08:08 / 03.10.2024
29

Abduqodir Husanov uchun xushxabar!

Abduqodir Husanov uchun xushxabar!
Abduqodir Husanov uchun yangi mavsum muvaffaqiyatli boshlandi. 20 yoshli futbolchimiz “Lans” yetakchisi Kevin Dansoning yo‘qligi bois, boshlang‘ich tarkibda avstriyalik tajribali himoyachi o‘rnini egalladi.

Legionerimiz bu imkoniyatdan juda zo‘r foydalandi. Abduqodir jamoasi himoyasini mustahkam ushlab turibdi va himoya markazidan turib, orqa chiziq o‘yinchilarini juda yaxshi boshqarmoqda. Buning samarasida “Lans” Fransiya chempionatida eng kam gol o‘tkazgan jamoaga aylandi va mag‘lubiyatsiz seriyasini davom ettirmoqda.

O‘zbek futbolchisining ishonchli o‘yini muxlisu mutaxassislar nazaridan chetda qolgani yo‘q. Fransiya matbuoti mamlakatning eng qudratli klubi hisoblangan PSJ “Lans” markaziy himoyachisiga qiziqa boshlaganini yozmoqda.

Ayni paytda Abduqodir Husanov jamoaga so‘nggi yillarda yetakchilik qilgan Kevin Dansoning o‘rinbosari emas, balki asosiy tarkibning muqim va muhim o‘yinchisiga aylanib bo‘ldi.

Buni Fransiya futboli, xususan, “Lans” klubi faoliyatini yoritib kelayotgan LENSOIS.COM sayti o‘tkazgan so‘rovnoma natijalaridan ham bilib olish mumkin.

Mazkur sayt “Lans”ning sentyabr oyidagi eng yaxshi futbolchisini aniqlash uchun muxlislar o‘rtasida so‘rov tashkil qildi. Avgust oyida bu yo‘nalishda Kevin Danso g‘olib, deb topilgan edi.

Bu galgi so‘rovnomada katta ustunlik bilan Abduqodir Husanov g‘olib chiqdi. So‘rovnomaga sentyabr oyida kamida bir marotaba maydonga tushgan barcha futbolchilar nomi qo‘yildi. Natijada eng ko‘p ovozni o‘zbekistonlik himoyachi to‘pladi.

So‘rovnomada qatnashgan muxlislarning aksariyati Abduqodir Husanovni oyning eng yaxshi o‘yinchisi sifatida e’tirof etdi. Keyingi o‘rinda jamoa darvozaboni va sardori Bris Samba qayd etilgan.

Yakuniy natija quyidagicha ko‘rinish oldi:

- Abduqodir Husanov: 75,73%
- Bris Samba: 19,24%
- Boshqa futbolchilar: 1 foizdan kam


LENSOIS.COM sayti Abduqodir Husanov tez orada qisqa muddatga klub bilan xayrlashib, O‘zbekiston terma jamoasi safida xalqaro rasmiy uchrashuvlarda ishtirok etishini ham ma’lum qildi.

Srechko Katanes iste’dodli o‘yinchini 2026 yilgi jahon chempionatining Osiyo saralash turniri doirasida bo‘ladigan uchrashuvlarga chaqirtirdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchinchi bosqichdagi ikkita o‘yinni Toshkentda o‘tkazadi. 10 oktyabr kuni guruhda yuz foizlik natija bilan peshqadamlik qilayotgan O‘zbekiston va Eron futbolchilari o‘zaro to‘qnash keladi.

15 oktyabrda esa, hamyurtlarimiz guruhda uchinchi o‘rinni egallab turgan Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoasini qabul qiladi.

Eslatib o‘tamiz, futbolchilarimiz dastlabki ikki turda Koreya Xalq Demokratik Respublikasi (1:0) va Qirg‘iz Respublikasi (3:2) terma jamoalarini mag‘lub etgandi. Abduqodir Husanov kichik jarohati tufayli sentyabrda bo‘lgan bu o‘yinlarda ishtirok etmagan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abduqodir Husanov uchun xushxabar!
ePN