20:13 / 09.09.2024
48

Qirg‘izistonlik taniqli mutaxassis: "Eron bilan o‘yin bizga umid bag‘ishladi"

Qirg‘izistonlik taniqli mutaxassis: "Eron bilan o‘yin bizga umid bag‘ishladi"
Hozirgi kunda barcha diqqat va e’tibor Qirg‘iziston – O‘zbekiston terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuvga qaratilgan.

Qirg‘iziston U20 terma jamoasi hamda “Ilbirs” klubi bosh murabbiyi sifatida ishlab kelayotgan 38 yoshli o‘z mamlakatining taniqli mutaxassisi Mirlan Eshenov ertangi o‘yin oldidan Sports.uz saytiga intervyu berdi.

- Qirg‘izistonning Eronga qarshi o‘yini sizda qanday taassurot qoldirdi?
- Eronga qarshi o‘yinimiz harqalay yaxshi chiqdi, agar yutqazganimizni hisobga olmaganda. Statistik tomondan ham xavfli vaziyatlar borasidagi ko‘rsatkichimiz Erondan juda qolishmaganini ko‘rish mumkin. Gol urish uchun biz ham qulay imkoniyatga ega bo‘ldik. Ha, biz Osiyodagi eng xavfli va top maqomda e’tirof qilinadigan raqibga qarshi kurashdik. Ammo bu bahs o‘z navbatida bizga rivojlanish va o‘sish yo‘lidagi ishlarimizda qo‘l keladi, deb o‘ylayman.

- 10 sentyabr sanasida bo‘ladigan muhim uchrashuvga Qirg‘izistonda tayyorgarlik qanday?
- Shuningdek, men O‘zbekistonni guruhimizdagi yetakchilardan biri, deb ko‘rsata olaman. Terma jamoa tarkibida iqtidorli futbolchilaringiz talaygina. Lekin bu - futbol va istalgan syurprizlar taqdim etadigan o‘yindir. O‘z navbatida biz ham o‘tkir qarshi hujumlar namoyish etishga harakat qilamiz. Bu ham taktikaning bir qismi. Eronga qarshi uchrashuvda futbolchilarimiz jismoniy jihatdan tayyorgarligi yomon emasligini ko‘rsata oldilar. O‘ylaymanki, ular o‘zlariga kelib olganlar. Eng muhimi, biz o‘z uyimizda to‘p suramiz va bu hol kuchimizga kuch qo‘shadi.

- Qirg‘iziston termasi va uning muxlislari uchun “JCH-2026” uchinchi saralash bosqichiga yo‘l olgani muhim voqelikdir. Ular endi terma jamoadan nima kutishmoqda?
- Oxirgi paytlarda yurtimizda ham futbol ancha jadallik bilan rivojlanib boryapti. Bir yil ichida o‘nlab stadionlar qurilgani va ta’mirlangani ham buni tasdig‘idir. Yana shuni aytish kerakki, ishga xorijlik mutaxassislarni jalb etmoqdamiz. Bu esa o‘z o‘rnida futbolimizning rivojlantirishga katta yordam bermoqda. Boya aytganimdek, Eron bilan bo‘lib o‘tgan bahs bizga umid bag‘ishladi va “JCH-2026” yo‘lida kattaroq natijalarni qayd eta olishimiz mumkinligi yo‘lida umid qilishga imkon qoldiryapti.

- Bugungi kunda Qirg‘iziston terma jamoasidagi eng xavfli futbolchi kim?
- Men uchun eng kuchli o‘yinchi - bu butun jamoa, deb ko‘rsatgan bo‘lardim. Yana Eron bilan bo‘lib o‘tgan bahsni eslashimga to‘g‘ri keladi. Biz shu kuni himoyada ham ancha ishonchli ko‘rindik va keskin qarshi hujumlar namoyish qildik. Buning oqibatida bellashuv oxiriga kelib eronliklar to‘pni nazorati ostida saqlash va vaqtni cho‘zishga harakat qila boshladilar.

- O‘zbekistonni bu safar o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatiga chiqishiga qanchalik ishonyapsiz?
- Men uchun O‘zbekiston futbol etaloni hisoblanadi. Terma jamoangizning JCH final bosqichida ishtirok eta olishiga doim ishonib kelganman. Sizlarda iqtidorli futbolchilar ko‘p va bu safar hammasi o‘xshaydi, deb o‘ylayman. Xuddi joriy yozda olimpiya termangizni Parijdagi Olimpiadada ko‘rganimizdek, milliy terma jamoani “JCH-2026”da ko‘rishdan umid qilib qolamiz. Omad yor bo‘lsin!

- Umuman olganda, terma jamoamizning o‘yinini kuzatib boryapsizmi? Sizning sevimli futbolchingiz kim?
- Albatta, biz nafaqat mutaxassislar, balki oddiy ishqibozlar sifatida ham O‘zbekiston milliy terma jamoasini kuzatib kelamiz. Ayniqsa, bizga o‘yinchilaringizning texnik salohiyati yoqadi. Ular o‘zlarini to‘p bilan va to‘psiz qolganlarida ham qanday tutish kerakligini bilishadi. Sherzod Nasrullayev, Farruh Sayfiyev, Rustam Ashurmatov, Abduqodir Husanov, Eldor Shomurodov, Abbos Fayzullayev, Jaloliddin Masharipov kabilarni aytishim mumkin.

- 10 sentyabr kuni qanday natija kutyapsiz?
- Ishqiboz sifatida 1:1 hisobidan umid qilib qolaman. Biroq mutaxassis sifatida g‘alabadan umidvorman. Chunki umid va ishonch bor!

Shuhratbek Jo‘rayev.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Qirg‘izistonlik taniqli mutaxassis: "Eron bilan o‘yin bizga umid bag‘ishladi"