10:57 / 18.08.2024
401

Eldor Shomurodov “Roma”da qoldimi?

Eldor Shomurodov “Roma”da qoldimi?
O‘zbekiston terma jamoasi sardori va eng zo‘r to‘purari Eldor Shomurodovning klublar miqyosidagi kelajagi hali hamon mavhum bo‘lib turibdi.

O‘tgan mavsumni “Kalyari”da o‘tkazgan forvard o‘ziga yangi jamoa topishi kerakligi aytilgan edi. Eldorni o‘z tarkibida ko‘rmoqchi bo‘lgan jamoalar yo‘q emas. Eng avvalo, “Kalyari” 29 yoshli hujumchini olib qolishga harakat qildi. Biroq rimliklar badal puli summasini pasaytirmagani transferni barbod qoldi.

Yozgi transferlar davomida A Seriya vakillaridan “Verona” va liga debyutanti “Parma” ham o‘zbek hujumchisi transferini o‘rganib chiqish maqsadida, “Roma”dan transfer ma’lumotlarini so‘radi. V Seriyadan yuqori divizionga ko‘tarilish uchun kurashishni maqsad qilgan “Sampdoriya” bosh murabbiyi Andre Pirloni ham Eldor Shomurodov nomzodi qiziqtirib qo‘ydi.

Oxirgi pallada AQSHning “Atlanta Yunayted” jamoasi hujumchimiz transferini amalga oshirishga jiddiy kirishdi. Biroq “Roma” mutasaddilari amerikaliklarning dastlabki taklifini qabul qilmadi. Ikkinchi urinishni amalga oshirish uchun “Atlanta Yunayted” vakillariga vaqt yetishmadi – AQSH transfer bozori yopilib qoldi.

A Seriya boshlanishidan oldin “Roma” bosh murabbiyi Daniele De Rossining qarori tajribali legionerimizning poytaxt klubida qolishiga umid uyg‘otdi.

Ko‘plab ekspertlar Eldor Shomurodov “Roma” murabbiylar shtabi rejasiga kirmaydi, deb bong urayotgan pallada Daniele De Rossi hamyurtimizni “Kalyari” bilan safarda bo‘ladigan birinchi tur uchrashuviga jalb qildi.

Bosh murabbiy futbolchimizni Sardiniyaga boradigan 25 nafar futbolchi qatoriga kiritdi.

Bu bejiz emas, albatta. Jahonning aksariyat ligalarida hali transfer bozori davom etmoqda. “Roma” hujum chizig‘ida ham chiqish transferlari pishyapti. Xususan, yulduz darajasidagi hujumchilardan Paulo Dibala va Temmi Abraxamga Saudiya Arabistoni va Qatar ligalaridagi badavlat klublardan mo‘may daromadli takliflar keldi.

Transfer mutaxassislar angliyalik va argentinalik futbolchilar bu chorlovlarga rozilik berishga moyilligini, “Roma” o‘z maqsadlarini amalga oshirish uchun klub g‘aznasiga katta miqdordagi mablag‘ kiritishga tayyor ekanini ta’kidlamoqda.

“Roma”dan o‘tgan mavsumda jamoa sharafini himoya qilgan hujumchilar Romelu Lukaku hamda Sardor Azmun ketdi. Agar Dibala va Abraxam ham klubni tark etadigan bo‘lsa, hujum chizig‘i zahira o‘rindig‘i sezilarli darajada torayadi.

Yangi mavsumda Daniele De Rossi asosiy hujumchilar sifatida yaqinda 30,5 va 25,6 million yevroga transfer qilingan Artyom Dovbik va Matias Sulega ishonch bildirishi aniq. Paulo Dibala va Temmi Abraxam klubdan ketsa, zahira o‘rindig‘ida yoshi o‘tib qolayotgan Stefan El-Shaaravi va Filippo Alessio, Joau Koshta kabi 19-20 yoshli hali ancha xom forvardlar qoladi.

“Roma” yangi mavsumda A Seriya, Italiya kubogi, Yevropa Ligasida ishtirok etishini inobatga olsak, Eldor Shomurodov ham jamoaga ortiqchalik qilmaydi. Qolaversa, o‘zbek hujumchisi har qanday holatda ham maydonga tushib, o‘yinni kuchaytira olishini ko‘p bora namoyish qilgan.

Hozirgi holatdan kelib chiqib, shunday xulosa qilish mumkin. Ayni paytda “Verona” va “Sampdoriya” kabi klublar Shomurodov atrofidagi vaziyatni kuzatmoqda va hujumchini olish fikridan voz kechgani yo‘q. Qolaversa, Turkiya Superligasidan “Trabzonspor” ham o‘zbek futbolchisini o‘z safiga qo‘shib olishga tayyor.

Yozgi transferlar oynasi yopilishiga hali o‘n kundan ko‘p vaqt bor. Balki yangi da’vogarlar chiqib qolar. So‘nggi yillardagi kuzatuvlar Eldor Shomurodovning yangi jamoasi transfer oynasi yopilishi arafasida hal bo‘layotganini ko‘rsatmoqda.

Bu gal ham agar biror klub Shomurodov transferi bo‘yicha “Roma”ga ma’qul keladigan taklif bera olmasa, poytaxtliklar legionerimizni jamoada olib qolish ehtimoli katta. Biroq Eldor Rim superklubida ko‘proq zahira hujumchisi vazifasini bajarsa kerak.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Eldor Shomurodov “Roma”da qoldimi?