204
Autsayderlarga "sovg‘a" ulashayotgan "Navbahor" mavsum oxirida o‘zi hech narsasiz qolishi mumkin
Xash-pash deguncha birinchi davraning deyarli yakunidamiz. Demak, xulosalar qilinadigan palla keldi. Mavsum boshidagi aldamchi holatlarga aldanmaslik uchun biroz sukut saqlashga qaror qilgandik, zero mana endi sekin-asta kim aslida kimligi yuzaga chiqyapti. Jamoalarning asl kuchlari namoyon bo‘lmoqda. Keling dastlab jamoalarni ayni paytda egallab turgan o‘rnidan kelib chiqib uchta yo‘lga ajratib olsakda o‘z mulohazalarimiz bilan bo‘lishsak. Dastlab "Navbahor"dan boshlashni lozim topdik.
Duranglar girdobidagi jamoa
"Navbahor"da Samvel Babayan davri boshlanganidan buyon har yili chempionlik uchun kurashib kelmoqda. Lekin ana chempion, mana chempion deb turgan joyida "Paxtakor" bosh sovrinni ilib ketmoqda. Lekin bu yil uning eng asosiy raqobatchisi kuchsizlangani imkoniyatlar foizini oshirishi tabiiy. Oltin medallar uchun yo‘lga chiqqan "lochinlar" mavsumni g‘alaba bilan boshladi, shu bilan ketma-ket 3 ta o‘yinda duranglar seriyasi boshlanib ketdi. Bu orada uning ta’qibchilari ham ochkolar yo‘qotgani qo‘l keldi. Lekin so‘nggi 4 ta turda jamoaning ishlari yurishmayapti. Oldingi chiziqdagi sermahsullik ham yo‘qoldi va ketma-ket 3 ta o‘yinda raqiblar darvozasiga yo‘l topa olgani yo‘q. Prinsipial bahsda esa "Paxtakor" yana taslim qilinmadi.
Chempionlik niyatidagi "Navbahor" kimlar bilan o‘yinlarda ochko yo‘qotdi?
"Navbahor" - OKMK 1:1
"Bunyodkor" - "Navbahor" 2:2
"Navbahor" - "Surxon" 2:2
"Metallurg" - "Navbahor" 1:1
"Navbahor" - "Olimpik" 0:0
"Paxtakor" - "Navbahor" 0:0
"Navbahor" - "Qizilqum" 0:0
Ko‘rganingizdek jamoa Superliganing yarim jamoasini mag‘lubiyatga uchrata olgani yo‘q. Endi jamoalarga qarang, deyarli barchasi pastki o‘rinlarda joylashgan. "Metallurg", "Bunyodkor", "Qizilqum"ni 1 ochko ham qoniqtirishi turgan gap. Lekin "Navbahor"ni emas. "Sovg‘alar" ulashishni maromiga yetkazayotgan klub mavsum oxirida o‘zi hech narsasiz qolsa bu natijalarga razm solib qo‘ysin.
Oldindagi o‘yinlar
Fakt shuki, namanganliklar Superligada mag‘lub bo‘lmagan yagona jamoa bo‘lib turibdi. Lekin 7 ta durang yakunda og‘ir kelmasa bo‘lgani. Vaholanki, jamoa 2023 yil butun mavsum davomida 5 bor durang qayd etgandi. Bu yil birinchi davradayoq ko‘rsatkich yangilandi. "Lochinlar"da tanaffusga yaxshi kayfiyatda yo‘l olish uchun imkoniyat bor. Oldinda ularni "Andijon" va "Nasaf"ga qarshi muhim bahslar kutib turibdi. Ikkisi ham safarda bo‘lib o‘tadi.
26.06.2024. "Andijon" - "Navbahor"
30.06.2024. "Nasaf" - "Navbahor"
Tarkibdagi muammolar
"Navbahor" hujum chizig‘ida birgina Toma Tabatadzega bog‘lanib qolgan. Unga raqobatchi sifatida olib kelingan Giorgi Nikabadze 11 ta o‘yinda bor yo‘g‘i 28 daqiqa harakat qildi va hali gol urgani yo‘q. Samvel Babayan ayni paytda tarkibni kuchaytirish ustida ish olib borayotgan bo‘lsa ajablanmayman. Nikabadzega esa chiqish eshiklari ko‘rsatilsa kerak. Samvel Babayanni yana bir qiynayotgan muammo o‘ng qanot hisoblanadi. Reja bo‘yicha bu chiziq qishda Saidazamat Mirsaidov orqali to‘ldirilishi kerak edi. Lekin "Olimpik" uni ortga qaytardi va klubda boshqa variant qolmagandi. E’tibor beradigan bo‘lsak, jamoaning mudofaa chizig‘ida ikki nafar nominal himoyachi qolgan, Filip Ivanovich va Farruh Sayfiyev. Yarim himoyachilar vaziyatdan kelib chiqib orqa chiziqda ko‘maklashmoqda.
Omadli transfer
Avvalgi yillardan farqli ravishda "Navbahor" qishda juda ko‘p futbolchilarni qo‘shib olmadi. Asosiy va muhim transfer esa Farruh Sayfiyev va Odil Hamrobekov bo‘ldi deya olamiz. Aynan bu ikki futbolchi muhim figura sifatida xizmat qilmoqda. Sayfiyev hozircha 2 ta assistni o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan. Ruslan Jiyanov ham faol kirishib ketdi deya olamiz. Vodiy derbisidan o‘rin olgan "Neftchi"ga qarshi bahsda Jiyanovning uzatmasidan so‘ng Ivanovich g‘alaba to‘pini kiritgandi.
Muallif: Iskandarov Abdulaziz
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»