18:44 / 13.09.2024
13

Shomurodov “Jenoa”ga qarshi o‘yinda hujum markazida

Shomurodov “Jenoa”ga qarshi o‘yinda hujum markazida
Eldor Shomurodov O‘zbekiston milliy terma jamoasidagi ikkita g‘alabali uchrashuvdan keyin Rimga qaytib, “Roma”ning mashg‘ulotlariga kirishib ketdi. Eldor mashg‘ulotlarni yaxshi kayfiyatda o‘tamoqda.

Italiya futbolini yoritib kelayotgan manbalarning aksariyati bosh murabbiy Daniele De Rossi “Jenoa”ga qarshi o‘tkaziladigan navbatdagi uchrashuvda o‘zbek hujumchisiga boshlang‘ich tarkibdan joy berishini kutmoqda. Bu manbalar “Roma” murabbiylar shtabiga Eldor Shomurodovni boshlang‘ich tarkibda o‘ynatish bo‘yicha o‘z variantlarini taklif qilyapti.

Italiya ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan Shomurodovga oid ma’lumotlar o‘zbekistonlik futbol ishqibozlari e’tiboriga havola etiladi.

ROMAPRESS.NET:
Italiyada ijaradan qaytib, nimalarga qodirligini ko‘rsatgan Eldor Shomurodov ko‘p muhokama qilinyapti. Bu legionerning “Atlanta Yunayted”ga transferi amalga oshmay qoldi va u endi “Roma” tarkibida o‘ziga joy ochishga harakat qilyapti.

“Spetsiya” va “Kalyari”dagi ijaralardan keyin o‘zbek futbolchisi “Roma” berayotgan yangi imkoniyatga jiddiy yondashmoqda.

Yaqinda Shomurodov bittadan goli va assisti bilan O‘zbekiston terma jamoasining Qirg‘iziston ustidan g‘alabasini ta’minladi. Sardor sifatida o‘ynagan futbolchi jamoada yetakchiligi va mahoratini namoyish qildi.

29 yoshli hujumchi “Jenoa” bilan bo‘ladigan bahsda boshlang‘ich tarkibda o‘ynashga da’vogarlik qilmoqda. U “Roma”da o‘zini ko‘rsatish uchun har qanday imkoniyatdan foydalanishga tayyor.

ROMAFOREVER.IT:
Shomurodov ijobiy o‘sishni saqlab turibdi. Eldor “Empoli”ga qarshi o‘tkazilgan uchrashuvdagi samarali o‘yinini O‘zbekiston terma jamoasidagi bahslarda ham davom ettirdi.

Qirg‘iziston bilan bo‘lgan murakkab o‘yinda “Roma” hujumchisi dastlab hisobni tenglashtirdi, keyin jamoadoshining g‘alaba keltirgan goliga assistentlik qildi.

Eldor “Roma”da zaxira hujumchisi bo‘lganiga qaramay, o‘z mamlakati terma jamoasining asosiy o‘yinchisi va yetakchisi hichoblanadi. Buni jahon chempionatining Osiyo qit’asi saralash turnirlarida namoyish qildi.

Legionerning “Roma” boshlang‘ich tarkibida maydonga tushishi ehtimoli katta emas, lekin uchrashuv davomida Daniele De Rossi unga imkoniyat berishi aniq.

ONEFOOTBALL.COM:
Osiyoda kuchli terma jamoalar bo‘y ko‘rsatmoqda. Jahon chempionati saralash turnirida Yaponiya ketma-ket ikkita g‘alabani tantana qildi. O‘zbekiston terma jamoasida ham ko‘rsatkichlar ideal darajada.

Markaziy Osiyoning ikki terma jamoasi o‘rtasidagi duel o‘zbekistonliklarning g‘alabasi bilan yakunlandi. Hisobda ikki marta ortda qolganiga qaramay, “oq bo‘rilar” vaziyatni o‘nglay oldi. Ular Eldor Shomurodov, Husniddin Aliqulov va Oston O‘runovning gollari evaziga 3:2 hisobida muvaffaqiyatga erishdi.

RETESPORT.IT:
Terma jamoalarga ketgan o‘yinchilarning bari Rimga qaytdi. Bosh murabbiy Daniele De Rossi “Jenoa”ga qarshi o‘yin oldidan ularning jismoniy tayyorgarligiga baho berishi talab etiladi.

Murabbiylar shtabi oldingi chiziqda variantlar qidirmoqda. Jarohat olgan Artyom Dovbikning o‘rnini bosishning eng oson va sodda yo‘li rasmiy uchrashuvlarda “Roma”ning yagona goliga mualliflik qilgan Eldor Shomurodovni ilk daqiqalardan o‘ynatishdir. Bu variant tanlansa, o‘zbek futbolchisiga qanotlardan Matias Sule va Aleksis Salemakers yordam berishi mumkin. Ukrainalik markaziy hujumchi o‘yingacha safga qaytgani bilan bahsni zaxira o‘rindig‘ida boshlashi kutilmoqda.

Bu variantda hujum chizig‘i qanday ko‘rinishini quyidagi sxemada ko‘rish mumkin.

Ikkinchi variantda ham Eldor Shomurodov yagona markaziy hujumchi sifatida ilk daqiqalardan maydonda harakat qiladi. Bu taktik sxemada Argentina terma jamoasi hujumkor futbolchilari – Matias Sule va Paulo Dibala o‘zbek legionerining ortida o‘ynab, uni qo‘llab-quvvatlashiga to‘g‘ri keladi. Biroq, argentinalik juftlikning markaziy hujumchi ortida o‘ynatish taktikasi “Empoli”ga qarshi bellashuvda samara bermadi.

Bu variantda hujum chizig‘i qanday ko‘rinishini quyidagi sxemada ko‘rish mumkin.

Eslatib o‘tamiz, Genuya shahri mezbonlik qiladigan “Jenoa” va “Roma” o‘rtasidagi bahs 15 sentyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 15:30 da boshlanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Shomurodov “Jenoa”ga qarshi o‘yinda hujum markazida