06:39 / 07.10.2024
13

Fayzullayev super goli bilan “qora an’anaga” chek qo‘ydi va tarixni o‘zgartirib yubordi...

Fayzullayev super goli bilan “qora an’anaga” chek qo‘ydi va tarixni o‘zgartirib yubordi...
Rossiya Premer-ligasi 11-turining markaziy uchrashuvlaridan biri Moskva shahrida “Dinamo” va SSKA jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.

Bu mavsum har ikki jamoa yuqori o‘rinlar uchun kurashmoqda. Shu bois, “dinamochilar”ning uy stadioni hisoblangan “VTB-Arena”dagi bellashuv keskin va murosasiz kurashlar ostida o‘tdi.

Umuman olganda, ikki jamoaning o‘zaro uchrashuvlari tarixiga nazar solsak, ular poytaxt derbisida bungacha 201 marta to‘qnash kelgan. Bu bellashuvlardan 78 tasida “Dinamo” g‘olib chiqqan. SSKA 68 ta uchrashuvni o‘z foydasiga hal qilgan. Yana 55 ta bahsda kuchlar teng kelgan.

“Armiyachilar” mehmonda o‘ynaganiga qaramay, raqibdan ustunlik qildi. Dastlabki 15 daqiqa ichida SSKA futbolchilari ketma-ket uchta o‘tkir hujum uyushtirdi. Ana shunday qulay vaziyatlardan birida Abbosbek Fayzullayev “Dinamo” darvozasini ishg‘ol qila olmadi.

Biroq 17-daqiqaga kelib, o‘zbekistonlik legioner baribir o‘z maqsadiga yetdi. Jarima maydonchasi yaqinida to‘pni qabul qilib olgan 21 yoshli futbolchimiz uch nafar himoyachini chalg‘itib, darvozaga o‘ta aniq zarba yo‘lladi.

Bungacha bir necha marotaba jamoasini qutqargan Andrey Lunyov bu gal Abbosning zarbasi qarshisida ojiz qoldi – 0:1.

Ta’kidlash lozimki, Fayzullayev uchun Rossiya Premer-ligasida uzoq masofadan urilgan gollari sonini uchtaga yetkazib oldi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha hamyurtimiz Yuriy Gorshkov bilan birinchi o‘rinni bo‘lishib turibdi. O‘tgan mavsum boshidan beri “Zenit” futbolchisi ham jarima maydonchasi tashqarisidan uchta to‘p kiritgan.

Biz uchun muhim tomoni shundaki, mavsum boshida jismoniy tayyorgarlik bo‘yicha ayrim muammolarga duch kelgan va mutaxassislar tomonidan tanqidga uchragan Abbosbek Fayzullayev keyingi paytda yuqori sport formasini tiklab olganini namoyish qilmoqda.

Hamyurtimiz avvalgi turda “Axmat” jamoasi darvozasini ishg‘ol qilib, yangi mavsumdagi gollari sonini ochgandi. Mana endi legionerimiz ketma-ket ikkinchi uchrashuvda raqib darvozasiga yo‘l topa oldi.

“Dinamo” futbolchilari bellashuvning ikkinchi yarmida vaziyatni o‘nglashga erishdi. Ilgari SSKAda o‘ynab, keyinchalik “dinamochilar” safiga qo‘shilgan Karraskal sobiq jamoasi darvozasini ishg‘ol qilib, hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi.

SSKA bosh murabbiyi 74-daqiqaga kelib bir necha o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Fayzullayev ham zaxiraga olindi. Bu o‘z foydasini berdi. Zaxiradan maydonga tushgan Tamerlan Musayev o‘yin yakunlanishiga bir necha daqiqa qolganida “Dinamo” darvozasiga g‘alaba to‘pini kiritdi.

Qiziq ma’lumot: SSKA futbolchilari 2018 yili ochilgan “VTB-Arena”da umuman g‘alaba qozona olmay kelayotgan edi. “Armiyachilar” raqib maydonida o‘tkazilgan bellashuvlarda oxirgi marotaba 2015 yili 4 oktyabrida zafar quchgan. Keyingi o‘yinlarda “Dinamo” futbolchilari “armiyachilar”dan ochko olib kelayotgan edi.

Shunday qilib, Abbosbek o‘z goli bilan SSKAning to‘qqiz yillik “qora an’anasi”ga chek qo‘yishni boshlab berdi.

Endi Abbosbek Fayzullayev Toshkentga qaytadi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Srechko Katanes uni 2026 yilgi jahon chempionatining Osiyo saralash musobaqasi uchinchi bosqichi doirasida bo‘ladigan rasmiy uchrashuvlarga chaqirtirgan.

Ma’lumki, guruhda olti ochko bilan peshqadamlik qilayotgan futbolchilarimiz eng asosiy raqiblar – yuz foizlik natija qayd etib kelayotgan Eron va uchinchi o‘rinda bizni ta’qib qilayotgan Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoalariga qarshi muhim uchrashuv o‘tkazadi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 10 oktyabrda Eron va 15 oktyabrda Birlashgan Arab Amirliklari vakillari bilan uchrashadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Fayzullayev super goli bilan “qora an’anaga” chek qo‘ydi va tarixni o‘zgartirib yubordi...
ePN