16:49 / 15.09.2024
33

Ukraina bosh murabbiyi: "Maqsadimiz qiyin holatdagi ukrain xalqini biroz bo‘lsa ham xursand qilish"

Ukraina bosh murabbiyi: "Maqsadimiz qiyin holatdagi ukrain xalqini biroz bo‘lsa ham xursand qilish"
Ukraina futzal terma jamoasi bosh murabbiyi Oleksandr Kosenko Jahon chempionati startidan avval saytimizga kichik intervyu berdi.

- Avvalambor O‘zbekistonga xush kelibsiz. Ukraina terma jamoasi qanchalik tayyor? Dastlabki raqib Argentina terma jamoasini o‘rganib chiqdingizlarmi?

- Shubhasiz, Argentina juda kuchli terma jamoa. Bizni qiyin uchrashuv kutib turibdi. Biz tarkibimizni ancha yangiladik va hozirgi tarkibimizda avvalroq mundialda ishtirok etgan ikki nafar futzalchi bor, xolos. Yosh futzalchilarimiz ushbu musobaqada debyut qilishadi. Birinchi uchrashuvda jamoa qanday holatda ekanligini bilib olamiz. Muhimi, jamoa o‘z o‘yinini va ishtiyoqini yo‘qotib qo‘ymasligi. Argentinadek kuchli terma jamoaga qarshi ham o‘ynay olishimizga ishonaman. Faqatgina o‘zimizga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmasligimiz kerak.

- Guruhdagi boshqa jamoalar haqida fikr bildirib o‘tsangiz? Argentina 2016 yilgi Jahon chempioni. Angola terma jamoasida esa portugaliyalik bosh murabbiy bor va jamoaning yetakchilari Portugaliya chempionatida to‘p tepishadi. Afg‘oniston terma jamoasi o‘z tarixida birinchi marotaba mundialda ishtirok etayotganiga qaramay, ular qo‘shni mamlakat Erondan ko‘p narsani qo‘llashdi va Eron futzali kabi rivojlanishmoqda.

- Angola va Afg‘oniston terma jamoalarining o‘yinlarini ko‘rib chiqdik va ular namoyish etayotgan o‘yin meni hayratga soldi. Jahon chempionatida kuchsiz jamoaning o‘zi yo‘q deb o‘ylayman. Har bir jamoa har kim uchun yetarlicha muammo tug‘dirishi mumkin. Oson o‘yinlar bo‘lmasligini bilamiz va shunga tayyorlanib boryapmiz.

- Ukraina terma jamoasi uchun qaysi bosqich muvaffaqiyatli natija deya qabul qilinadi?

- Bizda aniq bir maqsad yo‘q va men buni ko‘p marotaba aytib kelyapman. Biz o‘yindan o‘yinga kuchayib borishni maqsad qilganmiz. Eng avvalo guruhdan chiqib olishimiz kerak, keyin esa kim raqib bo‘lishiga qaragan holda o‘ynaymiz. Muhimi, biz ushbu musobaqaga tayyormiz. O‘zbekistonda qancha vaqtga qolishimizni vaqt ko‘rsatadi. Maqsadimiz ushbu qiyin pallada ukrain halqini biroz bo‘lsa ham xursand qilish.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina futzal terma jamoasi Jahon chempionatidagi dastlabki uchrashuvini Argentinaga terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi, uchrashuv bugun soat 20:00da "Humo Arena"da o‘tkaziladi.

Abdulvosit Bektemirov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ukraina bosh murabbiyi: "Maqsadimiz qiyin holatdagi ukrain xalqini biroz bo‘lsa ham xursand qilish"