Fransiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qiladigan yozgi Olimpiya o‘yinlari boshlanishiga tobora kam vaqt qolmoqda. Ko‘pchilikning e’tiborini Olimpiada dasturidan o‘rin olgan futbol musobaqasi jalb qilishi shubhasiz.
Olimpiadada asosan 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar ishtirok etadi. Odatda, Olimpiya o‘yinlarida o‘zini ko‘rsatgan iste’dod egalaridan keyinchalik jahon miqyosidagi yulduz o‘yinchilar yetishib chiqishi ham ayni haqiqat. Xususan, “Oltin to‘p”ni sakkiz bor qo‘lga kiritgan Lionel Messi ham xalqaro maydondagi ilk sovriniga Argentina olimpiya terma jamoasi safida 2008 yilgi Pekin Olimpiadasida ega chiqqani bunga yaqqol misol bo‘la oladi.
Parij Olimpiadasining futbol musobaqalari 24 iyul kuni start oladi. Futbol ekspertlari hozirdan terma jamoalarning imkoniyatlarini tahlil qila boshladi.
Guruh bahslarining eng qiziqarli uchrashuvlaridan biri O‘zbekiston va Ispaniya terma jamoalari o‘rtasida kechishi kutilmoqda.
Bu bahsga Fransiyaning mashhur Park de Prens stadioni mezbon qiladi. PSJ klubi uy uchrashuvlarini o‘tkazadigan bu arena 1897 yilda qurilgan va o‘z bag‘riga 47 ming 930 nafar muxlisni sig‘dira oladi.
O‘zbekiston – Osiyoning eng kuchli terma jamoalaridan. Timur Kapadze shogirdlarining mamlakat futboli tarixida ilk bor Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olganining o‘zi katta voqea.
O‘zbekiston U-23 terma jamoasining eng yorqin yulduzi Abbosbek Fayzullayev hisoblanadi. SSKA hujumkor futbolchisi mamlakatning bosh jamoasida ham asosiy figuralardan sanaladi va olimpiyachilar orasida bo‘lishi tabiiy hol.
Yoshlarga yordam berishi kerak bo‘lgan uch nafar tajribali o‘yinchilar ham o‘ziga yarasha nomdor charm to‘p ustalaridir. Parijdagi jamoaning asosiy yulduzi “Roma” hujumchisi Eldor Shomurodov bo‘ladi. Uning yonida “Persepolis”ni Eron chempioni bo‘lishiga katta hissa qo‘shgan Oston O‘runov va “Rizespor”ning mohir himoyachisi Husniddin Aliqulov yoshlarga har tomonlama o‘rnak bo‘lishi kutilmoqda.
Ispaniya – iste’dodli futbolchilarga to‘la mamlakat. Ispanlar buni Germaniyadagi Yevropa chempionatida ham isbotladi. Qit’a chempionatida g‘olib chiqqan Lamin Yamal, Niko Uilyams va yana bir necha futbolchilarning yoshi Olimpiya o‘yinlarida qatnashish imkonini berardi.
Biroq Ispaniyada ularni bezovta qilmaslikka qaror qilishdi. Chunki ularsiz ham tarkibda o‘ta kuchli futbolchilar jamlangan.
Avvalgi Olimpiadada Ispaniya olimpiyachilarini finalga olib chiqqan bosh murabbiy Luis de la Fuente bu gal milliy terma jamoani qit’a chempioniga aylantirdi.
Bu gal olimpiyachilarga Santi Deniya ustozlik qilmoqda. U tarkibga Fermin Lopes, Aleks Baena hamda Pau Kubarsi kabi mashhur o‘yinchilarni jalb qildi. Fermin Lopes va Aleks Baena “Yevro-2024” turnirida ham qatnashdi. Biroq ular Germaniyada asosiy rolda bo‘lmagani bois, Olimpiada jalb qilindi.
Ekspertlar ispanlar tarkibidagi 18 yoshli hujumchi Samo Omorodionga ham alohida e’tibor qaratish lozimligini ta’kidlamoqda.
Xullas, “S” guruhining birinchi turidayoq iste’dodlarga boy bo‘lgan ikki terma jamoa o‘zaro to‘qnash keladi. Ko‘ramiz, yigitlarimiz tobora tez rivojlanib borayotgan ispan futboli vakillarini to‘xtata olarmikin? “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Ramzan Qodirov G‘arb davlatlariga hujum qilishga chaqirdi: “Haqiqiy urush qandayligini his qilishsin”
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi