13:50 / 24.06.2024
192

Germaniyaning yashirin "quroli"

Germaniyaning yashirin "quroli"
Germaniya "Yevro-2024"ning 3-turida Shveysariyaga qarshi maydonga tushib, 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Dastlab Ndoye jamoasini oldinga olib chiqdi, lekin 90+2-daqiqada zahiradan maydonga tushgan Fyullkrug nemislarni mag‘lubiyatdan qutqarib qoluvchi golni urdi. Kamiga bu gol orqali Nagelsmann shogirdlari guruhdagi peshqadamlikni saqlab qola oldi.

Niklas Fyullkrug ushbu chempionatda eng kam o‘ynab, eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylanib oldi. U 3 ta bahsda ham asosiy tarkibga kira olmadi va so‘nggi daqiqalarda maydonga tushirildi. Shuningdek, "Borussiya" straykeri ikki marta raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Dastlabki goli esa shunchaki ajoyib edi. Ikkinchisi esa juda ham kerakli paytda urildi.

Bilamizki, nemislar uchun so‘nggi yirik turnirlar ko‘ngildagidek o‘tayotgani yo‘q. Jamoa 2018 va 2022 yillar JCH guruh bosqichidan uyga ravona bo‘ldi, 2021 yilda esa Angliyaga mag‘lub bo‘lib, Yevrodagi yurishini to‘xtatgandi. Mana shu o‘yinlardagi jamoaning eng katta kamchiligi bu kerakli paytda hujumlarni yakunlay olmasligida edi. Bugun esa Niklas birinchi urinishidayoq buni uddalay oldi. U o‘yin davomida bir marotabagina zarba berishga muvaffaq bo‘ldi, xolos.

Germaniya bu turnirni nominal hujumchisiz boshladi. Kay Xavers markazga o‘tkazilib, undan yashirin to‘qqizlik sifatida foydalanilmoqda. Bu o‘z navbatida katta o‘yinlarda jamoaga pand berib qo‘yishi ham mumkin. Ayniqsa, birinchi gol o‘tkazib yuborilsa, javob qaytarish qiyin bo‘ladi. Shunday holatni biz "Real"ning "Bavariya"ga qarshi ikkinchi uchrashuvida ko‘rgandik. O‘shanda zahiradan maydonga tushgan Xoselu hammasini hal qilib ketgandi.

Germaniyaning Xoselusi bu Fyullkrugdir. Undan hech kim hech narsa kutmagan joyida gollar urib ketishini guruh o‘yinlarida ko‘rdik. Endi pley-off bosqichida ham hujumchi katta sahnaga chiqishi mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Germaniyaning yashirin "quroli"