17:37 / 28.06.2024
935

Fayzullayev boshladi...

Fayzullayev boshladi...
Markaziy Osiyoning eng qimmatbaho futbolchisi Abbosbek Fayzullayev yangi mavsumga tayyorgarlikni boshladi.

SSKA klubi kommunikatsiyalar xizmati rahbari Krill Breydo jamoaning birinchi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga bir necha futbolchi qo‘shilgani haqida ma’lumot berdi.

- Jamoaning Novogorskdagi yig‘inlariga Abbosbek Fayzullayev, Adolfo Gaych va erkin agent maqomidagi Rifat Jemaletdinov kelib qo‘shildi, - deb xabar tarqatdi Kirill Breydo.

Yangi mavsumda yuqori o‘rinlar uchun kurashishni maqsad qilgan SSKA asosiy tarkibi mashg‘ulotlarni bir necha kun avval boshlagan edi.

Abbosbek Fayzullayev O‘zbekiston milliy terma jamoasi safida 2026 yilgi jahon chempionatining saralash turnirida Turkmaniston va Eronga qarshi o‘tkazilgan rasmiy uchrashuvlarga jalb qilingani bois, klub yig‘iniga kechroq qo‘shildi.

Yangi mavsum 20 yoshli hujumkor futbolchimiz uchun o‘ta muhim ahamiyat kasb etadi. Birinchi navbatda, Fayzullayev iyul-avgust oylarida O‘zbekiston U-23 terma jamoasi safida Parijdagi yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishi kutilmoqda.

Olimpiyachilarimiz guruhda kuchli jamoalarga qarshi to‘p tepadi. Timur Kopadze shogirdlari 24 iyul kuni Ispaniya, 27 iyulda Misr va 30 iyul kuni Dominikan Respublikasi qarshi bo‘ladigan o‘yinlarda maydonga tushadi.

Abbosbek Fayzullayev 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan iborat terma jamoada asosiy figuralardan hisoblanadi. Legionerimiz ushbu jamoa safida 14 ta bahsda qatnashib, raqiblar darvozasini to‘rt marotaba ishg‘ol qilgan.

Bundan tashqari, Abbosbek Fayzullayev yangi mavsum davomida O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2026 yilgi jahon chempionati sari yurishida ishtirok etishi lozim.

Mamlakatimiz bosh jamoasi Amerika qit’asi mezbonlik qiladigan mundialga borish uchun saralash musobaqasining uchinchi bosqichida Eron, Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari, Qirg‘iziston va Koreya Xalq Demokratik Respublikasi futbolchilari bilan raqobatlagadi.

Srechko Katanes shogirdlari bu bosqichdagi yurishini 2024 yilning 5 sentyabridan boshlaydi. Uchinchi bosqich o‘yinlarini terma jamoamiz 2025 yilning 10 iyun kuni yakunlaydi.

Shuningdek, Abbosbek Fayzullayev kelasi mavsum davomida Yevropaning kuchli ligalaridagi klublar e’tiborini qozonishi kerak. Hozircha, 20 yoshli futbolchimizga “Bavariya”, “Parma” va “Vilyarreal” qiziqayotgani haqida ma’lumotlar chiqdi. Biroq endi Fayzullayev o‘z orzusini ro‘yobga chiqarish uchun yangi mavsumda yanada kuchliroq o‘yin ko‘rsatishi talab etiladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fayzullayev boshladi...