22:54 / 20.09.2024
38

Sergey Lushchan: "O‘yinimiz "nol". Hujumga deyarli o‘ta olmadik"

Sergey Lushchan: "O‘yinimiz "nol". Hujumga deyarli o‘ta olmadik"
Superliganing 19-turi doirasida "Lokomotiv" maydonidagi g‘alabadan keyin "Navbahor" bosh murabbiyi Sergey Lushchan fikrlarini bildirdi.

O‘yin haqida

- Og‘ir o‘yin bo‘ldi. Ochig‘ini aytadigan bo‘lsam, hujumdagi o‘yinimiz umuman o‘xshamadi. Buning uchun bizda yetarlicha sabablar bor: yetakchilarga dam berdik, Hamrobekov bugun o‘ynamadi. Shu sababli yangicha bo‘g‘imlarni sinab ko‘rdik. Himoya haqida gapiradigan bo‘lsam, raqiblarda ko‘plab vaziyatlar bo‘ldi, lekin gol ura olishmadi. Bizda esa birgina vaziyat bo‘ldi va undan urdik. O‘yinimiz "nol".

Kim urgan bo‘lsa, o‘sha jamoa yutdi. O‘yinimiz bobida xavotirlarim bor. Hozir menda ikki xil xissiyotlar bor: garchi yutgan bo‘lsak-da, men uchun barchasi xavotirli. Hamma o‘zi uchun o‘ynamoqda, maydonda nimalarnidir o‘ylab topishyapti. Umid qilamanki, rotatsiyalar orqali bu holatni yo‘qotamiz. Barchasini ko‘rib, taxlil qilib chiqamiz.

Raqibga qarab o‘ynayotganimiz tushunarli. O‘yin bobida futbolchilarimdan ko‘prog‘ini kutgandim. Biz raqiblardan ko‘ra og‘irroq o‘ynadik, to‘pni oyog‘imizda ushlab tura olmadik. Balki maydon ham halaqit qilgandir, chunki barcha futbolchilar to‘pning g‘alati sakrayotganini aytishdi. G‘alaba qozondik, gap yo‘q. O‘yinga borini berish bobida bizda muammolar yo‘q. Lekin aynan bugunga kelib, biz hujumga o‘tishga juda ham qiynaldik va umuman o‘yinimiz chiqmadi.

- Bugungi o‘yinda mahorat g‘alaba qozondi desa bo‘ladimi?

- Biz g‘alaba qildik, birgina vaziyatimizdan urib ketdik. Raqiblar esa ilk daqiqalarda 5 metrdan darvozamizni ishg‘ol qila olishmadi. Keyin esa biz vaziyatimizdan urdik. Darvozabonimiz bugun ko‘p vaziyatda qutqardi, ayniqsa, jarima zarbasidan yaxshi seyv ko‘rdik. Uning o‘yinidan mamnunman. Lekin umumiy o‘yindan emas. Yigitlardan ko‘prog‘ini kutyapman. Ularga ruhiy bosim yuqori darajada bo‘lmoqda. Mag‘lub bo‘lgan o‘yinlarimizda shunday vaziyatlardan gollar o‘tkazib yuborayotgandik, bugun esa unday bo‘lmadi. Biz gol urdik. Balki taqdir charxpalagi teskari aylangandir. O‘tgan o‘yinlar davomida realizatsiya borasida muammolarimiz ko‘zga tashlangandi. Bugun esa hujumga chiqmadik ham. Albatta, bu raqibning o‘yini sababli bo‘ldi. Yigitlar bundan ko‘prog‘ini bajara olishlariga ishonaman.

- Kelasi o‘yinda Sardor Rashidov va Odil Hamrobekovning maydonga tushishiga umid qilsa bo‘ladimi?

- Sardorni maydonga tushish yoki tushmasligi faqatgina Yaratganga ayon. Uning o‘zi ham, biz ham maydonga tushishini istaymiz. Uning holatiga baho berib boramiz va fizioterapevt ruhsat bersa, maydonga tushiramiz. Hali oldinda ikki hafta bor. Uning maydonga tushishi ehtimoli yo‘q emas. Sardor Rashidov - bir o‘zi o‘yinni hal qila oladigan futbolchilar sirasidan. Hamrobekov esa charchagan. Uning mushaklarida jarohat bo‘lishidan qo‘rqdik. Barcha o‘yinlarni almashtirishlarsiz o‘ynayotgan futbolchiga dam berish kerak edi. Uning "So‘g‘diyona" bilan o‘yinda maydonga tushishini ko‘rib chiqamiz. Barchasi uning jismoniy holatiga bog‘liq. U asosiy tarkib futbolchisi va uning maydonga tushishiga umid qilamiz. Shuningdek, Farruh Sayfiyev ham safga qaytishi kerak. Kubok finaliga to‘liq tarkib bilan borish uchun umid qilishimiz kerak.

- Jamoangiz "Paxtakor" bilan o‘yinda bor hissiyotlarini ishlatib yuborgandek. So‘nggi ikki o‘yinda futbolchilarda hech qanday hissiyot ko‘rinmadi. Yoki Siz final oldidan asosiy "kozirlar"ni ochishni istamayapsizmi?

- Bizda shunday "kozirlar" bor ekanmi? Barcha "kozirlarim" maydonda. Biz nimalarnidir yashiradigan darajadagi mahoratli jamoa emasmiz. Hissiyot masalasiga kelsak, yigitlar anchagina charchashdi. Buni ko‘rib turibmiz. Bir qancha futbolchilar umuman almashtirishlarsiz o‘ynamoqda. Almashtirishga imkoniyat bo‘lsa, almashtiryapmiz. Iloji bo‘lsa, mashg‘ulotda ham dam beryapmiz. Lekin bu hozircha yordam bermayapti. Kubok finaliga esa futbolchilarga ortiqcha ko‘rsatma berish ham shart emas. Barchamiz insonlarmiz va finalning qanday ahamiyatga egaligini bilib turibmiz. Mashg‘ulotlarda kichik tanaffuslar bo‘layotgani esa hali bu jamoaga yordam beradimi, hali bu aniq emas. Barchasi tajribaga bog‘liq. Aniq ayta olaman, biz hech nimani yashirmayapmiz. Bizda shunchaki katta iqtidor yo‘q.

- Internetda "Andijon" finalda g‘alabaga erishadigan bo‘lsa, futbolchilarga avtomobillar sovg‘a qilinishi aytildi. "Navbahor"da bu borada yangiliklar bormi?

- Samolyot sovg‘a qilishadi (kuladi). Mantiqan olib qarasak, "Andijon"ning ortida katta zavod turibdi. Agarda g‘olib bo‘lishsa, futbolchilar bunga loyiq bo‘ladi, shahardagilar ular bilan faxrlanishadi. Bizda esa futbolchilar bilan shartnomalar bor va unda kubok sohibi bo‘lsa, chempionlikni qo‘lga kiritsa, qandaydir bonuslar yozilgan. Har bir futbolchi haqida gapira olmayman. Bizda unday holat bo‘lmasa kerak. Bilasizmi, Kubokni yutish istalgan klub uchun moliyaviy afzalliklardan ustunroq. Bu hayot. Pullar qachondir tugaydi. Kubok sohibi bo‘lish esa keyinchalik bolalaringizga so‘zlab berishingiz mumkin bo‘lgan narsa. "Andijon" barcha futbolchilariga mashina berishi meni xursand qildi. Hammaning qozoni alohida, bizda esa unday bo‘lmasligi mumkin.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sergey Lushchan: "O‘yinimiz "nol". Hujumga deyarli o‘ta olmadik"