17:53 / 29.09.2024
12

Fayzullayev, rostini ayt, nima bo‘ldi?

Fayzullayev, rostini ayt, nima bo‘ldi?
Rossiya Premer-ligasining 10-turidan o‘rin olgan SSKA va “Axmat” jamoalari uchrashuvida o‘yin qahramoni Abbosbek Fayzullayev bo‘ldi.

Bellashuvning dastlabki daqiqalarida “armiyachilar”ning o‘ng qanot hujumchisi Rifat Jemaletdinov jarohat olib maydonni tark etganidan keyin Fayzullayev chap qanotni Tamerlan Musayevga qoldirib, o‘zi o‘ng qanotga ko‘chib o‘tdi.

Bosh murabbiy Marko Nikolichning bu ko‘rsatmasi legionerimizning universal o‘yinchi ekani va hujum chizig‘ining istalgan nuqtasida o‘ynay olishi bilan izohlanadi.

Abbosbek o‘ng tomonda ham faol o‘ynadi va 19-daqiqaga kelib, jarima maydonchasi tashqarisidan aniq zarba bilan hisobni ochdi.

Gol urganidan keyin ham 20 yoshli futbolchimiz bir qator xavfli hujumlar uyushtirib, jamoadoshlari uchun qulay vaziyatlar yaratib berdi.

SSKA vakillari tanaffusga ketish oldidan Kellvenning goli evaziga hisobdagi farqni ikkitaga oshirdi.

O‘yinning kulminatsion va hal qiluvchi pallasi 50-daqiqaga to‘g‘ri keldi. Abbosbek Fayzullayev markaziy hujumchi pozitsiyasiga o‘tdi. Qanotdan uzatilgan to‘pga legionerimiz va raqib himoyachisi Darko Todorovich tashlandi. To‘p darvoza to‘ridan joy oldi.

Bu vaziyat bir necha bor takroran ko‘rilganida ham to‘pga kim teginganini aniqlab bo‘lmadi. Ko‘pchilik Abbosni dubl bilan tabrikladi. Uchrashuvdan keyin o‘yin haqidagi fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashgan Abbosbek Fayzullayev o‘sha vaziyatga aniqlik qiritdi.

- Uchinchi gol urilgan vaziyatda men to‘pga tekkanim yo‘q. Darko Todorovich uni o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi. Men mavsumdagi birinchi golimni uzoq kutgandim. Uchinchi goldan keyin baribir biroz bo‘shashib qoldik.

Yaxshiyamki, futbol bizni jazolagani yo‘q va “Axmat” futbolchilari esa gol ura olmadi
, - dedi Abbosbek Fayzullayev.

Abbosbek Fayzullayev uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi, deb topildi. Avvalgi mavsumda bir necha bor individual sovrinlar sohibi bo‘lgan hamyurtimiz yangi chempionatda birinchi marotaba rasman uchrashuv qahramoni sifatida taqdirlandi.

20 yoshli legionerimiz yangi mavsumda Rossiya Premer-ligasi va mamlakat kubogi doirasida jami 11 ta uchrashuvda ishtirok etib, o‘z hisobiga bitta gol va beshta assist rasmiylashtirdi.

SSKA Premer-liga doirasidagi navbatdagi uchrashuvini 6 oktyabr kuni “Dinamo” jamoasiga qarshi o‘tkazadi. Bu o‘yinga raqib mezbonlik qiladi.

Ungacha “armiyachilar” Rossiya kubogi guruh bosqichi doirasida safarda “Nijniy Novgorod” jamoasi bilan kuch sinashadi. Mazkur uchrashuv 1 oktyabrga belgilangan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fayzullayev, rostini ayt, nima bo‘ldi?
ePN