haqida hech narsa deya olmayman. Chunki SSKA bilan shartnomam bor. Hozir terma jamoadaman, asosiysi bu yerda ikkita o‘yinni o‘tkazib olishim.
– SSKAda murabbiy o‘zgardi. Shu haqida fikringiz?
– Buni kecha bildim. Klub shu qarorga kelgan ekan, men hech narsa deya olmayman. Fedotov bilan ishlaganimdan juda xursandman. Turkiyadagi yig‘inlarda jamoaga qo‘shilib ketishimga ham asosiy sababchi aynan u bo‘lgandi.
– Rossiyada yangi mavsum iyul oyidan boshlanadi. Bu Olimpiadaga borishingizga to‘siq bo‘lmaydimi? Bu masala bo‘yicha biror kelishuvga erishdingizmi?
– Bu masala haqida gaplashmadik. Federatsiya va klub kelisha olsa, Olimpiadaga borish niyatidaman.
– Ertaga "Bunyodkor" stadionida o‘ynaymiz. Bu stadionda U-20 Osiyo kubogida g‘alaba qozongansiz. Muxlislarga biror chorlov bormi?
– Terma jamoaning har bir o‘yini muxlislar uchun bayram hisoblanadi. Ertaga ham kelib, qo‘llab-quvvatlab turishsa, xursand bo‘lardik. Qancha ko‘p muxlis kelsa, bu bizga qo‘shimcha kuch bo‘ladi.
– Abdurahmon Fozilov bilan iPhone masalasida nima bo‘lgandi?
– Shart bor edi. U shartni bajarmadim. Ertaga shu shartni bajarishga harakat qilaman. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar