Yevropa chempionatining hal qiluvchi bahsigacha oz vaqt qolmoqda. Quyida finalda to‘qnashadigan ikki jamoa atrofidagi so‘nggi xabarlar haqida.
Ispanlar nima bo‘lgan taqdirda ham de la Fuente bilan shartnomani uzaytiradi
Ispaniya milliy jamoasi turnirdagi eng rang-barang futbolni namoyish etmoqda. Mamlakat futbol federatsiyasi muvaffaqiyatning asosiy ijodkori Luis de la Fuente bilan hamkorlikni uzaytirishga qaror qilgani ajablanarli emas. Holbuki, amaldagi shartnoma muddati tugashiga ham hali ikki yil bor edi. AS xabariga ko‘ra, shartnoma muddatiga yana ikki yil qo‘shiladi. Murabbiyning javobi Angliya bilan o‘yin boshlanishidan oldinroq berilishi lozim.
Bu vaqtda Marca jurnalisti de la Fuentedan u Yevrodagi qaysi o‘yini bilan ko‘prof faxrlanishini so‘ragan. U esa ko‘pchilik kutganidek Germaniyaga qarshi kechgan chorakfinalni aytmagan.
«Hammasidan ham ko‘ra birinchi o‘yin bilan faxrlanaman, chunki Xorvatiya kabi qiyin raqib bilan o‘yinda yaxshi start olish muhim edi. Bu g‘alaba saralash vaqtida yuzaga kelgan o‘yinimiz g‘oyasini mustahkamlash uchun zarur edi. Bu o‘yin jamoamiz kuchini namoyish etish uchun mos palla edi».
Luisda turnirda faxrlanish uchun yana bir o‘yin bo‘ladimi, buni bir necha soatlardan keyin bilib olamiz.
Inglizlar ham bosh murabbiyni saqlab qolmoqchi
Angliya Garet Sautgeyt boshqaruvi davrida de la Fuentening Ispaniyasi kabi yorqin o‘yin ko‘rsatmayapti. Ammo jamoa barqaror ravishda natija ko‘rsatib kelmoqda: 2018 yilgi jahon chempionatida yarimfinal va so‘nggi ikki Yevroda finallar. Ekspertlar, jumladan, angliyalik sobiq hujumchi Gari Lineker Sautgeytning milliy jamoadagi davri poyoniga yetayotgani haqida aytmoqda. Ammo rahbariyat kutilganidek bunday fikrda emas. Nima bo‘lganda ham, jamoa muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.
Taniqli insayder Fabritsio Romano Angliya futbol assotsiatsiyasi allaqachon Sautgeyt bilan muzokaralar o‘tkazgani va jamoa bu safar ham kumush bilan cheklangan taqdirda ham u bilan xayrlashmoqchi emasligini xabar qildi. Murabbiyning o‘zi esa final arafasida Ispaniya manziliga maqtov bildirdi:
«Bu ishni olganimning yagona sababi — millat sifatida Angliyaga muvaffaqiyat keltirishga urinish, Angliya futbolini yaxshilash, shuningdek jamoani finalga olib chiqish edi, men bundan juda ham faxrlanaman. Biz bu yerga g‘alaba qozonish uchun kelganmiz va turnirning eng yaxshi jamoasi bilan o‘ynaymiz. Bizda tayyorgarlik ko‘rish uchun bir kun kamroq bo‘ldi, shunday ekan bu qiyin ish, ammo biz hali ham shu yerdamiz va kurashni davom ettirmoqdamiz», — deya Sautgeytning so‘zlarini keltirgan FromTheSpot.
Uoker ispanlarni Angliyaga qarshi o‘ynash oson bo‘lmasligidan ogohlantirmoqda
Kayl Uoker final oldidan o‘z jamoasi imkoniyatlariga yuqori baho bermoqda. U talkSPORT uchun bergan intervyusida ispaniyalik futbolchilarga o‘ta og‘ir final va’da qildi.
Lamin Yamalga: «U 16 yoshli yigitcha uchun haddan tashqari kuchli o‘yin namoyish etmoqda. U bizga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborishiga qarshi bo‘lmasdim. Ammo men himoyachilarimiz unga qarshi turishni uddalashini his qilyapman. To‘la ma’noda».
Rodriga: «Men u bilan bitta klubda o‘ynayman. U o‘yinni nazorat qiluvchi va o‘yin tezligini belgilab beruvchi ajoyib futbolchi. Ammo biz [uning] videolarini ko‘rdik va men bilamanki, har kimning zaif tomonlari bor. Hech kim ideal bo‘la olmaydi. Futbolchilarimiz xavfli zonalarda yaxshiroq harakatlanishi uchun biz bunday kuchsiz tomonlardan foydalanishimiz darkor».
Niko Uilyamsga: «Men undan tezroqmanmi? Yaxshi savol. Shu kunlarda uning yugurishini kuzatdim va undan tezroq futbolchi ko‘rganimga ishonchim komil emas. Uni hurmat qilishim kerak, ammo, umid qilamanki, u ham meni hurmat qiladi. [Uilyamsga qarshi o‘ynash] yaxshi sinov bo‘ladi. Hozirda boshlang‘ich tarkib ma’lum emas, ammo meni tanlashsa, men bor kuchimni beraman, Yevropa chempionati finali bo‘lgani uchun ham».
Yamal umuman yulduzlik qilmayapti
16 yoshli Lamin mavsum kashfiyoti bo‘lmoqda: klublar miqyosida ham, xalqaro darajada ham. Ushbu o‘smirni allaqachon Leo Messi bilan solishtirishmoqda. U chaqaloq ekanidayoq argentinalik yulduz bilan suratga tushgani bejiz emasligini aytishmoqda. Ammo Yamalning o‘zi kamtarlik saqlamoqda:
«Tarixdagi eng buyuk futbolchi bilan solishtirishlariga hech kim qarshi bo‘lmaydi. Ammo chalg‘ituvchi holat, chunki sen hech qachon u kabi bo‘la olmaysan. Messi bilan bolalikdagi fotosuratim paydo bo‘lganida, men, albatta, u haqda bilmasdim. Otamda esa saqlanib qolgan ekan. Biz bu fotosuratlarni e’lon qilishni istamagandik, chunki men va Leo o‘rtasida taqqoslashlar bo‘lishini istamagandik», — deya fikrlarini bildirgan Yamal Jijantes FC nashriga.
Lamin Adriyen Rabioga nisbatan ham kamtarlik qildi. Ushbu fransuz yarimhimoyaisi yarimfinal oldidan ispaniyalik yosh raqibiga qiyinchilik tug‘dirishni va’da qilgandi. U esa ijtimoiy tarmoqda javob qaytardi: «Jim yuring, faqat «shoh va mot» deyiladigan pallada gapiring». Keyin esa maydonda aynan shu futbolchini aldagan holda uzoq masofadan turnirning eng chiroyli gollaridan birini urdi va endi uzil-kesil ushbu gaplarga yakun yasadi:
«Men hech qachon Rabio bilan gaplashmaganman. O‘yingacha ham, undan keyin ham. Men bor e’tiborimni finalga qaratganman va faqat shunga ahamiyat beraman», — deya Yamalning so‘zlarini keltirgan Jijantes FC sahifasi.
Karvahal final oldidan Bellinghemga nimalar yozishini aytdi
Milliy jamoada klubdoshga qarshi o‘ynash doim oson ish emas. Ayniqsa, gap Yevropa chempionati finali haqida ketganida. Dani Karvahal bu fikrga qo‘shiladi va Jud Bellinghem uchun noma tayyorlagan:
«Men o‘yindan oldin Judga omad tilab xabar yubormoqchiman, chunki uni juda hurmat qilaman va undan hayratlanaman. Undan «Oltin to‘p»ni olib qo‘ymoqchi emasman, ammo undan Yevro g‘olibligini olib qo‘yish — bunga arziydi», — deya izoh bergan u Madrid Universal uchun.
O‘ng qanot himoyachisi milliy jamoadagi sherigi Niko Uilyams va «Real»dagi bo‘lajak jamoadoshi Kilian Mbappedan birini tanlash haqida so‘ralganida ham o‘zidagi kuchli yumor hissini namoyish etgan: «Yakshanba kunigacha Uilyams yaxshiroq, dushanbadan — Mbappe», — degan Karvahal matbuot anjumanida.
Haqiqiy diplomat! “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”