21:58 / 15.10.2024
55

Paulu Bentu: "Qizildan so‘ng hammasi o‘zgarib ketdi, penalti belgilanishiga sabab ko‘rmadim"

Paulu Bentu: "Qizildan so‘ng hammasi o‘zgarib ketdi, penalti belgilanishiga sabab ko‘rmadim"
"Jahon chempionati-2026" saralashi doirasidagi O‘zbekiston - BAA uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanining ilk qismida amirliklar bosh murabbiyi Paulu Bentu ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi:

- Avvalambor, hammaga xayrli kech! Yaxshi o‘yin bo‘ldi, raqobatbardosh jamoaga qarshi o‘yin o‘tkazdik. Bizda bir qancha vaziyatlar bor edi, ammo qizildan so‘ng hammasi o‘zgarib ketdi. Raqib penalti ishladi va bizdagi muammolar ikki barobar ko‘payib ketdi.

Umuman olganda, biz yaxshi harakat qildik. Tezkor qarshi hujumlar uyushtira oldik. Lekin omad kelmasa qiyin ekaniga guvoh bo‘ldik.

Bugun kuchli, sifatli va kreativ futbolchilarga ega jamoa bilan kuch sinashdik va bir kishi kam qolganimizdan keyin holatni nazoratimizdan chiqardik. O‘zbekiston xatodan unumli foydalandi va o‘zi uchun kerakli natijani qo‘lga kiritdi.

Uchrashuv ikki qismga bo‘lindi, qizilgacha va qizildan keyin. Bu katta ta’sir qildi. Biroq ob-havo haqida bunday demagan bo‘lardim. Yomg‘ir tabiiy jarayon va bunga biz yechim topa olmaymiz. Ko‘nikishga hamma majbur, raqib ham shunday sharoitda harakat qildi.

Chetlatish bo‘lgan holatni ko‘rmadim. Shunga qaramay, penalti belgilanishiga sabab ko‘rmadim. Hakamning o‘yin davomidagi qarorlaridan qoniqish hosil qilmadim. Nimaga u bahsli vaziyatlar yuzaga kelganda, VARga murojaat qilmadi? Yordamchi hakamlar ham bosh hakamga hech qanday yordam ko‘rsatishmadi. Umumiy qilib aytganda, men hakamlarning harakatiga yaxshi baho qo‘ymagan bo‘lardim.

Oldin ishlagan terma jamoalarim bilan hozirgisini solishtirib bo‘lmaydi. Janubiy Koreyada ham, Portugaliyada ham, umuman hamma yerda futbol o‘zgarmoqda. Shunday ekan, vaqt cho‘zishga men to‘la javobgar emasman. Bosh murabbiy sifatida taktik ishlanmalar, jamoaviy futbol va shu kabi jarayonlarni rivojlantirishga harakat qilyapmiz. Vaqt cho‘zish bo‘yicha ham ishlar olib boramiz, ammo bu eng muhimi emas!

Eron - Osiyodagi eng kuchli termalardan biri. Ular guruhda ham buni isbotlashmoqda. Shuningdek, Qatar ham yetarlicha qudratga ega. Bu jamoa ketma-ket ikki marta Osiyo chempioni bo‘ldi.

O‘zbekiston haqida ham iliq fikrlar ayta olaman. Ular 10 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi, Eronga qarshi ham yutqazmasdan kelyapti. Qolaversa, Osiyo kubogida ham munosib ishtirok etdi. Bu jamoalarni taqqoslashni esa juda qiyin, degan bo‘lardim. Ularning barchasi o‘z uslubi va salohiyatiga ega.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Paulu Bentu: "Qizildan so‘ng hammasi o‘zgarib ketdi, penalti belgilanishiga sabab ko‘rmadim"