13:51 / 25.08.2024
137

Fayzullayev raqibning boshini yordi, Nikolich Abbosni qattiq himoya qildi

Fayzullayev raqibning boshini yordi, Nikolich Abbosni qattiq himoya qildi
Abbosbek Fayzullayev Rossiya Premer-ligasiga o‘tganidan beri o‘rqin o‘yinlari bilan muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozondi va shu bois har doim ommaviy axborot vositalari xodimlarining nishonida turadi.

20 yoshli hujumkor futbolchining muvaffaqiyatlari ham, ishonchni oqlay olmagan vaziyatlar ham, bir so‘z bilan aytganda har qanday e’tiborga molik holati qalamga olinadi, obyektivga muhrlanadi.

Rossiya Premer-ligasining oltinchi turida SSKAning liga debyutanti “Akron”ga qarshi o‘tkazgan uchrashuvida o‘zbek legioneri asosiy qahramonlardan biri bo‘ldi. Fayzullayev “armiyachilar” raqib darvozasiga yo‘l topa olmayotgan pallada jamoadoshi Tamerlan Musayevga shu qadar qulay pas berdiki, hujumchi raqib darvozasini ishg‘ol qilishga umuman qiynalgani yo‘q.

Shu goldan keyin SSKA futbolchilarini tom ma’noda to‘xtatib bo‘lmay qoldi va ular mehmonlar darvozasini yana uch marta aniq nishonga oldi.

Uchrashuvda burilish yasash, o‘yinda qahramonlik ko‘rsatish oson bo‘lgani yo‘q. Shu kuni raqiblar Abbosbek Fayzullayevga qarshi ayovsiz o‘ynadi, unga nisbatan o‘yin qoidasi ko‘p buzildi, bir necha marotaba legionerimiz og‘riqdan maydon “dumalab” ham qoldi.

Eng xavfli holat o‘yinning 23-daqiqasida ro‘y berdi. Qo‘pol o‘ynab o‘rgangan 27 yoshli portugaliyalik futbolchi Joau Eskoval to‘pni qabul qilib olgan Abbosbek Fayzullayevning ortidan hujum qildi. To‘qnashuv juda qattiq bo‘ldi. Bosh boshga tegdi. Har ikki o‘yinchiga tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Fayzullayevni bolaligida “boshing toshdan bo‘lsin”, deb duo qilishgan ekan, uning jarohati g‘urra bilan cheklandi. Eskovalning esa, boshi yorildi, bint bilan bog‘lashga to‘g‘ri keldi.


Keyinroq portugaliyalik o‘yinchi SSKAning “otaxon” darvozaboni Igor Akinfeyevning orqa tomonidan boshiga urilib, labini yorib oldi. Yana bir e’tiborga loyiq voqea o‘yindan keyin yuz berdi.

Ma’lumki, keyingi paytda Abbosbek Fayzullayev samarali harakatni amalga oshira olmayotgani uchun tanqid ostida qolib ketayotgan edi. SSKAning o‘yini o‘zbek legionerining harakatlariga bog‘lanib qolgani uchun tanqidlarga ham asosan hamyurtimiz nishon bo‘layotgandi.

SSKA bosh murabbiyi Marko Nikolich Abbosbek Fayzullayevni tanqidlardan himoya qilishga kirishdi.

- Abbosbek Fayzullayev qishda Osiyo kubogi, yozda Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgani uchun o‘ta muhim hisoblangan ikkita mavsumoldi o‘quv-mashg‘ulotlar yig‘inlarini o‘tkazib yubordi. Yuqoridagi musobaqalarda o‘yinchi katta yuklamalarni bajardi. Yosh futbolchini tanqid qilish xato, deb o‘ylayman. Abbos – juda iste’dodli, harakatchan, mahnatkash yigit. U o‘sishda va rivojlanishda davom etadi. Tez orada yana hammasini uddalay boshlaydi, - dedi SSKAning serbiyalik bosh murabbiyi Marko Nikolich.

SSKA futbolchilari navbatdagi uchrashuvini 27 avgust kuni Rossiya kubogi doirasida safarda “Axmat” jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fayzullayev raqibning boshini yordi, Nikolich Abbosni qattiq himoya qildi