11:30 / 21.08.2024
397

Turkiya Superligasida to‘purarlik qilayotgan himoyachi Aliqulov xushxabar eshitdi

Turkiya Superligasida to‘purarlik qilayotgan himoyachi Aliqulov xushxabar eshitdi
Turkiya Superligasida yangi mavsumda ishtirok etayotgan 19 ta jamoa dunyoning qariyb 70 ta mamlakatidan jami 264 nafar xorijlik futbolchini musobaqa qaydnomasidan o‘tkazgan. Bu umumiy o‘yinchilar sonining 42,9 foizini tashkil qiladi.

Keyingi yillarda turk klublari Yevropaning mashhur o‘yinchilari va tajribali murabbiylarini ishga jalb qilayotgani bois, Superliganing mavqei tez ko‘tarilib bormoqda.

Turkiya chempionati yuqori divizionida o‘zbek futbolchilaridan uch nafari ishtirok etmoqda. Otabek Shukurov “Qayserispor”, Azizbek Turg‘unboyev “Sivasspor”, Husniddin Aliqulov “Rizespor” o‘yinchisi hisoblanadi.

Legionerlarimiz orasida Aliqulov mavsumni yuqori darajada boshladi. 25 yoshli futbolchimiz markaziy himoyachi bo‘lishiga qaramasdan, to‘purarlik mahoratini namoyish qilmoqda.

Aliqulov birinchi turda “Bashakshehir” darvozasini ishg‘ol qilib, jamoasining yangi mavsumdagi ilk to‘pini kiritgan edi va bu gol “Rizespor”ga dastlabki ochkoni ham keltirdi.

Ikkinchi turda Husniddin “Adana Demirspor” jamoasi maydonida mezbonlar darvozasiga supergol urib, hisobni ochdi. Bu bahsda “Rizespor” futbolchilari mavsumdagi birinchi g‘alabasini qo‘lga kiritdi.

Husniddin Aliqulov jamoasiga jami to‘rt ochko keltirish bilan birga o‘zi to‘purarlar poygasiga qo‘shilib oldi. Superligada 11 nafar futbolchi dastlabki ikki turda o‘z hisobiga bir juft gol yozdirib qo‘ydi. Ular orasida Chiro Immobile, Edin Jeko, Rafa Silva kabi Yevropaning kuchli klublarida o‘ynagan mashhur hujumchilar bor.

Aliqulov samarali o‘yini natijasida Superliganing ikkinchi tur ramziy terma jamoasidan o‘rin oldi.

Ta’kidlash joizki, ekspertlar o‘zbek himoyachisini birinchi turning ramziy terma jamoasiga ham kiritgan edi.

Turkiya Superligasidagi qolgan vakillarimizdan Azizbek Turg‘unboyev ham “Sivasspor” tarkibida ikkita o‘yinda qatnashdi. Bu jamoa xuddi “Rizespor” singari bittadan durang va g‘alaba qayd etgan holda to‘rt ochkoga ega bo‘lib turibdi.

E’tiborli jihati, “Sivasspor” ikkinchi tur uchrashuvini Otabek Shukurovning “Kayserispor” jamoasi maydonida o‘tkazib, 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan qaytdi.

Superliga jamoalari soni toq bo‘lgani uchun “Kayserispor” birinchi turni o‘tkazib yuborgan edi. Otabek Shukurov “Sivasspor”ga qarshi ikkinchi tur uchrashuvida ishtirok etmadi.

3-tur uchrashuvlari 23-26 avgust kunlari bo‘lib o‘tadi. Markaziy bellashuvlardan birida “Rizespor” o‘z maydonida Joze Mourino boshchiligidagi “Fenerbahche”ni qabul qiladi.

“Sivasspor” navbatdagi turda o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida liga debyutanti “Eyupspor” futbolchilarini imtihondan o‘tkazadi.

“Kayserispor” yozda Eldor Shomurodovga qiziqish bildirgan “Trabzonspor” maydoniga safar uyushtiradi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Turkiya Superligasida to‘purarlik qilayotgan himoyachi Aliqulov xushxabar eshitdi