22:59 / 23.07.2024
1 233

O‘zbekiston terma jamoasi Parijda shov-shuv ko‘taradi!

O‘zbekiston terma jamoasi Parijda shov-shuv ko‘taradi!
Fransiya poytaxti Parij shahri mezbonlik qilayotgan yozgi Olimpiya o‘yinlarining futbol musobaqalari ko‘plab muxlisu mutaxassislarning e’tiborini tortmoqda.

Futbol ekspertlari Parij yashil maydonlarida bo‘ladigan bellashuvlar oldidan terma jamoalar va futbolchilarning imkoniyatlarini tahlil va taxmin qilib, dastlabki xulosalarni taqdim etmoqda.

Uchta yaqqol favorit

Odatga ko‘ra, Olimpiya o‘yinlarining futbol bahslari musobaqaning rasmiy ochilish marosimidan avval boshlanadi.

24 iyulga belgilangan ilk uchrashuvlar Sent-Etenda Argentina – Marokash, Parijdagi “Park-de-Prens” stadionida O‘zbekiston Ispaniya o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.

Yaqinda Yevropa va Amerika chempionatlarida g‘olib chiqqan Ispaniya va Argentina terma jamoalari futbolchilarining “ukalari” Parij Olimpiadasi ham oltin medalga asosiy da’vogar sifatida e’tirof etilmoqda. Har ikki terma jamoa safida qit’a chempionatida ishtirok etib, hali chempionlik gashtini surishni tuxtatmagan o‘yinchilar bor.

Ispaniya va Argentina har qanday musobaqada favorit sifatida e’tirof etilishi odatiy holga aylangan. Biroq mezbon Fransiyani ham unutmaslik lozim. Yulduzlarga to‘lib-toshgan bu terma jamoa ham o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida uyalib qolmaslik uchun ham faqat g‘alaba uchun to‘p tepishi aniq.

Musobaqa oldidan shov-shuvlar

Olimpiya o‘yinlari oltin medaliga Ispaniya, Argentina va Fransiya asosiy da’vogar ekanini aytdik. Biroq bu terma jamoalar ayrim yulduzlarni musobaqaga jalb eta olmagani Olimpiadadan oldin shov-shuv bo‘ldi.

Kilian Mbappe o‘z yurtidan o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etish istagini anchadan beri bildirib kelardi. Biroq Terri Anri uni jamoaga jalb qilishni uddalay olmadi. Bu ko‘proq Mbappening “Real”ga o‘tgani ta’siri. Qolaversa, Kilian Yevropa chempionatida burnini sindirib oldi, jismoniy holati ko‘ngildagidek emasligi ham uning orzusi armonga aylanishiga olib keldi.

Argentina terma jamoasi esa, sakkiz karra “Oltin to‘p” sohibi Lionel Messi yordamiga tayana olmaydi. Dunyoning narigi chekkasida to‘p tepayotgan Messi yoshi kattaligini inobatga olib, intensiv tarzda o‘yin o‘tkazishga, ketma-ket ikkita yirik turnirda qatnashishga yaramasligini tan olib, uzr so‘radi.

Ispaniya terma jamoasi esa, “Yevro-2024” qahramoni 17 yoshli Lamin Yamal xizmatidan foydalana olmaydi. Iste’dodli futbolchi juda og‘ir o‘tgan Yevropa chempionatidan keyin hordiq chiqarishi va ta’tildan keyin “Barselona” bilan yangi mavsumga tayyorlanishi kerak.

Qaysi terma jamoa hayratga solishi mumkin?

Jahon va qit’a chempionatlari, Olimpiya o‘yinlarida muntazam qatnashib kelayotgan terma jamoalarning imkoniyatlari, ularning nimaga qodirligi, futbolchilarning darajasi ko‘pchilik muxlisu mutaxassislarga ma’lum.

Biroq, bu gal O‘zbekiston terma jamoasi Olimpiadada ilk bor ishtirok etadi. Markaziy osiyoliklarning Parijga katta ishtiyoq bilan kelgani ularni har qanday terma jamoa uchun jiddiy va xavfli raqibga aylantiradi.

O‘zbekiston terma jamoasi tarkibiga jalb qilingan o‘yinchilar o‘z klublarida muntazam o‘yin amaliyotiga ega, aksariyati o‘z jamoasining yetakchi ijrochilari hisoblanadi. Ularni shartli ravishda “Barselona” yoki “Manchester Siti” zaxirasida o‘tirgan futbolchilardan kuchsiz, deb bo‘lmaydi.

Olimpiadada syurprizlar ko‘p bo‘ladi. Garchi O‘zbekiston debyutant jamoa bo‘lgani uchun aksariyat ekspertlar tomonidan autsayderlar qatoriga kiritilayotgan bo‘lsa-da, Parijda sensatsiya ko‘tarishga qodir. Chunki tarkibda buni uddalay oladigan kuchli klublar vakillaridan – kreativ o‘yinchilar Abbosbek Fayzullayev (SSKA) va Oston O‘runov (“Persepolis”), himoyada mustahkam turadigan Abduqodir Husanov (“Lans”), Husniddin Aliqulov (“Rizespor”), ko‘pni ko‘rgan hujumchi Eldor Shomurodov (“Roma”) kabi futbolchilar bor.

Kim eng zo‘r to‘purar bo‘ladi?

Parij Olimpiadasida eng ko‘p gol ura oladigan o‘yinchilarni aniqlashda ekspertlar asosiy e’tiborni 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilarga yordam berish uchun terma jamoalarga jalb etilgan tajribali forvardlarga e’tibor qaratdi.

Tahlillarga ko‘ra, to‘purarlar poygasida g‘oliblik uchun kurash asosan fransiyalik tajribali hujumchi Aleksandr Lyakazett va argentinalik jahon va qit’a chempioni Xulian Alvares o‘rtasida kechadi. Shuningdek, fransiyalik Arne Kalimuendo, Jan-Filipp Mateta, ispaniyalik Abel Ruis va Samu Omoridion ham porlashi mumkinligi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Parij Olimpiadasida 16 mamlakat terma jamoalari to‘rt guruhga bo‘lingan holda raqobatga kirishadi. Har bir kvartetdan dastlabki ikki pog‘onani egallagan terma jamoalar chorak finalga yo‘llanma oladi.

Guruh bahslarida ochkolar teng kelib qolgan vaziyatda, birinchi navbatda, to‘plar nisbati va keyin o‘zaro o‘yin natijasi inobatga olinadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston terma jamoasi Parijda shov-shuv ko‘taradi!