12:49 / 22.09.2024
164

Natijadan norozi Nikolich Fayzullayev haqida nimalar dedi?

Natijadan norozi Nikolich Fayzullayev haqida nimalar dedi?
Rossiya Premer-ligasining to‘qqizinchi turida “o‘zbek derbisi” kuzatildi. Qozon shahri mezbonlik qilgan uchrashuvda “Rubin” himoyasida Rustam Ashurmatov, SSKA hujumida Abbosbek Fayzullayev yetakchilik qildi.

O‘yin keskin va murosasiz bellashuvlarga boy bo‘ldi. Moskvaliklar hujumlarini qaytarishda Rustamjon Ashurmatov alohida jonbozlik ko‘rsatdi. Tajribali legionerimiz bir necha vaziyatda “armiyachilar”ning “Rubin” darvozasiga zarba berishiga yo‘l qo‘ymadi.

“Rubin” bosh murabbiyi Rashid Rahimov 58-daqiqada o‘yinga taktik o‘zgartirishlar kiritish uchun Ashurmatovni zaxiraga olib, o‘rniga Konstantin Nijegorodovni tushirdi. Ta’kidlash joizi, 28 yoshli markaziy himoyachimiz bu mavsumdan muntazam asosiy tarkibda to‘p tepmoqda. Rustam hozirga qadar chempionatda beshta, kubok musobaqasida to‘rtta o‘yinda ishtirok etdi.

Abbosbek Fayzullayev esa, SSKA hujumlarini tashkil qilishda faollik ko‘rsatdi. Hamyurtimizning tezkor, kutilmagan, qo‘qqisdan qabul qilgan qarorlari raqibni ancha shoshirib qo‘ydi. Moskva klubi hujumchilari bir necha bor legionerimizning qulay paslarini golga aylantira olmadi.

“Armiyachilar” hisobni Abbosbek Fayzullayev harakatlari evaziga ochdi. Legionerimiz ideal darajada aniq va qulay pas oshirdi. Rifat Jemaletdinov o‘zbek futbolchisi yaratib bergan vaziyatdan unumli foydalanib, mavsumdagi birinchi golini urdi.

Biroq SSKAga g‘alabani ushlab qolish nasib qilmadi. Qozonliklar ikkinchi bo‘limda Yegor Teslenkoning goli evaziga hisobni tenglashtirdi – 1:1.

O‘yindan keyin SSKA bosh murabbiyi Marko Nikolich klub matbuot xizmatiga o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

- Uch ochko olib keta olmaganimiz alamli bo‘ldi. Maydonda jamoamiz to‘pni nazorat qilish, xavfli vaziyatlar yaratish, darvozaga zarba yo‘llash kabi turli ko‘rsatkichlar bo‘yicha ustunlik qildi. Yoqmagan tomoni – biz ketma-ket uchinchi uchrashuvda o‘yin borasida raqibdan ustun bo‘lib turib, g‘alabaga erisha olmayapmiz.

Bu bahsda futbolchilarimiz borini berib o‘ynadi. G‘alaba qozona olmaganimizdan afsusdaman, lekin ishlashda va oldinga intilishda davom etamiz.

Jamoamdagi alohida o‘yinchilarni muhokama qilmayman. Lekin shuni aytishim kerakki, oxirgi uch-to‘rtta o‘yinda Abbosbek Fayzullayev va Rifat Jemaletdinov katta o‘sishga erishganini ko‘rib turibmiz.

Abbosbek Olimpiada tufayli uzoq vaqt jamoada bo‘lmadi, Rifat safimizga yozda qo‘shildi. Futbolni tushunadigan har bir odam har qanday o‘yinchiga vaqt kerakligini yaxshi biladi. Fayzullayev va Jemaletdinov yuqori sport formasini tiklab olganini namoyish qilayotgani ko‘rinib turibdi
, - dedi serbiyalik mutaxassis Marko Nikolich.

Joriy mavsumda umumiy hisobda o‘ninchi o‘yinini o‘tkazgan Abbosbek Fayzullayev Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogidagi assistlari sonini beshtaga yetkazib oldi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Natijadan norozi Nikolich Fayzullayev haqida nimalar dedi?