15:01 / 13.06.2024
607

O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatiga chiqish imkoniyatlari qanday?

O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatiga chiqish imkoniyatlari qanday?
Foto: Getty Images
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi JCH—2026 saralashining 2-bosqichini muvaffaqiyatli yakunladi. Ushbu bosqichda O‘zbekiston milliy jamoasiga Turkmaniston, Eron hamda Gongkong jamoalari raqiblik qildi.

Ushbu o‘yinlarda O‘zbekiston terma jamoasi 2 durang va 4 g‘alaba qayd etdi. Eron bilan ikki o‘yinda (2:2, 0:0) durangga erishgan vakillarimiz, Turkmanistonni o‘z uyida va “Bunyodkor” stadionida (3:1, 1:0) mag‘lub etdi. Gongkong terma jamoasi O‘zbekiston darvozasiga yo‘l topa olmadi (2:0, 3:0). Shunday qilib, jamoamiz 14 ochko to‘pladi va faqatgina to‘plar nisbatiga ko‘ra ikkinchi o‘ringa joylashdi.

Foto: Wikipedia
Uchinchi bosqich savatchalari

Osiyo qit’asining Jch—2026 saralashida savatchalar ikkinchi bosqichdagi natijasiga emas, balki FIFA reytingiga ko‘ra tasniflanadi.

Foto: FIFA
O‘zbekiston terma jamoasi FIFA reytingida dunyoda 64-o‘rinni egallab turibdi. Bu ko‘rsatkich Osiyoda 8-natija hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston terma jamoasi 3-savatchadan joy oldi. Bu savatchadan o‘rin olgan Saudiya Arabistoni va Iordaniya termalari O‘zbekistonga raqiblik qila olmaydi.

JCH—2026 sari yo‘l

FIFA JCH—2026 uchun Osiyo futbol konfederatsiyasiga 8,5 ta yo‘llanma berishga qaror qilgan. Musobaqalar Kanada, Meksika va AQSH davlatlarida bo‘lib o‘tadi.

Foto: “PFL”
Uchinchi bosqichga Osiyodan 18 ta jamoa yo‘l oldi va ular 6 ta savatchaga ajratildi. Demak, yakuniy bosqichda ushbu 18 jamoa 3 guruhga ajratiladi.

Foto: Wikipedia
Har bir guruhdan birinchi hamda ikkinchi o‘rinni olgan jamoalar to‘g‘ridan to‘g‘ri Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. Guruhlarida uchinchi hamda to‘rtinchi o‘rinni egallagan jamoalar yana ikkita guruhga ajratiladi. Ushbu bosqichda ham ikkita yo‘llanma uchun kurash olib boriladi.

Foto: Wikipedia
Ikki guruhda birinchi o‘rinni egallagan jamoalar ham Jahon chempionati ishtirokchisiga aylanadi. Ikkinchi o‘rinni egallagan ikki jamoa esa saralashning so‘nggi yo‘llanmasi uchun kurash olib boradi.

O‘zaro o‘yinda g‘alaba qozongan jamoa Konfederatsiyalararo pley-off o‘yinlarida kurash olib boradi. O‘sha o‘yinlarda g‘alaba qozongan jamoa ham Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi.

Jahon chempionati yanada yaqin

Savatchalarga e’tibor beradigan bo‘lsak, bizga Yaponiya, Eron va Koreya milliy jamoalaridan birigina raqiblik qiladi. Ikkinchi bosqichda to‘qnash kelgan Eronga mag‘lub bo‘lmadik, demak ular bilan bemalol o‘ynash mumkin. Yaponiya hamda Janubiy Koreya termalari o‘z guruhlarida birinchi o‘rinni oldi. Yaponiya o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab, 6 o‘yinda 24 ta gol urgan bo‘lsa, Koreya Respublikasi shuncha o‘yinda 20 bora raqib darvozasiga yo‘l topdi. Qiziqarlisi, Tailand bilan o‘yinda koreyslar durang (1:1) qayd etdi.

