11:51 / 18.09.2024
93

Fayzullayev nega zo‘r o‘ynay olmayotgani sababini aytishdi

Fayzullayev nega zo‘r o‘ynay olmayotgani sababini aytishdi
Abbosbek Fayzullayev o‘tgan yili avgust oyida “Paxtakor”dan Premer-liga vakili Moskvaning SSKA klubiga ko‘chib o‘tganida Rossiya futboliga tanish emasdi.

Hujumkor futbolchimiz qisqa fursatda “armiyachilar”ning asosiy o‘yinchisiga aylandi. Jamoaning hujumlari aynan o‘zbek legioneri orqali tashkil etildi. SSKA Premer-ligada eng ko‘p gol urgan jamoaga aylandi.

20 yoshli hamyurtimiz chempionat va kubok musobaqalarida jami 32 ta uchrashuvda ishtirok etib, raqiblar darvozasini besh marotaba ishg‘ol qildi, jamoadoshlariga 14 ta golli pas uzatdi. Yuqori samaradorlik, mazmunli o‘yin, yetakchilik qobiliyati tufayli Abbosbek Rossiya Premer-ligasining asosiy kashfiyoti bo‘ldi.

Yangi mavsumda muxlis-u mutaxassislar Fayzullayevdan yanada yorqin o‘yin kutmoqda. Biroq bu gal hamyurtimiz avvalgidek sermahsul o‘yin namoyish qila olmayapti. Premer-ligada oltita va kubokda ikkita uchrashuvda maydonga tushgan Abbosbek bir juft assistni amalga oshirdi xolos.

Rossiya terma jamoasi va SSKAning sobiq futbolchisi Yevgeniy Aldonin Fayzullayevga bo‘lgan ishonchni yo‘qotmaslik lozimligini, Abbosbek yana yuqori saviyada o‘ynashga qodirligini ta’kidlamoqda.

- Abbosbekning mavsumoldi tayyorgarligi puxta bo‘lgani yo‘q. Olimpiya o‘yinlaridagi ishtiroki tufayli SSKA bilan deyarli shug‘ullanmadi hisob.

Bundan tashqari, Fayzullayev o‘ziga bo‘lgan talabni bir pog‘ona ko‘tardi va hozircha bu darajaga yetishishi qiyin kechmoqda.

U hali yosh futbolchi va uning yoshida o‘yinida pasayishlar bo‘lishi tabiiy hol hisoblanadi. Men Abbosbek yana yuqori sport formasini tiklab olib, zo‘r o‘yin ko‘rsatishiga aminman.

Agar Abbosbek o‘yin tempiga tushib olsa, salomatligi pand bermasa, mavsumning ikkinchi yarmida undan juda ko‘p narsa kutsa bo‘ladi, deb o‘ylayman. Uning futbol tafakkuri yaxshi shakllangan va shu bois, asosiy masala jismoniy tayyorgarlik va holatga bog‘liq bo‘ladi
, - dedi Yevgeniy Aldonin.

Darhaqiqat, SSKA joriy mavsumda chempionlik uchun kurashishi kutilgan edi. Ana shu maqsadda bosh murabbiylikka serbiyalik mutaxassis Marko Nikolich taklif etildi.

Biroq jamoa o‘yinida sezilarli o‘sish bo‘lgani yo‘q. “Armiyachilar” chempionatda sakkizta uchrashuvdan teng yarmida ochko yo‘qotdi. Ayniqsa, ular yuqori o‘rinlar uchun kurashdagi to‘g‘ridan to‘g‘ri raqiblari – “Krasnodar”, “Lokomotiv” va “Zenit”ga imkoniyatni boy bergani jamoaga ancha qimmatga tushdi.

SSKAning hujumkorligi ko‘p jihatdan Abbosbek Fayzullayevning o‘yiniga bog‘liq bo‘lgani uchun muvaffaqiyatsizliklardan keyin legionerimizni tanqid qilganlar ham bo‘ldi.

Moskvalik “armiyachilar” navbatdagi uchrashuvni Rossiya kubogi doirasida 18 sentyabr kuni “Krasnodar”ga qarshi o‘tkazadi. Premer-ligadagi navbatdagi tur o‘yinida SSKA 21 sentyabrda “Rubin” jamoasi mehmoni bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fayzullayev nega zo‘r o‘ynay olmayotgani sababini aytishdi
ePN