109
Vadim Abramov: "Men hayronman, "Nasaf" 30 ta gol urib peshqadam, biz esa 30 ta gol urib 7-oʻrindamiz..."

Superliga 14-turining qoldirilgan oʻyini doirasidagi «Dinamo» - «Navbahor» (0:1) uchrashuvidan keyin Vadim Abramov matbuot anjumanida ishtirok etdi va oʻyin haqida quyidagi fikrlarni bildirdi.
- Afsuski, bugun notoʻgʻri oʻynadik. Hammasidan ham meni bezovta qilayotgani – ketma-ket ikkinchi uchrashuvimizda ham oʻyinimiz chiqmagani va biz vaziyat yaratishda oqsayapmiz. Oʻyinni golsiz yakunladik, anchadan buyon bunaqa boʻlmagandi. Bugun gol oʻtkazib yuborganimizda ham xotirjam edim, sababi avvalgi oʻyinlardagidek gol urib, vaziyatni oʻnglay olishimizga odatlanganman. Ammo gʻalati gol oʻtkazib yuborganimizdan keyin gol ura olmadik. Oʻylaymanki, biz notoʻgʻri oʻynadik va aytarli golli vaziyat yarata olmadik. Raqib esa butun jamoa boʻlib, himoyada oʻynadi va bunday oʻyinda gol urish qiyin edi. Birinchi boʻlimda juda yomon oʻynadik, ikkinchi boʻlimda esa bosim uyushtirib, hujum qildik, biroq hal qiluvchi uzatmalar boʻlmadi. Afsuski, yakunda magʻlub boʻldik. Stadionga kelgan muxlislardan uzr soʻragan boʻlardim, ularning ishonchini oqlay olmadik. Bugun har qanday holatda ham gʻalaba qozonishimiz talab etilardi, ammo oldindan gʻalaba qozonish haqida oʻylaganingda mana shunday boʻladi.
- Anvarjon Hojimirzaev 1-goldagi xatodan keyin muvozanatni biroz yoʻqotgandek boʻldi...
- Bu futbol. Bu xato emas, toʻp unga kelganda uzoqlashtirmoqchi edi. Bu vaziyatda himoyachilar ham diqqat e'tiborni yoʻqotishdi. Rikoshetdan keyin esa vaziyat gol bilan tugadi. Bu qanchalik unga ta'sir qilganini bilmayman, ammo u betobligi sababli bungacha bir qancha mashgʻulotlarni oʻtkazib yuborgan edi. Shu bois u ba'zida oʻyin ritmidan chiqib qolgandek boʻldi. Bugun uning ham, jamoaning ham kuni boʻlmadi.
- Ketma-ket ikkinchi oʻyinda ham Kojoning yoʻqligi ta'sir qildimi? Har holda Kojo boʻlganda Anvarga koʻproq hudud ochilar va vaziyatlar yaratilardi...
- Magʻlubiyatga uchraganda koʻp sabablarni keltirish mumkin. Albatta, Kojo singari hujumchiga himoyachilar koʻproq e'tibor berishadi va bu Anvarga ham erkinlik paydo qilgan boʻlishi mumkin. Ammo hozir gap Kojoning yoʻqligi yoki boshqa masalada emas – biz oxirgi oʻyinlarda notoʻgʻri oʻynayapmiz. Hamma gap shunda. Oʻyinimiz ustida ishlashimiz kerak.
- Bugun Superligada debyut qilgan Firdavs Abdurahmonov Andrey Pyatnitskiy qoʻl ostidagi oʻrinbosarlar jamoasida oʻzini koʻrsatishni boshlagandi. Yoshlar jamoasi va uning oʻyinidan qanchalik qoniqdingiz?
- Yoshlarimiz yuqori oʻrinlarda borayotgani quvonarli va ular safidan bugun Firdavsni sinab koʻrdik. U debyutida yomon harakat qilmadi, uning kelajagi bor. Eng asosiysi – Abdurahmonovning buyogʻiga oʻz ustida qanday ishlashi. Chunki Abdurahmonov va qolgan yoshlar – Samarqand futbolining kelajagi. Yosh oʻyinchilarni jalb etish ustida ishlaymiz.
