00:30 / 19.10.2024
7

Abduqodir Husanov grand klublar “o‘ljasi”ga aylanyapti!

Abduqodir Husanov grand klublar “o‘ljasi”ga aylanyapti!
2023 yilning yozida Belarus oliy ligasi vakili “Energetik-BGU”dan Yevropaning “top-5” ligalari qatoriga kiruvchi Fransiya chempionatiga ko‘chib o‘tgan Abduqodir Husanov bir yildan keyin nom qozona boshladi.

Yangi mavsum boshidan “Lans” asosiy tarkibida o‘zini ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lgan 20 yoshli markaziy himoyachimiz bundan unumli foydalanib qoldi.

Fransiya chempionatidagi ishonchli va shiddatli o‘yinlari, “Lans” himoyasini mahorat bilan boshqarayotgani, yakkakurashlarda yengilmasligi, maydonni ko‘ra olish qobiliyati, xotirjamligi va jismoniy kuch-quvvati bilan Yevropadagi muxlisu mutaxassislar e’tiborini qozondi.

Keyingi paytda Fransiya matbuotida o‘zbek futbolchisi haqida tarqatilayotgan ma’lumotlar ko‘payib bormoqda. Ko‘pchilik yuqori salohiyatga ega bo‘lgan legionerimiz tez orada grand klublardan taklif olishini kutyapti. Fransiyada Husanovga mamlakatning eng qudratli klubi PSJ e’tibor qaratgani haqida xabarlar chiqdi.

Xususan, Fransiya futbolini yoritib kelayotgan le11hdf.fr portali ekspertlari ham Abduqodir Husanov Yevropaning katta klublari nishoniga aylanishiga ishonch bildiryapti.

- Abduqodir Husanov joriy mavsum boshidan muxlislarni hayratga solayotgan bo‘lsa, “Lans” klubi ichida jamoadoshlarining hurmat-e’tiborini qozonganiga ancha bo‘lgan. Jumladan, jamoa yetakchilaridan Anjelo Fuldjini o‘zbek futbolchisi haqida gap ketganida yosh jamoadoshini doim maqtab keladi.

Omad kutilmaganda kulib boqadi, deganlariday Kevin Dansoning “Roma”ga transferi amalga oshmaganiga sabab bo‘lgan salomatligi bilan bog‘liq muammoning kelib chiqishi Abduqodir Husanovning kashf etilishiga turtki bo‘ldi.

20 yoshli o‘zbek futbolchisi maydonda Kevin Dansoning himoya markazidagi o‘rnini egallab, o‘zining mukammal o‘yini bilan hammani hayratga sola boshladi.

Abduqodir Husanovning jamoadoshi Anjelo Fuldjini bilan suhbatda bu o‘yinchi o‘zbek legioneri haqida quyidagi fikrlarni bildirdi:

Husanov yosh bo‘lishiga qaramay, ancha mukammal o‘yin namoyish qilmoqda va har qanday holatda xotirjamligi bilan odamlarni hayratga solyapti. U barqaror, baquvvat, yakkakurashlarda yengilmaydigan, hujumni yaxshi boshlab beradigan o‘yinchi.

Abduqodir o‘zi uchun debyut hisoblangan o‘tgan mavsumda ham juda yaxshi o‘ynagan. O‘yin amaliyoti oshgani sari biz uchun uning yangi qirralari namoyon bo‘lmoqda. Uning kelajagi porloq. Hammamiz Husanovning “Lans”da uzoq muddat o‘ynashini istaymiz. Men uning yuksalib borayotganini ko‘ryapman va o‘zbek legionerida Yevropaning grand klublariga o‘tish salohiyati juda yuqori. Chunki u juda zo‘r futbolchi
”.

Ana shulardan kelib chiqib, Abduqodir Husanovning katta klublarga ketish ehtimoli yuqori. Lekin “Lans” jamoaga sezilarli darajada foyda keltirayotgan o‘yinchisi bilan uzoq hamkorlik qilishni rejalashtiryapti. Ko‘ramiz, yorqin o‘yinlari bilan grand klublarning “o‘ljasi”ga aylanib borayotgan Husanovning faoliyati qanday rivojlanarkin, - deb yozdi Romen Peshon.

Abduqodir Husanov professional faoliyati davomida “Energetik-BGU”da 37 ta uchrashuvda ishtirok etib, himoyadagi vazifalarini mukammal uddalashdan tashqari, o‘z hisobiga to‘rttadan gol va assist yozdirib qo‘ygan.

“Lans” tarkibida esa, hozircha 24 ta uchrashuvda qatnashdi. Legionerimiz bu bahslarning aksariyatida boshlang‘ich tarkibga kiritilib, ilk daqiqalardan o‘ynagan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Abduqodir Husanov grand klublar “o‘ljasi”ga aylanyapti!