10:41 / 13.08.2024
118

Mirjalol Qosimov: "Natijadan qoniqdim, ammo jamoam namoyish etgan o‘yin meni hursand qilmadi"

Mirjalol Qosimov: "Natijadan qoniqdim, ammo jamoam namoyish etgan o‘yin meni hursand qilmadi"
Superliga 15-turidan o‘rin olgan OKMK - "Navbahor" (2:1) uchrashuvidan so‘ng mezbonlar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- O‘yin haqida
- "Navbahor" jamoasiga qarshi kechadigan o‘yinlarimiz juda ham prinsipial kechadi. Bugun ham shunday bahs guvohi bo‘ldik. Natijadan ko‘nglim to‘ldi, ammo jamoam ko‘rsatgan o‘yindan qoniqmadim. Buni tan olishim kerak. Jamoam men kutgandek o‘yin namoyish eta olishmadi. Bunga ayrim sabablar bor Oybek Rustamov, Giorgiy Papava va Islom To‘xtaxo‘jayevlarning yo‘qligi bizga katta qiyinchilik tug‘dirdi. Eng muhimi natija. O‘yin unutiladi, biroq natija eslanadi. Kiyinish xonasida ham o‘yindan qoniqmaganimni futbolchilarga aytdim. O‘z ustimizda yanada ko‘proq ishlashimiz kerak.

- Jamoangiz birinchi bo‘limda juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘ydi. Oddiy vaziyatlarda to‘pni yo‘qotdingizlar. Bugungi uchrashuvdan qanday xulosalar chiqardingiz?
- "Navbahor" jamoasi uch nafar markaziy himoyachi, ya’ni beshta himoyachi bilan harakat qilishini kutmagan edim. Bu bizning o‘yinimizga salbiy ta’sir o‘tkazgan bo‘lishi mumkin. Futbolchilarim raqibning 5-3-2 taktikasiga moslashib olishlari uchun biroz vaqt kerak bo‘ldi. Ko‘pgina vaziyatlarda to‘pni yo‘qotdik. To‘p "Ping-pong"dagidek juda tez harakatlandi. Bu mening jamoamga hos jihat emas. Biz o‘zimizga xos bo‘lgan qisqa paslar orqali hujumga kam o‘tdik. "Navbahor" jamoasining tarkibi ham juda kuchli. Ushbu jihat ham o‘z tasirini o‘tkazmay qolmadi. Ikkinchi va uchinchi zonalarda to‘pga ko‘proq egalik qilishimiz kerak edi.

- "Navbahor" jamoasida ikkinchi davra oldidan katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Birinchi davradagi "Navbahor" bilan bugungi "Navbahor" orasida qandaydir farqni sezdingizmi?
- Jamoa bir nechta yangi futbolchilarni harid qildi. Bu yerda ko‘proq jamoa kaysi ritmda ekanligi muhim. "Navbahor" jamoasining 90% tarkibi juda ham tajribali futbolchilar. Raqibimizning bugungi taktikasi ham bizga yetarlicha muammo tug‘dirdi. Bunga o‘zimiz ham sababchi bo‘ldik. To‘p uzatishlardagi xatolar bizga yomon ta’sir qildi. Akrom Komilov birinchi bo‘limda bir nechta vaziyatlarda to‘pni yo‘qotdi.

- OKMK - "Navbahor" jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvlar har doim juda yorqin kechadi. O‘yin oldidan qandaydir o‘zgacha uslub yoki o‘zgarishga qo‘l urdingizmi? Aynan bugungi raqibga qarshi.
- Avvalambor men raqib jamoa emas, o‘zimning jamoam o‘yinini kuchaytirish haqida o‘ylayman. Yigitlarga ham shuni ta’kidlayman. Biz raqib qanday o‘ynashi haqida emas, o‘zimiz qanday qilib yaxshiroq o‘ynashimiz kerakligi haqida qayg‘urishimiz kerak. Bunday holatlarda kayfiyat va ruhiy holat asosiy faktorlarga aylanadi. Futbolda mag‘lub bo‘lmaydigan jamoalar yo‘q. Muhimi xarakter namoyish etish. Masalan "Andijon"ga qarshi kechgan so‘nggi bahsda 0:2 hisobida ortda borayotganimizga qaramay, o‘yinni tashlab yubormadik. Birinchi davrada ham bunday o‘yinlar yetarlicha bo‘ldi.

- OKMK jamoasi mavsum avvalidan buyon hech kim tomonidan chempionlikga da’vogar deya ko‘rilmayotgan edi, ammo jamoangiz sekin-astalik bilan chempionlikga da’vogar jamoalardan biriga aylanib oldi. Chempionlik "poygasi" haqida va undagi jamoangizning ishtiroki haqida gapirib o‘tsangiz?
- Men qaysi jamoada va qanday sharoitda ishlashimdan qat’iy nazar, muxlislarga yoqadigan futbol namoyish etishga intilaman. Yorqin o‘yin namoyish etilsa, natija ham o‘zini ko‘p kuttirmaydi. Ochkolarni esa kuzda sanaymiz.

- OKMK jamoasining boshqa klublardan yaqqol farqi bu legioner futbolchilarni tanlashda deyarli xato qilmaslik. Yaponiyalik Sentoku juda stabil o‘yin namoyish etmoqda, Ruben Sanches ham o‘zining goli bilan jamoani Osiyo Chempionlar ligasiga olib chiqqan edi. Yozda jamoaga kelib qo‘shilgan ikki futbolchi Kleydi Datsi va Mixail Klepachlar bugungi gollarga mualliflik qilishdi. OKMK jamoasida transferlar bilan kim shug‘ullanadi. Ushbu masalalarda shaxsan o‘zingiz ishlaysizmi yoki seleksioner, skaut va agentlar bilan birga ish olib borasizmi?

- Futbolchilarni murabbiylar shtabi bilan birga tanlaymiz. Qaysidir pozitsiyani kuchaytirmoqchi bo‘lsak, bizga variantlar taklif berishadi. Men esa jamoam bilan yakuniy qarorga kelaman. Hozirgi kunda bir futbolchi bilan shartnoma imzolash juda qiyin. Futbolchini mashg‘ulotlarda sinab ko‘raylik yoki nazorat uchrashuvda maydonga tushiraylik, keyin bir qarorga kelamiz desak, yo‘q shartnoma tuzmagunimcha hech narsa qilmayman deb qaysarlik qilib turib olishadi. Bu juda qiyin vazifa. Masalan Siavash Haqnazariyni harid qilganimizda yarim yildan buyon jamoasiz yurgan futbolchi edi. Hozir u liganing eng yaxshi futbolchilaridan biri. OKMK Siavash uchun tramplin bo‘ldi.

- Yozgi transferlar oynasida o‘zingiz istagan barcha transferlarni amalga oshira oldingizmi? Eshitishimcha, OKMK jamoasi Ibrohim Ibragimovni o‘z safiga qo‘shib olishga harakat qilgan ekan.
- Vaqtni ortga kaytarib bo‘lmaydi. Endi istasak ham transferlarni amalga oshira olmaymiz. Qozon yopilib bo‘ldi, uni qayta ochishning nima keragi bor.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mirjalol Qosimov: "Natijadan qoniqdim, ammo jamoam namoyish etgan o‘yin meni hursand qilmadi"