01:00 / 09.06.2024
144

Aleksandr Krestinin: "Lokomotiv" taklifi ustida uzoq o‘ylab o‘tirganim yo‘q"

Aleksandr Krestinin: "Lokomotiv" taklifi ustida uzoq o‘ylab o‘tirganim yo‘q"
Bir necha kun avval Toshkentning “Lokomotiv” klubiga rossiyalik mutaxassis Aleksandr Krestinin rasman bosh murabbiy etib tayinlandi.

Muxlislarimiz bu murabbiyni yaxshi biladilar. O‘tgan yili yarim mavsum “Bunyodkor” jamoasida bosh murabbiylik qilgan. Endi u “Lokomotiv” klubida ish boshladi. Krestinin yangi jamoani qabul qilib olganidan so‘ng Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- Aleksandr Sergeyevich, “Lokomotiv” klubida bosh murabbiy lavozimiga tayinlanganingiz bilan tabriklayman. Bu taklif sizga ko‘proq nimasi bilan yoqdi?
- Menga bu taklif yoqdi. Zero, xuddi milliy terma jamoangiz singari O‘zbekiston chempionatining saviyasi ancha yuqori. O‘z navbatida murabbiylar ham yuqori darajada ish olib boryaptilar. Bir so‘z bilan aytganda, chempionat sifati yaxshi va har qanday kishini o‘ziga torta oladi. Shu bois taklif ustida uzoq o‘ylab o‘tirganim yo‘q.

- O‘tgan yili “Bunyodkor”da ishladingiz. Bu yil yana yurtimizdasiz. Aslida ham O‘zbekistonga qaytish rejangizda bormidi?
- Ha, O‘zbekiston chempionatiga qaytish eng ma’qul variant edi. Boya bu yerdagi futbol sifati yuqori ekanligiga bejiz to‘xtalganim yo‘q. O‘zbekistonga qaytish – bu zo‘r ish.

- “Lokomotiv”da qanday vazifa qo‘yildi?
- Bundoq olib qaraganda, jamoa chakki emas. Rahbariyat ham yaxshi. Ularning rejalari ancha zalvorli. Loyiha kishini o‘ziga tortadi. Jamoa mavsumni yaxshi boshladi. Ammo oxirgi natijalar quvonarli bo‘lmagani uchun nimanidir o‘zgartirish maqsadida bizni bu yerga chaqirishdi. Taklif uchun rahmat. O‘zaro tanishuv yaxshi sur’atda o‘tdi. Birinchilikda vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartira olamiz, deb o‘ylayman.

- Jamoada oldingi murabbiy legionerlarni jalb qilgan. Birinchi davradan keyin ular qolishadimi? Umuman, tarkibda qanday o‘zgarishlar qilmoqchisiz?
- Ishga endi kirishdik. Birinchi navbatda klubdagi yigitlar bilan yaqindan tanishishimiz hamda vaziyatni o‘zgartirish xususida bir to‘xtamga kelib olishimiz kerak bo‘ladi. Yana takrorlayman: jamoa tarkibi shakllangan. Ehtimol, keyinchalik qandaydir o‘zgarishlar ham bo‘lar. Lekin bu haqida fursati kelganda gaplashamiz.

- “Loko”da murabbiylar shtabida sizga kimlar yordamlashadi?
- Bizda murabbiylar shtabi muayyan mamlakat va millat vakillaridan tashkil topgan deya olmayman. Asosiysi, shtabimiz a’zolarining fikri bir joydan chiqadi. Ya’ni, hamfikrlar jamoasi yig‘ilgan. Oldimizga vazifa – bu klubni qiyin holatdan olib chiqib ketishdir. “Lokomotiv”ning bugungi ahvoli esa klubga befarq bo‘lmagan insonlarni qanoatlantira olmayapti. Bu jamoa o‘ziga xos tarixga ega va yuqori vazifalarni bajara oladi. Suhbatimiz avvalida aytib o‘tganimdek, klubni yana rivojlantirishimiz kerak. Asosiysi, rahbariyat buning uchun aniq maqsad va rejalarga ega.

Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Aleksandr Krestinin: "Lokomotiv" taklifi ustida uzoq o‘ylab o‘tirganim yo‘q"