- Kelasi turda turnir peshqadami «Nasaf»ga qarshi uchrashuv kutib turibdi...
- Ha, orada katta tanaffus yuzaga keladi va 28 oktyabr kungi «Nasaf» bilan oʻyinga tayyorgarlik koʻramiz. Meni hayron qoldiradigan jihati – «Nasaf» 30 ta gol urib peshqadam, biz esa 30 ta gol bilan 7-oʻrindamiz...
- Kecha oʻyin oldi mashgʻulotlarda futbolchilarning «Dinamo» stadionida shugʻullanishi masalasida muammo borligini koʻrdik...
- Ochigʻi, bu holat men uchun kulguli. Bizga bemalol tayyorgarlik koʻrish uchun maydonni berishmasa, «Dinamo» stadionidagi maydonni oʻzi kim uchun tayyorlashdi, buni bilmaymiz. Bunga hattoki izoh ham bera olmayman, chunki nega bunday boʻlayotganini bilmayman. Bu menga bogʻliq boʻlmagan masala, menimcha, buni rahbariyat bizga tushuntirishi kerak. Agar bu maydon biz uchun boʻlmasa, bizga aytishlari kerak, biz bu erda shugʻullanmasdik. Oʻyingacha boshqa maydonda shugʻullanamiz, oʻyinda esa bu erda toʻp suramiz, bu ham ta'sir qiladi.
- «Paxtakor»ga qarshi oʻyinda hakamlikdagi xatolarga qaramay, oʻsha oʻyinda VAR hakami boʻlib ishlagan hakam bugun yana «Dinamo» oʻyinida VAR hakami sifatida ishladi. Buni qanday tushunish mumkin, oʻsha vaziyatlar boʻyicha nima deya olasiz?
- «Paxtakor» bilan oʻyinda raqibning 1-goli inobatga olingan vaziyatda ularda bu texnika ishlamagani haqida eshitdim. Ammo menga telefondan koʻrsatishgandayoq, bu texnika yordamisiz ham “oʻyindan tashqari holat” ekani yaqqol koʻrinib turgandi. Televizor orqali shunchaki takrorini koʻrganda ham ofsayd ekani koʻrinib turgandi. VARda ular bir necha daqiqa bu vaziyatni koʻrib chiqishdi. Oʻsha vaziyatda biz Cheranning goli bekor qilinishiga shubha qilmagandik. Hakamlar esa afsuski, golni inobatga olishdi.
Keyin esa toʻp qoʻlga tekkan paytda darvozamizga belgilangan penalti haqida. Mana, Oʻzbekiston milliy jamoasining oʻyinida toʻp qoʻlga tekkanda, penalti bekor qilindi, bizning darvozamizga esa qoʻyildi.
Hakamlikni muhokama qilishni istamayman, ammo meni hakamlarning xatosidan ham koʻra, VARning ishi koʻproq oʻylantiradi. Mana, masalan, Oʻzbekiston Kubogi finalida, milliy jamoamiz oʻyinida xorijlik hakamlar ishlashdi. Koʻrdik, VARga bogʻliq vaziyatlarda juda tez qaror qabul qilishdi. Ochigʻi, bizda internet shunaqa ishlagani uchun VAR ham shunday ishlasa, kerak deb oʻylardim. Ammo xorijlik hakamlar ham Oʻzbekistonda turib VARda shunday ishlashdi. Bizning oʻyinlarda toʻp maydondan chiqib ketsa ham VAR qaysidir vaziyatni koʻrishi uchun kutamiz, tushunarsiz toʻxtalishlar yuzaga kelaveradi. Bu esa har qanday oʻyinning ritmiga ta'sir qiladi. VAR bizda vaziyatlarni nega uzoq koʻrib chiqishi men uchun tushunarsiz va meni oʻylantiradi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar