23:59 / 29.09.2024
5

Bunaqada “Lans” Husanovni katta summaga sotib yuboradi...

Bunaqada “Lans” Husanovni katta summaga sotib yuboradi...
Fransiya chempionatining oltinchi turida “Lans” o‘z maydonida “Nitssa” bilan durang o‘ynadi. Keskin va murosasiz kurashlarga boy bo‘lgan bellashuvda har ikki jamoa o‘z darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi.

“Lans” himoya chizig‘ini boshqargan Abduqodir Husanov yana yetakchilik qobiliyatlarini namoyish qildi. 20 yoshli legionerimiz himoyada mustahkam turishdan tashqari, hujumlarga ham qo‘shila boshladi.

Abduqodir Husanovning 90-daqiqada boshi bilan bergan xavfli zarbasini raqib futbolchilari darvoza chizig‘i ustidan qaytarib qoldi.

Fransiya futbolini yoritib kelayotgan lensois.com portali “Lans”ning ushbu uchrashuvdagi eng yaxshi o‘yinchisini aniqlash uchun muxlislar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazdi.

Unga ko‘ra, Abduqodir Husanov yana jamoasining eng yaxshi o‘yinchisi bo‘ldi.

So‘rovnoma natijalari quyidagicha ko‘rinish oldi:
- Abduqodir Husanov 48,13%
- Bris Samba 26,68%
- Endi Diuf 9,23%
- Mbala Nzola 8,98%
- Boshqalar: 5 foizdan kam.

LENSOIS.COM sayti izohi:
Kevin Dansoning yo‘qligiga qaramay, himoya chizig‘i juda ishonchli o‘ynayapti. “Nitssa”ga qarshi o‘yinda o‘zbek futbolchisi hamma narsani mukammal bajardi. Natijada raqib hujumchilari Evann Gessand va Jeremi Boga ancha qiynalib qoldi.

Abduqodir zarur pallalarda kurashga qo‘shildi, hujumchilarni to‘xtata oldi, o‘zining shiddatli o‘yinini to‘g‘ri boshqara olishni o‘rganganini namoyish qildi.

Husanov hech narsani nazaridan qochirgani yo‘q va jarima maydonchasi atrofida o‘zining o‘yinini hammaga o‘tkaza oldi. Husanov bilan yelkama-yelka to‘qnashgan “Nitssa” vakili Ali Abdining yelkasi haliyam zirqirayotgan bo‘lsa kerak.

O‘zbek futbolchisi bellashuv oxirida gol urishga yaqin kelgandi. Uning zarbasidan keyin raqiblar himoyachisi Jonatan Kloss so‘nggi pallada darvozaga kirib ketayotgan to‘pni qaytarib yubordi.

So‘rovnomada ishtirok etgan muxlislar izohlarda Abduqodir Husanov haqidagi fikrlarini ham bildirib o‘tdi.

Teitur:
Jamoamiz himoyachilari haqiqiy erkaklarday kurashdi. Husanov yaxshi o‘ynayapti. Kevin Danso qaytsa, unga oson bo‘lmaydi. Himoya chizig‘i juda yaxshi ishlamoqda.

Black_Cats:
Hozirgi paytda eng zo‘r himoyachi Husanov ekaniga hech qanday shubha yo‘q. Uning o‘yini sezilarli darajada kuchaydi. O‘tgan mavsumdagi kamchiliklari ko‘rinmay qoldi, ancha aql bilan o‘ynashni o‘rganibdi.

Boshqa tomondan zamonaviy futbolda uchrashuvning eng yaxshi o‘yinchisi sifatida himoyachi yoki darvozabon tanlansa, oldingi chiziqda muammolar borligidan dalolat beradi.

Pierrot62:
Husanov tezlik oldi. Haftadan haftaga o‘yinida o‘sish kuzatilyapti. Shu taqlid davom etsa, Abduqodir top-himoyachiga aylanadi. Dansoning qaytishiga kelsak, unga hurmatni saqlagan va yaxshi ko‘rishimizni aytgan holda, endi hech narsa avvalgidek bo‘lmasligini eslatib qo‘yishimiz zarur.

Brunodu77:
“Lans” himoyachisi Husanov mavsumni juda yorqin boshladi, uning o‘yini odamni hayratga solmoqda.

Syl1362:
Hamma Kevin Dansoni alishtirib bo‘lmas o‘yinchi, deb ta’kidlar edi. Endi Abduqodir Husanov uning o‘rnini egallab bo‘lgani aniq. Uning o‘sishi shu tezlikda davom etadigan bo‘lsa, klub Husanovni bir necha million yevroga sotib yuborib, transferdan kelgan mablag‘ni teshiklarni yopishga sarflaydi. Har qanday holatda ham, Husanovning o‘sishini ko‘rish yoqimli. U berilgan imkoniyatdan to‘liq foydalana oldi.

Eslatib o‘tamiz, Abduqodir Husanov o‘tgan yili yozda lansliklar safiga qo‘shilgan edi. Bugungi kunda o‘zbek legionerining transfer summasi 2,5 million yevroni tashkil qilmoqda.

“Lans” Liga 1 doirasidagi navbatdagi uchrashuvini 6 oktyabr kuni safarda o‘tkazadi. Shu kuni lansliklar “Strasbur”ga qarshi saf tortadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bunaqada “Lans” Husanovni katta summaga sotib yuboradi...
ePN