Foto: Getty Images
O‘zbekiston terma jamoasi Janubiy Koreya termasiga o‘z uyida ancha vaqtdan buyon mag‘lub bo‘lmayapti. Ustiga ustak terma jamoamiz Katanes boshchiligida ancha ishonchli harakat qilmoqda. Yaponiya bilan so‘nggi bor Ektor Kuper boshchiligidagi terma jamoa o‘ynagan edi. 2019 yil bo‘lib o‘tgan o‘yinda O‘zbekiston termasi anchagina ishonchli harakat qilgan, ammo mag‘lubiyatga (2:1) uchragan.

Ushbu savatchadagi qulay raqiblar — Eron, Janubiy Koreya.

Noqulay raqib — Yaponiya.

Ikkinchi savatchada Avstraliya terma jamoasi 2024 yilgacha biz uchun eng noqulay raqib bo‘lib kelgan. Ammo Qatarda bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogida terma jamoamiz Avstraliya bilan kurashish mumkinligini isbotladi. Avstraliya o‘zbekistonliklarga 45-daqiqada penaltidan gol urib hisobni ochgandi. Ammo Turg‘unboyev 78-daqiqada hisobni tenglashtirib, bugungi kunda ushbu janubiy qit’a vakillari bilan ham kurashish mumkinligini isbotladi.

Foto: Getty Images
Lekin ushbu o‘yin neytral maydonda bo‘lganini inobatga olsak, Avstraliya o‘z uyida biz uchun murakkab raqibligicha qolmoqda. Qatar terma jamoasi bilan ham teng o‘yin ko‘rsata olishimiz mumkin. Qolaversa, ushbu jamoaning ro‘baro kelishi Osiyo kubogidagi alamli mag‘lubiyat uchun revansh olish imkonini beradi. Iroq bilan o‘yinlarda 2006 yildan beri vakillarimiz mag‘lubiyatga uchramayotgani xursand qiladi.

Ushbu savatchadagi qulay raqiblar — Iroq, Qatar

Noqulay raqib — Avstraliya

Saudiya Arabistoni bilan bir savatchada joylashganimiz biz uchun bir oz xotirjamlik beradi. Sababi eng muhim o‘yinlarda vakillarimiz arab mamlakati futbolchilarining provakatsiyalariga uchib qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yish holatlari bo‘lgan. To‘rtinchi savatchada joylashgan BAA, Ummon hamda Bahrayn jamoalari bir xil kuchga ega. Ayniqsa, Bahrayn jamoasi bilan o‘yinlar biz uchun tarixiy ahamiyat kasb etadi. Bekor qilingan penalti, qayta o‘ynalgan uchrashuv barcha o‘zbek muxlislari yodida bo‘lsa kerak.

Bahrayn va BAA jamoalari ikkinchi bosqichda bir guruhdan joy oldi va amirliklar ushbu o‘yinlarda mag‘lubiyatga uchramadi. Ummon o‘z guruhida yetakchilikni qo‘lga kiritdi. Ammo O‘zbekiston terma jamoasi bu uch arab davlatlariga qarshi o‘yinlarda ijobiy natija qayd etganini alohida ta’kidlash zarur.

Ushbu savatchadagi qulay raqiblar — Ummon, Bahrayn

Noqulay raqib — BAA

Qolgan ikki savatchadagi raqiblarning barchasida O‘zbekiston termasining natijalariga havas qilish mumkin. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, O‘zbekiston terma jamoasi Jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqishga har qachongidan yaxshiroq imkoniyatga ega. Ushbu bosqichga 18 jamoa yetib kelgan va shu jamoalardan yarmi Jahon chempionatiga yo‘l olishini inobatga olsak, bu safar o‘zbek futboli muxlislarining azaliy orzusi ushalishiga umid qilish mumkin.

JCH—2026 saralashining 3-bosqichiga 27 iyun kuni qur’a tashlanadi. Ushbu marosim Malayziyada bo‘lib o‘tadi. O‘yinlar joriy yilning 5 sentyabr sanasidan 2025 yil 10 iyungacha bo‘lib o‘tadi.

Erkin G‘aybullayev tayyorladi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston terma jamoasining Jahon chempionatiga chiqish imkoniyatlari qanday?