10:19 / 06.08.2024
152

Saidazamat Mirsaidov: "Menimcha, guruhdan chiqqanimizda biz ham yarim finalgacha yetib borardik"

Saidazamat Mirsaidov: "Menimcha, guruhdan chiqqanimizda biz ham yarim finalgacha yetib borardik"
Xabaringiz bor,”Navbahor” yozgi transfer “darchasi”da o‘z safiga bir qator futbolchilarni qo‘shib oldi. Ular orasida mahoratli himoyachi Saidazamat Mirsaidov ham bor.

O‘zbekiston – U-23 olimpiya terma jamoamiz tarkibida “Parij-2024” Olimpiadasida qatnashib, yurtimizga qaytib kelgan 23 yoshli futbolchi “lochinlar”ning safidagi mashg‘ulotlarda ham qatnashdi.

Jamoaning navbatdagi mashg‘uloti yakuniga yetgach, Saidazamat Mirsaidovdan intervyu olib, unga o‘zimizni qiziqtirgan bir necha savollar bilan murojaat qildik. Quyida mazkur suhbatni e’tiboringizga havola etyapmiz.

– Assalomu alaykum! Saidazamat, avvalo “Navbahor” jamoasiga xush kelibsiz!
– Vaalaykum assalom! Rahmat!

– “Navbahor”ga o‘tishingiz qanday sodir bo‘ldi? Jamoaga sizni kim taklif qildi?
– “Navbahor” klubidan menga joriy yil boshidan qiziqish bor edi. O‘zimda ham mazkur jamoadan taklif bo‘lgach, “Navbahor”da o‘ynashga qiziqish uyg‘ondi. Boisi, klub o‘z oldiga yuksak maqsad, ya’ni, chempionlik unvoni qo‘lga kiritish maqsadini qo‘ygandi. Birinchi davra bahslari yakunlanib, davralar oralig‘idagi tanaffus yuzaga kelgach, klub vitse-prezidenti Otabek Arifovich Samatovning taklifiga binoan, jamoa tarkibiga qo‘shildim.

– Jamoa safiga qo‘shilib, mashg‘ulotlarda ham qatnashishga ulgurdingiz. Dastlabki taassurotlar qanday?
– “Navbahor”da meni yaxshi kutib olishdi. Jamoada ichki muhit ham a’lo darajada ekan. Tarkibga yaqinda ko‘shilgan bo‘lsam ham, o‘zimni yaxshi his qilyapman. Mashg‘ulotlar a’lo darajada va qiziqarli tarzda kechmoqda.

– Jamoaga moslashish qiyin kechmayaptimi?
– Yo‘q. Sababi, tarkibdagi deyarli barcha futbolchilar mening futboldagi akalarim desam, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayrimlari bilan birga to‘p tepgan bo‘lsam, ba’zilari bilan terma jamoada birga mashg‘ulotlar olib borganman. Ular menga jamoaga moslashish jarayonida yordam berishmoqda.

– “Parij-2024” Olimpiadasi taassurotlari bilan o‘rtoqlashsangiz...
– Olimpiadada kutilgan natijaga erisha olmadik. Buning esa o‘ziga xos obyektiv hamda subyektiv sabablari bor. Jumladan, tashkilotchilikda ham kamchiliklar yetarlicha bo‘ldi. Har kuni qiyinchilikka duch keldik, O‘n besh daqiqalik yo‘lga bir soatda yetib borar edik, shuningdek, taomlarga ham moslashish qiyin bo‘ldi.

– Olimpiadada ijobiy natija qayd etib, “pley-off” bahslariga yo‘llanmani qo‘lga kiritishinglarga ko‘pchilik ishongandi. Ammo guruh bosqichi o‘yinlari olimpiyachilarimiz uchun omadsiz yakunlandi. Sizningcha, yaxshi natijaga erishish uchun jamoaga nima yetishmadi, deb o‘ylaysiz?
– Terma jamoamiz kuchli guruhdan joy oldi. Guruhimizdagi jamoalarning yarim finalgacha yetib borganligi buni isbotlab turibdi. Bu ularning qanday kuchga ega ekanligidan dalolat. Biz ham raqiblarga qarshi tengma – teng kurash olib bordik. Faqat hujumlar o‘z yakuniga yetmadi. Menimcha, jamoamiz ham guruhdan chiqishni uddalaganida, o‘ylaymanki, biz ham yarim finalgacha yetib borar edik. Ammo taqdir ekan, guruh bosqichidan keyin, musobaqani yakunlashga majbur bo‘ldik.

– “Navbahor”ning O‘zbekiston kubogi va Superligadagi imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
– Jamoa tarkibidan yaxshi futbolchilar joy olishgan. “Navbahor” klubida futbolni tushunadigan, sevadigan rahbarlar faoliyat olib borishadi. Rahbariyat tomonidan jamoaning ijobiy natijasi uchun hamma sharoitlar yaratib berilgan. Murabbiylar shtabidan ham yaxshi mutaxassislar o‘rin olishgan. Yana bir ahamiyatli tomoni, “Navbahor” muxlislari ham futbolni sevishadi, hatto mashg‘ulotlarga ham kelib, futbolchilarni olqishlab turishar ekan.

Menimcha, shunday sharoit va muhitga yarasha, O‘zbekiston kubogini qo‘lga kiritishimiz zarur. “Navbahor”ga sovrin yutish uchun kelganman. Xudo xohlasa, ushbu niyatim amalga oshadi.

– So‘nggi so‘z o‘rnida fikrlaringiz...
– “Navbahor” jamoasi a’zolari hamda muxlislariga meni iliq tarzda kutib olishgani va qo‘llab-quvvatlab turishgani uchun o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ayniqsa, ishqibozlarga shunchalik futbolni sevib, jamoaga kelganimning ilk kunidanoq ishonch bildirishgani uchun katta rahmat aytaman. Bunday muxlislar g‘alabalarga loyiqlar. Shu bois, biz chiroyli o‘yinlarimiz bilan ularni xursand qilishni niyat qilganmiz. Maqsadimizni amalga oshirish uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz.

“Navbahor” PFK matbuot xizmati.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Saidazamat Mirsaidov: "Menimcha, guruhdan chiqqanimizda biz ham yarim finalgacha yetib borardik"