23:15 / 28.06.2024
608

Shomurodov va yana to‘rtta nomzod! Eldorning transferi bo‘yicha ish ketmoqda

Shomurodov va yana to‘rtta nomzod! Eldorning transferi bo‘yicha ish ketmoqda
Yevropaning milliy ligalari jamoalari yangi mavsum oldidan tarkibini kuchaytirish maqsadida transfer bozorida o‘zlariga ma’qul futbolchilarni qidirmoqda.

O‘z navbatida, jamoasini o‘zgartirishi, o‘ziga yangi ish topishi kerak bo‘lgan o‘yinchilar ham ko‘p. Ular orasida Eldor Shomurodov ham bor.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, hozircha Eldor Shomurodovga faqatgina “Kalyari” da’vogarlik qilmoqda.

Sardiniya jamoasi faoliyatini yoritib kelayotgan La Nuova Sardegna nashri klubning transfer siyosatiga doir yangi ma’lumotlarni chiqardi.

- “Kalyari” sport direktori Nereo Bonato hujum chizig‘iga hozircha beshta nomzodni ko‘rib chiqmoqda. Eng avvalo, yakunlangan mavsumda “Kalyari” sharafini himoya qilgan va qaysidir ma’noda klubga ma’qul kelgan Eldor Shomurodov va Gaetano Oristanioni qaytarishga harakat qilmoqda, - deb yozdi La Nuova Sardegna nashri.

Yana bir manba – italiyalik ekspert Luka Di Leonardoning ta’kidlashicha, Bonato har ikki futbolchiga egalik qiluvchi klublar – “Roma” va “Inter” bilan muzokaralarni davom ettirmoqda va transfer uchun badal pulini pasaytirishga ko‘ndirmoqchi.

Bu transferning ustun tomoni shundaki, Eldor ham, Gaetano ham “Kalyari”ga to‘liq moslashib bo‘lgan, yangi mavsumda adaptatsiya uchun vaqt talab qilinmaydi.

Hozirgi vaziyatda Shomurodov va Oristanio aniq “Kalyari”ga qaytadi, deb bo‘lmaydi. Shu bois, Nereo Bonato yana bir necha hujumkor futbolchilar transferi bo‘yicha ish olib bormoqda.

Xususan, Sardiniyaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘yinchilardan biri Mbala Nzola hisoblanadi. Angolalik forvard ilgari Eldor Shomurodov bilan birga “Spetsiya” sharafini himoya qilgandi. Yakunlangan mavsumda “Fiorentina”da to‘p tepgan tajribali hujumchi o‘ziga sarflangan 12,6 million yevroni oqlay olmadi. Endi faoliyatini qayta tiklash uchun yangi jamoaga o‘tishga ehtiyoji bor.

“Kalyari” mutasaddilari “Atalanta” tarbiyalanuvchisi bo‘lgan 23 yoshli hujumchi Roberto Pikkolini ham kuzata boshladi. Bergamoliklar unga asosiy tarkibdan joy bermayapti va Roberto to‘rt yildan beri “Spetsiya”, “Jenoa”, “Verona”, “Empoli” va “Lechche” kabi klublarda ijarada yuribdi.

“Kalyari” nishoniga quyi ligada “Feralpisalo” jamoasida o‘ynayotgan 23 yoshli chap qanot hujumchisi Mattia Felichi ham tushdi. Mattia o‘tgan mavsum “V” Seriya va Italiya kubogida jami 38 ta uchrashuvda beshta gol hamda oltita assist qayd etgandi.

“Kalyari” bilan shartnomaga ega yana bir futbolchi Janluka Lapadulaga “V” Seriya vakillaridan chorlov bo‘layotganini ham ta’kidlash lozim. Xususan, “Chezena” klubi 34 yoshli perulik hujumchsidan jamoani yuqori divizionga olib chiqishda yordam so‘rayapti.

Yevropada transfer oynasi kuzga qadar yopilmaydi. Hali Eldor Shomurodov oldida yangidan yangi variantlar ham chiqishi kutilmoqda.

Avvalgi yillarga nazar tashlasak, legionerimiz bozori nuqul transfer oynasi yopilishi arafasida qaynaydi. Demak, kuzatishda davom etamiz.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov va yana to‘rtta nomzod! Eldorning transferi bo‘yicha ish ketmoqda