date
views 197

Futbolchilar qayta baholanadi: Shomurodovning yangi ustozi jamoani o‘zgartira boshladi

Futbolchilar qayta baholanadi: Shomurodovning yangi ustozi jamoani o‘zgartira boshladi
Roma”da jiddiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Jamoaning mavsum boshidagi natijalaridan qoniqmagan rahbariyat klub afsonasi bo‘lgan Daniele De Rossini bosh murabbiylikdan ozod qildi. Jamoa xorvatiyalik mutaxassis Ivan Yurichga topshirildi.

49 yoshli mutaxassis 2001 yildan beri Italiya futbolida faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘sha yili “Krotone”ga futbolchi sifatida kelgan Yurich professional futbolchilik faoliyatini 2010 yili “Jenoa”da tugatdi.

Bir necha qator jamoalarda murabbiylik sir-asrorlarini o‘rgangan Ivan Yurich mustaqil bosh murabbiy sifatidagi ishini 2014 yili “Mantova” jamoasida boshlagan. O‘n yil ichida “Krotone”, “Jenoa”, “Verona” va “Torino” kabi klublarda bosh murabbiylik qildi.

Endi “Roma” darajasidagi klubni qabul qilib oldi. Ayrim mutaxassislar xorvatiyalik murabbiy ilgari top-jamoalarni boshqarmagani uchun “Roma”ning tanlovini tanqid qilmoqda. Biroq top-klubdagi ishni qachondir boshlaydigan davr bo‘ladi-ku. Yurich faoliyatida ana shu palla mana endi keldi.

Ivan Yurich oldiga qo‘yilgan mas’uliyat o‘zgargani yo‘q. Minimum vazifa jamoani Yevropa Chempionlar ligasiga olib chiqish. A Seriyada transfer bozori yopilgan. Yangi ustoz o‘ziga yoqqan o‘yinchilarni olib kelolmaydi. Demak, Yurich tarkibda bor futbolchilar bilan ishlashiga to‘g‘ri keladi.

Klub rahbariyati tarkibda yuqori saviyali o‘yinchilar yig‘ilganini ta’kidlamoqda. Nufuzli manbalardan calciomercato.com saytining ma’lum qilishicha, yangi ustoz barcha shogirdlarining imkoniyatlarini qayta baholab chiqadi.

Shu o‘rinda, Eldor Shomurodovga ko‘proq imkon berilishi kutilayotganini ta’kidlash joiz. Chunki Ivan Yurich o‘zbek hujumchisini bir necha marotaba avvalgi jamoasi “Torino”ga olib kelishga harakat qilgan. Xorvatiyalik mutaxassis Eldorni o‘zi qo‘llaydigan o‘yin uslubiga to‘liq mos tushishini bir necha bor ta’kidlagan.

Xususan, Yurichga legionerimizning markaziy hujumchi sifatida bo‘y-basti, oldingi chiziqda bir necha pozitsiyada erkin harakat qilishi, boshi bilan yaxshi o‘ynashi, tezkorligi va qanotlardan hujum uyushtirishga ham ustaligi ma’qul kelgani haqida ilgari ko‘p tahlilchilar o‘z fikr-mulohazalarida aytib o‘tgan.

“Roma” xo‘jayinlari Den va Rayan Fridkinlar, bosh direktori Lina Suluku xonim hozirgi tarkib jamoa oldiga qo‘yilgan vazifalar uchun kurashishga tayyor, hamma gap bosh murabbiyning mahoratiga bog‘liq ekanini ta’kidladi.

Ivan Yurich ham vaqtni boy bermay ishga kirishdi. Bu mutaxassis jamoaga o‘z qoidalarini kiritib, kun tartibida o‘zgarishlar bo‘lishini ma’lum qildi. Yurich jamoa birdamligini ta’minlash maqsadida o‘yinchilarni mashg‘ulotlardan keyin to‘g‘ri uyiga ketishiga chek qo‘ydi.

Endi “Roma” futbolchilari kunning ikkinchi yarmida bo‘ladigan mashg‘ulotlardan keyin Trigoriyadagi bazada kechgacha qoladi. Jamoa umumiy kechki ovqatdan keyingina dam olish uchun uyiga ketishiga ruxsat beriladi.

Ivan Yurichning yangi metodlari qanchalik samara berishini 22 sentyabr kuni “Olimpiko” stadionida “Udineze”ga qarshi bo‘ladigan bahsdan so‘ng bilib olamiz.

Bundan tashqari, “bo‘rilar”ni 26 sentyabr kuni jiddiy raqib kutib turibdi. Shu kuni Shomurodov jamoasi Yevropa ligasi umumiy bosqichidagi ilk uchrashuvini o‘z maydonida Ispaniyaning “Atletik” klubiga qarshi o‘tkazadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Futbolchilar qayta baholanadi: Shomurodovning yangi ustozi jamoani o‘zgartira boshladi